Keys korporeyshn

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

"KEYS KORPOREYSHN" - q.x. va qurilish texnikasini ishlab chikaruvchi jahondagi eng yirik kompaniyalardan biri. 1842 y. J.Keys tomonidan tashkil qilingan. Markaziy boshqaruv idorasi AQShning Viskonsin shtati Rasin sh.da, Yevropadagi idorasi Parijda. Kompaniya mahsulotlari dunyoning 150 dan ortiq mamlakatlariga sotiladi. "K. k." turli maqsadlarda qoʻllaniladigan don va ozuqa oʻrish, paxta terish, sholi oʻrish kombaynlari, 40 ot kuchidan 440 ot kuchigacha ega boʻlgan traktorlar, zichlab yigʻadigan texnikalarni, purkagichlar, lavlagi qaziydigan komplekslar, tuproqqa ishlov beradigan agregatlar, anʼanaviy va pnevmatik ekish agregatlarini, kultivatorlar, boshqa turdagi q.x. texnikalarini ishlab chiqaradi.

"K. k." AQShda 10 ta, Yevropada 3 ta, Braziliyada va Avstraliyada bittadan i.ch. korxonalariga ega. 1997 y.dan boshlab korporatsiyaga "Konkord" (AQSH), "Shtayer" (Avstriya), "Fermek va Jem Sprayrz" (Buyuk Britaniya), MDV va "Forshtrit" (Germaniya), "Feksikom" (Kanada) kabi yirik i.ch. korxonalari qoʻshildi. Kompaniya tarkibiga dizel motorlari ishlab chiqaradigan "Kammins" va yem-xashak ekinlari oʻradigan texnikalarni ishlab chiqaruvchi korxonalar ham kiradi. 2000 y.da korporatsiya tarkibida XXRda katta xajmdagi ogʻir yuklarni ortuvchi texnika ishlab chiqaradigan qoʻshma korxona tashkil qilindi. Ukrainada tashkil qilingan traktor ishlab chiqaradigan "DniproKeys" qoʻshma korxonasi hamda 2000 y.da Oʻzbekistonda tashkil qilingan, traktorlar va paxta terish mashinalari ishlab chiqaradigan "Oʻz Keysmash" qoʻshma korxonasi, Belorussiyaning Lida shahrida tashkil qilingan don oʻradigan kombaynlar ishlab chiqaradigan qoʻshma korxona ham "K. k." tarkibiga kiradi.

Kompaniya ehtiyot qismlar bilan taʼminlashning tezkor bajariladigan va samarali tizimiga ega. Yevropada 5 ta markazlashtirilgan ehtiyot qismlar bilan taʼminlaydigan omborxonalari mavjud boʻlib, buyurtmalarning 24 soat davomida bajarilishini taʼminlaydi.

1999 y.da "K. k." kompaniyasi bilan "Nyu Xolland" kompaniyasi qoʻshilib, "Keys-Nyu Xolland" ("CNH") nomida yangi korporatsiya tashkil qilindi. Bu korporatsiya qurilish texnikasi i.ch. hajmi boʻyicha jahonda 3-oʻrinni egallaydi.

"K. k." oʻzining q.x. va qurilish texnikasiga servis xizmat koʻrsatadigan tizim yaratgan. Oʻzbekistonda "K. k." traktorlar ishlab chiqaradigan quvvatlarni "Toshkent traktor zavodi" aksiyadorlik jamiyati b-n, paxta teradigan mashinalarni esa "Toshkent qishloq xoʻjaligi mashinalari zavodi" aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda tashkil qilgan.

Sadir Salimov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil