Ketubim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ketubim (ibr. „kitoblar, muqaddas matnlar“) - yahudiylik dinining muqaddas kitobi TaNaXning uchinchi qismi hisoblanadi. U Tehilim (Zabur), Mishle (Sulaymoning Masallari), Iyov (Ayyub), Shir ashirim (Nashidalar nashidasi), Kohelet (Voiz), Rut, Ester, Yeremyaning marsiyalari, Doniyol, Uzayr va Nehemya, Divre Ayamim (I va II Tarixlar) kabi qismlardan iborat bo‘lib, ularda ibodat vaqtida o‘qiladigan duolar, shuningdek, tarixiy voqealar bayon qilingan. Mil.avv. II asrga oid manbalarda Ketubim TaNaXning tarkibiga kiritilmaganini ko‘rish mumkin. Biroq, urfga ko‘ra, Ikkinchi Ibodatxonaning vayron bo‘lishiga qadar, Iom Kippur kechasi Iyov, Ezra va Nexemiya, Doniyol kabi qismlari o’qilgani, uning o‘sha vaqtdayoq muqaddas kitoblar qatoriga kiritilganiga dalolat qiladi. Iosif Flaviy Ketubim nomli alohida qismni zikr qilmagan. Ushbu ma’lumotlarga asosan aytish mumkinki, Ikkinchi Ibodatxona davri oxiriga qadar, Ketubim kitobi TaNaXning alohida qismi sifatida shakllantirilmagan bo‘lsada, biroq u muqaddas hisoblangan. Ketubim nomi dastlab Ikkinchi Ibodatxona vayron etilgach, Ketubim borasidagi din arboblari munozaralarida uchraydi. Ikki avlod almashinuvidan so‘ng, uning barcha qismlari muqaddasligi e’tirof etilib, o‘sha kunning o‘zidayoq TaNaXning qismi sifatida qo‘shildi. Umuman olganda, bularning barchasi uzoq davom etib kelayotgan tarixiy jarayonning rasmiyatchilik nuqtai nazaridan yakunlangani edi[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 250.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480 bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.