Kontent qismiga oʻtish

Kemal Reis

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Kemal Reis
Tavalludi 1451
Manisa, Onadoʻli eyaleti, Usmoniylar imperiyasi
Vafoti 1511
Oʻrta yer dengizi
Fuqaroligi Usmoniylar imperiyasi
Qoʻshin turlari Usmoniylar floti
Xizmatdagi yillari tax. 1470–1511
Unvoni admiral
Jang/urush Karpathos jangi
Zonchio jangi
Modon jangi
Usmoniylarning Balear orollariga yurishi

Kemal Reis (tax. 1451 —  1511) – Usmoniylar imperiyasi admirali. Mashhur Usmoniylar admirali Piri Reisning amakisi boʻlib, Piri Reis uning koʻplab muhim dengiz ekspeditsiyalarida hamroh boʻlgan.

Dastlabki faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kemal Reis taxminan 1451-yilda Usmoniylar imperiyasining Egey sohilidagi Manisa shahrida tugʻilgan[1]. Toʻliq ismi Ahmad Kemaliddin (turkcha: Ahmet Kemalettin). Uning kelib chiqishi borasida turli fikrlar mavjud, ayrim manbalarda uning turk oilasida tugʻilgani aytiladi[1][2][3], boshqa manbalarda esa uning aslida xristian dinidan islomga oʻtgan yunon oilasidan chiqqani qayd etiladi[4][5][6]. U Yevropada, ayniqsa, Italiya va Ispaniyada Camali yoki Camalicchio kabi nomlar bilan tanilgan[1].

Ispaniyaga uyushtirilgan dengiz ekspeditsiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Göke (1495) – Kemal Reisning flagmani
Kemal Reisning jiyani, Usmoniylar kartografi Piri Reis tomonidan chizilgan Granada xaritasi, XV asr.

Kemal Reis oʻz faoliyatini Eğriboz (hozirgi Euboea) sanjakbeyi (viloyat hokimi)ga tegishli boʻlgan dengiz floti qoʻmondoni sifatida boshlagan. Bu hudud oʻsha paytda Usmoniylar nazorati ostida boʻlgan. 1487-yilda Usmoniylar sultoni Boyazid II Kemal Reisga Ispaniyadagi oxirgi musulmon davlatlaridan biri boʻlgan Granada hukmdori amir Abu Abdullohning yerlarini himoya qilish vazifasini topshirdi. Kemal Reis Ispaniyaga suzib bordi va Málaga shahriga Usmoniylar qoʻshinlaridan iborat ekspeditsion kuchlarini joylashtirdi. U shaharni va atrofdagi qishloqlarni egallab, koʻpchilikni asir oldi. Shundan soʻng Kemal Reis Balear orollari va Korsikaga suzib borib, qirgʻoqdagi aholi punktlariga hujumlar uyushtirdi, keyin esa qoʻshinlarini Italiyaning Piza hududi yaqiniga joylashtirdi. Pizadan u yana Andalusiyaga yoʻl oldi va 1490–1492-yillar oraligʻida bir necha bor Ispaniyadan qochishni istagan musulmonlar va yahudiylarni Usmoniylar imperiyasi hududlariga olib oʻtdi. Usmoniylar imperiyasi ularni mamnuniyat bilan qabul qildi. Ispaniyalik musulmon va yahudiylar yangi gʻoyalar, usullar va hunarmandchilikni olib kirib, imperiyaning kuchayishiga katta hissa qoʻshgan. Kemal Reis Andalusiyaga qoʻshin tushirishda davom etdi va Elche, Almeria va Málaga portlarini oʻqqa tutish orqali ispanlarning oldinga harakatlanishiga toʻsqinliklik qilishga urindi.

Dengiz floti admirali

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1495-yilda sulton Boyazid II Kemal Reisni Usmoniylar dengiz flotining admirali lavozimiga tayinladi va uning uchun Göke deb nomlanuvchi ulkan flagman kema qurishni buyurdi. Bu kema 700 askarni tashiy olar, oʻsha davrning eng kuchli toʻplari bilan jihozlangan edi. Bunday turdagi ikki yirik galera (harbiy kema) qurildi, ularning biri Kemal Reisga, ikkinchisi esa Burak Reisga moʻljallangan edi. 1496-yil oktyabrida 5 ta galera, 5 ta fusta, 1 ta bark va kichikroq kemadan iborat flot bilan Kemal Reis Konstantinopoldan suzib chiqib, Taranto koʻrfaziga reyd uyushtirdi. 1497-yil yanvarida u Modonga qoʻshin tushirdi va keyinchalik Ioni dengizida bir necha Venetsiya kemalarni qoʻlga kiritib, ularni yuki bilan birga Euboeaga olib bordi. 1497-yil mart oyida sulton Boyazid II unga oʻsha davrda Rodos orolida joylashgan Avliyo Ioann ritsarlari tomonidan tez-tez uyushtiriladigan hujumlardan Makka va Madinadagi diniy fondlarga tegishli qimmatbaho mahsulotlarni tashuvchi kemalarni himoya qilish vazifasini topshirdi (1522-yilda Usmoniylar Rodosni zabt etdi va ritsarlarga orolni tinchgina tark etishga ruxsat berdi, ular bazalarini avval Sitsiliyaga, 1530-yilda esa Maltaga koʻchirgan). Kemal Reis 2 ta bark va 3 ta fustadan iborat kuch bilan Rodosga yoʻl oldi va Montestrato yaqinida ritsarlarga tegishli bir barkni qoʻlga oldi. Keyinchalik Stalimene (Lemnos)ga qoʻshin tushirib, u yerdan Tenedosga (Bozcaada) suzdi, soʻngra Konstantinopolga qaytdi. 1497-yil iyunida unga yana ikki yirik galera berildi. 1497-yil iyulida Chios orolini Egey dengizida venetsiyaliklarga va Avliyo Ioann ritsarlariga qarshi operatsiyalar uchun asosiy bazasiga aylantirdi. 1498-yil aprelida u 6 ta galera, katta toʻplar bilan qurollangan 12 ta fusta, 4 ta bark va 4 ta kichik tipdagi kemadan iborat flotga qoʻmondonlik qilib, Dardaneldan suzib chiqdi va Venetsiya nazoratidagi Egey orollariga yoʻl oldi. 1498-yil iyunida u Paros oroliga keldi, keyin esa Kritga suzib borib, Sitiaga qoʻshin tushirdi va shaharni hamda yaqin qishloqlarni egallab oldi. Shundan soʻng Kemal Reis razvedka kuchlarini yaqin atrofdagi venetsiyaliklarning qal’asi holatini oʻrganish uchun yubordi. 1498-yil iyulida u 5 ta galera, 6 ta fusta va 2 ta bark bilan Misrning Rozetta (Rashid) portiga suzdi. Bundan maqsad Makkaga borayotgan 300 musulmon hojilarini manziliga yetkazib qoʻyish edi. Hojilar bilan birga 400 000 oltin dukat ham bor edi. Bu mablagʻni sulton Boyazid II Mamluk sultoniga yuborgan edi. Abu Kabir porti yaqinida 2 kun davom etgan qattiq jangdan soʻng u 2 ta portugal kemasini (1 ta gallion va 1 ta bark) qoʻlga kiritdi. Keyin Santoriniga yoʻl olib, venetsiyaliklarning 1 barkini qoʻlga oldi, undan soʻng esa Egey dengizida yana bir portugal kemasini egallashga muvaffaq boʻldi.

Usmoniylar–Venetsiya urushlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Zonchio jangi

1499-yil yanvar oyida Kemal Reis Konstantinopolidan 10 ta galera va 4 turdagi boshqa kemalardan iborat kuch bilan suzib chiqdi. Kemal Reis 1499-yil iyulda Dovud posho tomonidan unga yuborilgan ulkan Usmoniy floti bilan uchrashdi. Kemal Reis bu flotning qoʻmondonligini oʻz zimmasiga olib, Venetsiyaga qarshi keng koʻlamli urush boshladi. Usmoniy flotida 67 ta galera, 20 ta galiot va taxminan 200 ta kichikroq kema mavjud edi. 1499-yil avgust oyida Kemal Reis Antonio Grimani qoʻmondonligi ostidagi Venetsiya flotini Zonchio jangida magʻlub etdi. Bu jang 1499-yilgi Sapienza jangi yoki Birinchi Lepanto jangi nomi bilan ham tanilgan boʻlib, 1499–1503-yillardagi Usmoniy-Venetsiya urushlarining bir qismi edi. Bu jang tarixda kemalarda toʻplardan foydalanilgan birinchi dengiz jangi boʻlib, 1499-yilning 12, 20, 22 va 25-avgust kunlarida 4 alohida kunda boʻlib oʻtgan. Kemal Reis katta Usmoniy floti bilan Ioni dengiziga yetib borgach, Cape Zonchio yaqinida Antonio Grimani qoʻmondonligi ostidagi 47 ta galera, 17 ta galiot va taxminan 100 ta kichikroq kemadan iborat Venetsiya flotiga duch keldi va ularga qarshi muhim gʻalabaga erishdi. Jang davomida Kemal Reis Venetsiyaning nufuzli Loredan oilasiga mansub Andrea Loredanning galerasini choʻktirishga muvaffaq boʻldi. Antonio Grimani 29-sentyabrda hibsga olindi, ammo keyinchalik ozod qilindi. 1521-yilda Venetsiya Dogesi lavozimiga Grimani nomzod boʻldi. Usmoniylar sultoni Boyazid II Kemal Reishga qoʻlga olingan 10 ta Venetsiya galerasini sovgʻa qildi, Kemal Reis esa flotini 1499-yilning oktyabr va dekabr oylarida Kefaliniya oroliga joylashtirdi.

1499-yil dekabrda venetsiyaliklar Lepantoni zabt etishga harakat qilishdi, ular Ioni dengizidagi yoʻqotilgan hududlarini qaytarib olishga umid qilgan edilar. Kemal Reis Kefaliniyadan suzib chiqib, Lepantoni venetsiyaliklardan qaytarib oldi. 1500-yil aprel va may oylarida Lepantoda qolib, kemalarini 15 000 nafar Usmoniy hunarmandlari tomonidan taʼmirlatdi. Shundan soʻng Kemal Reis u yerdan suzib chiqib, Korfu orolidagi venetsiyalik portlarni bombardimon qildi. 1500-yil avgustda Modon jangi yaʼni Ikkinchi Lepanto jangida yana venetsiyaliklarni magʻlub etdi. Kemal Reis Modon qal’asini dengizdan oʻqqa tutib, shaharni zabt etdi. Keyinchalik Koroni qirgʻogʻida venetsiyaliklar bilan jang qilib, shaharni qoʻlga kiritdi. Shundan soʻng Kemal Reis Sapientza (Sapienza) oroliga yoʻl olib, venetsiyaliklarning Lezza galerasini choʻktirdi. 1500-yil sentyabrda u Voiussaga hujum qildi, oktyabr oyida Lefkada orolidagi Santa Maria burnida yurishni yakunlab, noyabrda Istanbulga qaytdi. Modon jangidan keyin Usmoniylar floti va armiyasi Gretsiyadagi koʻpgina Venetsiya hududlarni egallab oldi. Modon va Koroni, yaʼni „Respublikaning ikki koʻzi“ qoʻldan boy berildi. Usmoniylarning otliq hujumlari Venetsiyaning Shimoliy Italiyadagi hududlariga yetib bordi va 1503-yilda Venetsiya yana sulh tuzishga va Usmoniylar egallagan hududlarda ularning hukmronligini tan olishga majbur boʻldi.

1501-yil yanvarida Kemal Reis Konstantinopoldan 36 ta galera va fustalardan iborat flot bilan suzib chiqdi. 1501-yil fevral oyida u Euboea oroliga va Nafplioga yetib keldi, mart oyida esa Korfuga yoʻl oldi. Shundan soʻng Tirren dengiziga suzib, Pianosa orolini egalladi, koʻpchilikni asir oldi. 1501-yil aprel oyida 60 ta kemadan iborat flot bilan Kemal Reis Nafplio va Monemvasiaga keldi. 1501-yil may oyida 8 ta galiot va 13 ta fusta bilan u Chios va Tinos orollaridagi Usmoniy qal’alarini mustahkamlash uchun qurilish materiallarini olib borayotgan yuk kemalarini kuzatib bordi. Bu yerda Kemal Reis mahalliy venetsiyalik qoʻmondon Girolamo Pisaniga tegishli galera, San Marco bayrogʻi hamda Basadonna nomli boshqa venetsiyalik galerasini qoʻlga kiritdi. Shundan soʻng Reis 5 ta galiot va 14 ta fusta bilan Zonchio portiga, Navarino yaqiniga suzdi. Usmoniy kuchlari quruqlikka tushib, 10 soatdan kam vaqt davomida qal’a hamda yaqin atrofdagi joylarni zabt etdi. Kemal Reis, shuningdek, 3 ta Venetsiya galerasi, karavella va Zonchio portidagi boshqa mahalliy kemalarni ham qoʻlga oldi. Bu kemalarni avval Modonga, keyin Aegina oroliga olib bordi, soʻngra Euboeaga tomon suzdi. Keyinchalik Kemal Reis venetsiyaliklardan Navarinoni ham tortib olib, Usmoniylar imperiyasi uchun yana bir muhim portni qoʻlga kiritdi. 1501-yil iyun oyida Kemal Reis Adriatika dengiziga suzib, Voiussa va Vloradagi Usmoniy mudofaa kuchlarini mustahkamladi.

Gʻarbiy Oʻrta yer dengizi va Atlantika okeanidagi amaliyotlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1501-yil iyul oyida Kemal Reis jiyani Piri Reis bilan birga Modon portidan 3 ta galera va 16 ta fusta bilan suzib chiqdi va Tirren dengiziga yoʻl oldi. U yerda Piombino hukmdori Jacopo d’Appiano va Cesare Borgia qoʻmondonligi ostidagi Papal kuchlari oʻrtasida kechayotgan urushdan foydalandi. Usmoniylar qoʻshinlari Pianosa oroliga tushib, hududni tezda egallab oldi va koʻplab kishilarni asir oldi. Shundan soʻng Kemal Reis Piombino kanali tomon yoʻl oldi, Usmoniylar bu hududdagi qirgʻoq aholisiga hujum qildi. 1501-yil avgust oyida Kemal Reis va uning qoʻshinlari Sardiniyaga tushib, bir nechta qirgʻoq punktlarini egalladi, mahalliy qoʻshinlar bilan kechgan janglar davomida taxminan 1050 nafar mahbusni qoʻlga oldi. Reis Sardiniya qirgʻogʻida genoaliklarning bir nechta harbiy kemalari bilan toʻqnashdi, Usmoniylar ularga toʻp oʻqi orqali shikast yetkazgach, shimolga qochdi. Shu oyda Kemal Reis Balear orollariga suzib, Majorcaga keldi va u yerda mahalliy ispan qoʻshinlariga qarshi shiddatli janglar boʻldi. Shundan soʻng Ispaniya qirgʻogʻiga suzib, Valensiya sohilida 7 ta ispan kemasini qoʻlga oldi. Ushbu kemalarda Reis gʻayrioddiy patli bosh kiyim va qora tosh topdi. Mahbuslardan biri unga bu narsalar Atlantika okeanidan gʻarbda yangi kashf etilgan yerlardan keltirilganini aytdi. Mahbus bu yerlarga 3 marta, Kolumb ismli odam qoʻmondonligi ostida borganini va u yerda Kolumb tomonidan chizilgan xarita mavjudligini aytdi. Ushbu xarita keyinchalik Kemal Reising jiyani, mashhur Usmoniy admirali Piri Reis tomonidan 1513-yilda chizilgan mashhur Piri Reis xaritasining asosiy manbalaridan biri boʻldi.

Valensiyani tark etgach, 1501-yil avgust oyida Kemal Reis janubga yoʻl olib, Andalusiya qirgʻoq mudofaasini bombardimon qildi, uning qoʻshinlari bir nechta port va shaharlarni bosib oldi. Keyinchalik Kemal Reis gʻarbga suzib, Gibraltar bo‘g‘ozidan oʻtib, Atlantika okeaniga chiqdi va u yerda Pireney yarim orolining Atlantika qirgʻoqlariga hujum qildi. Shundan soʻng u janubi gʻarbga suzib,Kanar orollariga keldi, bu yerda Usmoniylarga ispan qoʻshinlari oʻrtacha qarshilikka duch keldi. Piri Reis bu safarda jiyani bilan boshqa safarlardagi kabi mashhur xaritalar chizdi, ular keyinchalik mashhur Kitab-ı Bahriye (Navigatsiya kitobi)ning bir qismiga aylandi. Soʻngra Kemal Reis sharqqa yoʻl olib, Marokashdagi Atlantika qirgʻoqlarini kuzatdi, Gibraltar bo‘g‘ozi orqali yana Oʻrta yer dengiziga chiqdi, yoʻl davomida Marokash va Jazoirdagi bir nechta portlarni egalladi. Shundan soʻng sharqqa qarab suzib, Tripoli sohilida bir nechta Genoa kemalarini qoʻlga oldi. Shuningdek, Kemal Reis ushbu hududda bir nechta Venetsiya galerasiga qarshilik koʻrsatib, Konstantiniopolga qaytdi.

Soʻnggi yurishi va oʻlimi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1509-yilda Kemal Reis Tirren dengizi tomon suzib bordi va Ligurya sohillariga qoʻshinini joylashtirdi. Bir muddat Gʻarbiy Oʻrta yer dengizida harakatlarini davom ettirdi, soʻngra Gallipoliga qaytdi. 1510-yil sentyabrida u Gallipoliden 2 galera, 1 galliot va bir nechta fustadan iborat kuch bilan suzib chiqdi va Konstantinopoldan Iskandariyaga yoʻl olayotgan, kemasozlik uchun yogʻoch, eshkaklar toʻplami hamda Mamluklarga portugallarga qarshi Hind okeanidagi kurashlarida yordam berish maqsadida yuborilgan toʻplarni ortib ketayotgan Usmoniylarning yuk ortilgan flotiga qoʻshildi. Kemal Reis kuzatib borishi lozim boʻlgan ushbu yuk floti jami 40 kemadan iborat boʻlib, shundan 8 tasi galera edi.

1511-yil boshlarida Usmoniylarning yuk ortilgan flotining 27 ta kemasi Oʻrta yer dengizida kuchli boʻron oqibatida halokatga uchradi. Halokatga uchragan kemalar orasida Kemal Reisning kemasi ham bor edi va u oʻz odamlari bilan birga halok boʻldi. Venetsiyalik Marino Sanudo bergan maʼlumotlarga koʻra (I Diarii, jild 11, 663), uning oʻlimi haqidagi xabar Edirnega 1511-yil 8-noyabrda yetib kelgan.

  1. 1,0 1,1 1,2 Bono, Salvatore: Corsari nel Mediterraneo (Corsairs in the Mediterranean), Oscar Storia Mondadori. Perugia, 1993.
  2. Tokalak, İsmail Hâmi. Bizans-Osmanlı sentezi Bizans kültür ve kurumlarının Osmanlı üzerinde etkisi. Gülerboy Yayıncılık, 2006 — 213-bet. ISBN 9789944547208„Turkish: Izmir körfezi Karaburun kökenli bir Türk ailede doğmuş bulunan Kemal Reis [...] (English: Kemal Reis, who was born in a Turkish family of Karaburun origin in the Gulf of Izmir [...])“ 
  3. Ülkekul, Cevat. XVI. yüzyılın denizci bir bilim adamı yaşamı ve yapıtarıyla Piri Reis. Deniz Basımevi, 2007 — 25-bet. ISBN 9789944547208„Turkish: Kemal ve Piri Reislerin Karaman'dan Gelibolu'ya gelen bir Türk ailesinin [...] (English: Kemal and Piri Reiss belong to a Turkish family who came to Gallipoli from Karaman [...])“ 
  4. Grinevetsky, Sergei R.; Zonn, Igor S.; Zhiltsov, Sergei S.; Kosarev, Aleksey N.; Kostianoy, Andrey G.. The Black Sea Encyclopedia (en). Springer, 2014-09-30 — 610-bet. ISBN 978-3-642-55227-4. „Piri Reis – the real name of Haci Ahmed Muhiddin Piri (between 1465 to 1470—c. 1553). The Turkish Fleet commander, geographer... He is thought to be of the Greek origin.“ 
  5. Ülkekul, Cevat. XVI. yüzyılın denizci bir bilim adamı yaşamı ve yapıtarıyla Piri Reis (tr). Deniz Basımevi, 2007 — 23-bet. ISBN 978-975-409-442-8. „PİRİ MUJYI'L - DİN REIS, Osmanlı denizcisi (navigatör) ve kartograf, muhtemelen Hıristiyan (Yunan) kökenli idi.“ 
  6. Ιωάννου 'Αμαντος, Κωνσταντίνος. Σχέσεις Ελλήνων & Τούρκων: από του ενδεκάτου αιώνος μέχρι του 1821. οι πόλεμοι των τούρκων προς κατάληψιν των Ελληνικών χωρών 1071-1571 (el). Οργανισμός Εκδόσεως Σχολικών Βιβλίων, 1955 — 167-bet. „Ὑπὸ τὸν Βαρβαρόσσα ὑπηρέτησε καὶ ὁ ἑλληνικῆς πιθανῶς καταγωγῆς ναύαρχος Piri Reis...“