Kategoriyalar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kategoriyalar (yun. kategoria — mulohaza, fikr; belgi) (falsafada) — voqelikdagi hodisalar va bilishning muhim, umumiy xususiyat hamda munosabatlarini aks ettiruvchi eng umumiy va asosiy tushunchalar. Kategoriyalar bilish va ijtimoiy amaliyot tarixiy taraqqiyotining umumlashgan natijasi boʻlib vujudga kelgan.

kategoriya haqidagi ilk taʼlimot qadimgi Hindistonning ayrim falsafiy maktablarida uchraydi. Yunon faylasufi Platon dunyodagi narsa va hodisalar tushunchalarning ifodasi shaklida hosil boʻladi deb hisoblaydi. Aristotel oʻzining "Kategoriyalar" asarida K.ni obyektiv reallikning inʼikosi hamda eng yuksak umumlashmasi deb talqin qiladi. U 10 ta kategoriya toʻgʻrisida maʼlumot beradi: mohiyat, miqdor, sifat, munosabat, joy, vaqt, qoida, holat, xatti-harakat va qiynalish. Aristotelning K. haqidagi taʼlimoti Kindiy, Forobiy, Ibn Sino tomonidan rivojlantirildi. Oʻrta asr sxolastikasi 6 ta kategoriyani bir-biridan farq qiladi: borliq (mohiyat), sifat, miqdor, harakat (oʻzgarish), munosabat, egalik. Dekart va Lokk 3 ta kategoriyani koʻrsatib oʻtadi: substansiya, holat (modus) va munosabat. I. Kant K.ni aql-idrok shakllari deb tushunadi. K. haqida taʼlimotni ishlab chiqishda Gegelning ham xizmati katta. U K. haqidagi keng va murakkab taʼlimot tizimini yaratgan. K. haqidagi taʼlimotga E. Gartman, A. Shopengauer, F. Nitsshe asarlarida ham keng oʻrin berilgan. Har bir inson oʻz faoliyatida oʻzigacha shakllangan K. yordamida ish tutadi. K. metodologik va dunyoqarash mazmuniga ega boʻlib, insonga borliqning mohiyatini, insonning borliqda tutgan oʻrnini toʻgʻri bilib olishga yordam beradi.

Har qaysi fanning oʻz K. i boʻlib, shu fanning xususiyatlarini koʻrsatib turadi. Falsafiy K. fan K.idan farq qilib aniq fanlar rivoji natijalarini umumlashtirib, ilmiy bilishdagi metodologik va dunyoqarash ahamiyatiga ega boʻlgan tomonlarini taʼriflab beradi. Falsafaning turli K.i mavjud: borliq, ong , harakat, rivojlanish, fazo, vaqt, inʼikos, bilish, haqiqat, sababiyat, struktura, tizim, mazmun, shakl, imkoniyat, voqelik, hodisa, moxiyat va b.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil