Klimaks

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Klimaks (yun. klimakter — zinapoya), klimakteriya davri — jinsiy faoliyatning susayib, keksaya borish davriga oʻtish pallasi. Ayollarda ham, erkaqlarda ham kuzatiladi. K.ning yuzaga kelishi jinsiy bezlar faoliyatining susayishi bilan birga organizmda vaqtincha roʻy beradigan oʻzgarishlarga asoslangan. K.da ayollarning hayz koʻrishi oʻzgaradi; gipotalamus — gipofiz — tuxumdonlarda funksional oʻzgarishlar vujudga keladi. Hayz qoni toʻxtab-toʻxtab keladi, baʼzan koʻp va uzoq ketib, nihoyat butunlay toʻxtaydi (menopauza). Yurak-tomir va nerv sistemasining funksiyasi boʻziladi: boshiga qon koʻp kelib, yuzi qizaradi, badani avval qizib, keyin junjiydi va sovuq ter bosadi, halloslaydi, qulogʻi shangʻillaydi; ayol salga qoʻzgʻaluvchan yoki maʼyus boʻladi, xotirasi pasayadi, sababsiz betoqat boʻladi, boshi ogʻriydi, uyqusi boʻziladi va h.k. Baʼzan yuragi oʻynaydi, yurak sohasida ogʻriq seziladi. K.da paydo boʻladigan alomatlar organizmning umumiy holatiga bogliq. Koʻpchilik ayollarda sezilarsiz oʻtishi, bu ularning umumiy ahvoliga taʼsir etmasligi ham mumkin. K. davri ogʻirroq kechganida qalqonsimon bez faoliyati (yurak oʻynashi, qoʻl qaltirashi) va moddalar almashinuvining buzilishi (ayol semirib yoki juda ozib ketadi), ruhiy iztirob, xayajonlanish, nevroz, psixopatiya va boshqa xrlatlar kuzatiladi.

K., odatda, 45—50 yoshlarda boshlanadi, u odatdagidan ertaroq (40 yoshgacha — erta K.) yoki kechroq (55 dan keyin — kechikkan K.) roʻy berishi ham mumkin. Bu mehnat, turmush tarzi, iqlim sharoiti hamda irsiy xususiyatlarga, shuningdek, ayolning yetuklik davri qanday oʻtganligiga (abort, tugʻish, jinsiy hayoti va boshqalar) bogʻliq. K. davrini oʻtkazayotgan ayol baʼzan boʻyida boʻlib tugʻishi ham mumkin. Erkaqlarda K. bir qadar kechroq— 60 yoshlarda kuzatiladi; neyro-gumoral oʻzgarishlar, yurak sohasida ogʻriq, xotira va ish qobiliyatining pasayishi, uyqusizlik va boshqa noxush alomatlar paydo boʻladi. K., erkak yo ayol organizmida kechishidan qatʼi nazar, unga xos dastlabki alomatlar paydo boʻlishi bilan vrachga uchrashish va tegishli maslahatlar olish zarur. D a v o s i : mehnat va dam olishni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, miriqib uxlash, suv muolajalari, badan tarbiya; dori-darmonlar — gormonlar, vitaminlar va boshqa buyuriladi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil