Klosh shlyapa

Klosh shlyapa yoki shunchaki klosh – ayollar uchun moʻljallangan, boshga yopishib turadigan qoʻngʻiroq shaklidagi shlyapa boʻlib, u 1908-yilda dizayner Caroline Reboux tomonidan ixtiro qilingan[1]. Ular ayniqsa 1922-yildan 1933-yilgacha boʻlgan davrda urfda boʻlgan[2]. Uning nomi fransuzcha cloche – „qoʻngʻiroq“ soʻzidan olingan[3] .
Klosh shlyapalar XX asr boshlarida oʻzining eng yuqori mashhurlik choʻqqisiga chiqqan. Lanvin va Molyneux kabi model uylari oʻz kiyimlarining dizayniga mutlaqo mos keladigan shlyapalar ishlab chiqarish uchun shlyapachilarga qoʻshilib, maxsus atelyelar ochgan. Bu shlyapalar hattoki soch turmaklariga ham taʼsir koʻrsatgan: Josephine Bakerning kalta, tekis qilib yotqizilgan Eton crop soch turmagi aynan klosh shlyapasining shaklini yanada chiroyli koʻrsatgani uchun ommalashgan[2].
Dizayni
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Klosh shlyapalar odatda boshga yaxshi oʻrnashishi uchun kigizdan tayyorlanardi. Ular koʻpincha peshonaga tushirib kiyishga moʻljallangan boʻlib, kiyuvchining koʻzlari shlyapa chetidan sal pastroqda koʻrinib turardi[2][3]. Keyinchalik yozgi klosh shlyapalar sizal yoki somondan ham ishlab chiqarila boshlandi. Bundan tashqari, kechki tadbirlar, kokteyl ziyofatlari, raqslar yoki hatto kelinlik libosi uchun munchoq yoki toʻrdan yasalgan kloshlar ham mavjud edi.
Oʻsha davrning Art Deko uslubi shlyapa qirrasi shakli yoki choklar uslubiga taʼsir koʻrsatgan. Koʻpincha soddaroq kiyilgan boʻlsa-da, yaxshi tikilgan shlyapaning shakli va kesimi diqqat markazida boʻlgan. Shu bilan birga, klosh shlyapa applikatsiyalar, kashta, qimmatbaho toshli toʻgʻnagʻichlar, sharflar, patli yelpigʻich shaklidagi bezaklar yoki shunga oʻxshash aksentlar bilan ham bezatilishi mumkin edi[4]. 1920-yillarning oxiriga kelib, klosh shlyapalarning chetlarini yuqoriga qayirib kiyish urfga aylandi. Bu uslub 1933 yoki 1934-yilgacha ommabop boʻlib qoldi[4]
Klosh shlyapaga taqilgan turli xil tasma uslublari koʻpincha egasi haqida maʼlum bir xabarni bildirgan. Eng mashhur xabarlar quyidagilar edi: Oʻq shaklidagi tasma – qiz yolgʻiz, lekin yuragini allaqachon kimdir zabt etganini bildirgan; Qattiq tugun – turmushga chiqqanini anglatgan; Dabdabali bant – egasi yolgʻiz va tanishishga ochiq ekanini koʻrsatgan.
Keyingi moda
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Klosh shlyapasi 1960-yillarda ikkinchi bor ommalashgan. 1980-yillarning oxirida esa Patrick Kelly yaratgan, chetiga tugmalar qadalgan yangi klosh modellari qisqa muddatga bo‘lsa-da, yana urfga kira boshladi.
Shuningdek, klosh shlyapalari ko‘plab dizaynerlarning 2007-yil kuzgi kolleksiyalarida ham o‘rin oldi; Elle jurnali o‘zining 2007-yil sentyabr sonida klosh shlyapasini “ayni paytdagi eng zamonaviy aksessuar” deb ta’rifladi[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Bowman, Karen. Corsets and codpieces : a history of outrageous fashion, from Roman times to the modern era, New York, NY, 2016. ISBN 978-1-5107-0857-0. OCLC 936533577.
- 1 2 3 4 Vargas, Whitney (September 2007). "Head Start". Elle: 190.
- 1 2 Calasibetta, Charlotte Mankey; Tortora, Phyllis. The Fairchild Dictionary of Fashion. New York: Fairchild Books, 2010 — 245-bet. ISBN 978-1-56367-973-5. Qaraldi: 2012-yil 19-iyun.
- 1 2 Thomas, Pauline (March 2004). "Hats and Hair Fashion". Hats and Hair Fashion.
| Vikiomborda „Klosh shlyapa“ mavzusi boʻyicha mediafayllar bor. |
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Photographs of cloche hats from the 1920s at the University of Houston Digital Library: Photo 1 (Wayback Machine saytida 2019-07-01 sanasida arxivlangan), Photo 2 (Wayback Machine saytida 2019-07-01 sanasida arxivlangan), Photo 3 (Wayback Machine saytida 2019-07-01 sanasida arxivlangan)