Klounada

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Klounada (ing. clown, lot. colonus — qoʻpol odam) — sirk janri, ekssentrika, buffonada, grotesk, taqlid vositalari asosida komik obraz yaratish sanʼati. Uning eng yaxshi namunalari ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlib, hayotning salbiy tomonlarini fosh etadi. K.lik sanʼatiga harakatning soʻzga nisbatan ustunligi, voqeani boʻrttirib koʻrsatish, sirkning badiiy ifoda vositalaridan keng foydalanish kabi xususiyatlar xosdir. K. shartli ravishda uchta asosiy yoʻnalish (pantomima, soʻz va musiqali K.)ga boʻlinadi.

Sirkning alohida janri sifatida K. 19-asrning 1-choragida shakllangan. Birinchi mashhur kloun J. B. Oriol boʻlgan (Olimpiya teatr-sirki, 1834 i.). Yevropa va rus sirkida hajviy, kulgili, hazilmutoyibali koʻrinish va sahnalarni bajaruvchilar Beliy kloun va Rijiy kloun deb yuritilgan.

Oʻzbekistonga K. sanʼati 19-asrning oxirlarida kirib keldi. Gastrolga kelgan sirk jamoalarida tomoshalar klounlar tomonidan turli qiziqchilik, fars, pantomimalar bilan bezab koʻrsatilgan va ular mahalliy tomoshabinlarda katta qiziqish uygʻotgan. Anʼanaviy oʻzbek teatri aktyorlari — masharaboz va qiziqchilar sirk klounlari bilan ijodiy aloqa oʻrnatganligi natijasida ularning repertuari zamonaviy K.lar bilan boyidi va ular sirk maydoniga qadam qoʻydilar. Yusufjon qiziq Shakarjonov, Usmon qori Raimbekov, Orifjon Toshmatov, Zokirjon Ovulov, Ibrohim qiziq Teshaboyev va boshqa Ular rus klounlaridan koʻchirma qilmay, balki ijodiy yondashganlar. Natijada oʻnlab yaxshi tanilgan sirk K.lari asosida milliy K. namunalari ("Asalari", "Durbin", "Shayton", "Sartarosh", "Aka-uka", "Boks" va boshqalar) yaratilgan. Oʻzbek K.si asta-sekin dorbozlar sanʼatiga ham singib bordi.

20-asrda oʻzbek K.sining rivojlanishiga K. Zarifov, M. Zarifova, A. Yusupov, O. Toshkanboyev, E. Parpiyev, N. Nurmatov, G. Zastavnikov, X. Musin, F. Sharifboyev, N. Hakimovlar katta hissa qoʻshishgan. Ular masharaboz va qiziqchilik anʼanalarini zamonaviy sirk bilan uzviy bogʻlab, oʻzbek K.sining eng yaxshi namunalarini yaratishdi va ularni jahon sirki maydoniga olib chiqishdi. Hozirgi kunda K. janrida J. Toshkanboyev, U. Zarifov, F. Qoraboyev va boshqa samarali ijod qilmokdalar. Milliy K.lar xalq anʼanaviy sirk guruhlari dasturidan ham oʻrin olgan. Sirk masharabozlarining sahnaviy chiqish matni ham K. deb yuritiladi.

Poʻlat Toshkanboyev.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil