Cambridge maktabi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Kembrij maktabidan yoʻnaltirildi)

Kembrij maktabi - iqtisodiy nazariyada 19-asr oxirida paydo boʻlgan yoʻnalishlardan biri. Asoschisi Kembrij universiteti siyosiy iqtisod kafedrasiga 1885—1908 yillarda rahbarlik qilgan K.Marshall. K.m.ning asosiy qarashlari A.Marshallning "Ekonomiks prinsiplari" (1890) asarida bayon etilgan. K.m. gʻoyalari keyinchalik Marshallning izdoshlari A.S.Pigu va D.X.Robertson hamda neoklassik yoʻnalish namoyandalari tomonidan rivojlantirildi. K.m. siyosiy iqtisoddagi klassik maktab gʻoyalarini (erkin tadbirkorlik, xususiy mulk ustuvorligi, erkin narxlar, raqobat, davlatning iqtisodiyotga aralashmasligi va b.) rivojlantirdi va marjinalistik qarashlar bilan uygʻunlashtirdi. K.m. namoyandalari qarashlarida meʼyoriy naflilik nazariyasiga asoslanadigan narx nazariyasi, bozor muvozanati muhim oʻrinni egallaydi. Bozor munosabatlarining 3 asosiy negizi — narx, talab va taklif oʻzaro bogʻliklikda qarab chiqiladi. Klassik maktab vakillari asoslab bergan qiymatning mehnat nazariyasi qatʼiyan rad etiladi va mahsulotning nafliligi va noyobligi birinchi oʻringa qoʻyiladi. Narx eng yuqori naflilik asosida aniqlanadigan talab bahosi va chegaralangan harajatlar bilan aniqlanadigan taklif bahosi kesishgan nuqta tarzida sharhlanadi, A.Marshall oʻzining narx nazariyasiga asoslangan holda jamiyatda iqtisodiy tangliklar, inqirozlar, ishsizlik va qashshoqlik uchun obyektiv sabablari yoʻkligini isbotlashga harakat qiladi. A.Marshall asarlari iqtisodiy nazariyadagi mikroiqtisodiy yoʻnalishga asos soldi (qarang Mikroiqtisodiyot). Pigu iqtisodchilar orasida birinchi boʻlib, chegaralangan daromadlar nafi pasayib borishini asoslab, daromadlarni adolatli taqsimlash asosida "umumiy farogʻat davlati" konsepsiyasini olgʻa surdi. K.m. gʻoyalari 20-asrning 30-y.lariga qadar iqtisodiy nazariyada asosiy mavqeni egallab keldi (yana q. Neoklassik iqtisodiy nazariya).

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Marshall A., Prinsipi politicheskoy ekonomii, M., 1993.

Abduxalil Razzoqov, Sanobar Yoʻldosheva.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil