Katta besmel togʻlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Katta besmel togʻlari - Surxondaryo viloyatidagi togʻlar. Bobotogʻ tizmasining janubi-gʻarbiy yon bagʻrida, shimolida Argʻamchi va jan.da Fayzova jarliklari oraligʻida joylashgan. Eng baland joyi 1292 m. Asosiy balandliklar 900–1100 m. Kichik Besmel togʻining eng baland joyi 1196 m. Janubi-gʻarbdan shimoli-sharqqa yoʻnalgan, uz. 16 km. Bobotogʻ tizmasi bilan koʻndalangiga tutashadi. Katta besmel togʻlari boʻr davrining qumtosh, ohaktosh, alevrolit, konglomerat, gips jinslaridan, suvayirgʻich qismi paleogenning qattiq ohaktoshlaridan tuzilgan. Shuning uchun ham togʻlarning oʻq qismi tik koʻrinishga ega. Togʻlar kuchli parchalangan, quruq jar va soylar koʻp uchraydi. Etaklaridagi Argʻamchi va Fayzova jarliklari tubida kam debitli buloqlar mavjud. Suvning shoʻrligi har l.da 1—2 g . Suvayirgʻichning shimoli-sharqiy qismida kamroq parchalangan yalangliklar uchraydi. Oddiy va toʻq boʻz tuproqlar yengil mexanik tarkibli. Baʼzi joylarda tub jinslar usti ochilib qolganligi tufayli tuproq umuman yoʻq. Yon bagʻrining boʻz tuproqlar tarqalgan joylarida rang, qoʻngʻirbosh, qoʻziquloq, shuvoq, toʻq boʻz tuproqlarda shuvoq bilan birga pista oʻsadi. Yaylovlarning mahsuldorligi gektariga 2—3,5 s.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil