Katalaun jangi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Katalaun jangi - Shim.Sharqiy Fransiyaning Trua sh. gʻarbidagi Katalaun yalangligida Gʻarbiy Rim imperiyasi va uning ittifoqchilari (franklar, vestgotlar, burgundlar, alanlar va b.) hamda Attila boshchiligidagi gunnlar va ularning ittifokchilari (ostgotlar, gepidlar va b.) oʻrtasida boʻlgan jang (451 i. iyun). Rim qoʻshiniga Aetsiy qoʻmondonlik qilgan. Attilani Galliyaga bostirib kirganidan xabar topgan Aetsiy tezda Alp togʻlaridan oshib oʻtib vestgotlar qiroli Teodorix I ni oʻziga qoʻshilishga koʻndirgan. Ularga Aetsiy xizmatiga kirgan boshqa qabilalar ham qoʻshilgan. K.j. tarixda "xalqlar jangi" nomi bilan mashhur boʻlgan. Erta tongda boshlangan bu dahshatli jangga faqat tun tufayli xotima berilgan. Qulay mavqega ega boʻlish uchun har ikki tomon jang maydonidagi tepalikni egallashga harakat qilgan. Uni avvalroq Aetsiy qoʻshini egallab olgan. Gʻarb tarixchilari fikriga zid oʻlaroq Attila jangda yengilmagan, u qad. turkiy xalqlar harbiy sanʼati — arobaturodan unumli foydalangan. Jangda Teodorix ogʻir jaro-hatlanib, otlar oyogʻi tagida toptab tashlangan. Jang shu qadar shiddatli boʻlganki, Aetsiy jang paytida adashib dushmanlar orasida qolgan va zoʻr-bazoʻr ittifoqchilari qarorgohidan panoh topgan. Ertasi kuni Teodorixning oʻgʻli Torismund Aetsiy taklifiga koʻra, otasi taxtini egallash uchun yurtiga joʻnagan. Attila esa Reyn ortiga qaytgan va yangi kuch bilan Shim. Italiyaga bostirib kirgan. Tarixchi Iordanning yozishicha, K. j. da 180 mingga yaqin kishi halok boʻlgan.

Adabiyot[tahrir]

  • Iordan, O proisxojdenii i deyaniyax gotov, M., 1960.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil