Kontent qismiga oʻtish

Karuṇā

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Dharma gʻildiragi
Buddizm
Madaniyati
Tarixi
Buddistlar
Maktablar
Ibodatxonalar
Matnlar
Portal

Karuṇā (sanskritcha: करुणा) odatda rahm-shafqat yoki mehribonlik deb tarjima qilinadi, baʼzan esa oʻziga nisbatan rahm yoki ruhiy sogʻinch maʼnolarida ham ishlatiladi[1]. Bu tushuncha hind diniy anʼanalarida – Hinduizm, Buddaviylik, Sikhizm va Jaynizmda muhim ruhiy tushunchadir.

Hinduizmda Karuṇā ruhiy kamolotga intiluvchi kishida rivojlantirilishi tavsiya etilgan asosiy fazilat va sifatlardan biridir. Koʻplab hindu xudolari rahm-shafqat timsoli sifatida tasvirlanadi[2]. Karuṇā koʻpincha boshqa fazilatlar – „Maitri“ (mehr-oqibat) va „Ahimsa“ (tinchlikparvarlik) bilan bogʻliq holda tushuniladi. Bu fazilatlar birgalikda adolatli va maʼnaviy jihatdan toʻkis hayot asosini tashkil etadi. Soʻzning ildizi sanskritcha kara, yaʼni „amalga oshirmoq“, „qilmoq“ degan maʼnoni bildiradi[3], bu esa uni gʻamginlik yoki achinish kabi passiv tuygʻular oʻrniga faol rahm-shafqat sifatida talqin qilish zarurligini anglatadi. Hindu mifologiyasida „Karuṇā“, yaʼni rahmdillik tushunchasi chuqur ildizga ega boʻlib, u koʻpincha rivoyatlar, obrazlar va taʼlimotlar orqali ifodalanadi[4]. Har bir hindu avatarining hikoyasi – bu ilohiy rahm-shafqatning amaliy ifodasidir. Masalan, Shiva Tandava Stotrada Shiva „Karunavataram“ deb taʼriflanadi, yaʼni rahm-shafqatni oʻzida mujassamlashtirgan koʻrinishda tasvirlanadi[5].

Karuṇā klassik hind sanʼati va adabiyotida asosiy toʻqqizta rasadan (estetik prinsiplar) biridir[6]. Karuṇā Rasa, yaʼni rahm-shafqat hissi, Ramayana eposida muhim mavzu hisoblanadi. Doston voqeasi donishmand Valmiki tomonidan bir juft krauncha (Sarus) qushlarining fojeaviy voqeasini kuzatishdan boshlanadi. Ovchi erkak qushni oʻldirgach, uning jufti azobda qoladi va Valmiki hayajonli ilhom bilan ovchini laʼnatlaydi – bu Ramayananing ilk shlokasiga (sheʼriy satr) aylanadi[7]. Bu holat – gʻam, achinish va rahm bilan toʻlib-toshgan – Ramayananing asosiy mavzulari boʻlmish muhabbat, ayriliq va yoʻqotishni boshlangʻich tarzda ifodalaydi. Keyinchalik Brahma xudo Valmikiga Ramayanani yozishni buyuradi va butun hikoyani vahiy orqali unga oshkor qiladi[8].

Yoga falsafasining asosiy manbasi boʻlgan Patanjalining Yoga-sutralari – yoga nazariyasi va amaliyotini tushuntiruvchi qisqa sanskrit hikmatlar toʻplami – Karuṇā tushunchasiga alohida eʼtibor qaratadi.

Undagi mashhur satr:

maitrī-karuṇā-muditopekṣaṇāṃ sukha-duḥkha-puṇyāpuṇya-viṣayāṇāṃ bhāvanātaś citta-prasādanam

bu hayotdagi ikki qirraliliklarga – baxt (Sukha) va iztirob (Duhkha), ezgulik (Punya) va gunoh (Apunya) holatlariga nisbatan Maitri (doʻstlik), Karuṇā (rahm-shafqat), Mudita (quvonch) va Upeksha (xotirjamlik) tuygʻularini rivojlantirish zarurligini taʼkidlaydi. Patanjaliga koʻra, bu amaliyot chitta-prasādanam – ong osoyishtaligiga erishishda muhim omildir va yoga falsafasining psixologik hamda axloqiy poydevorini tashkil qiladi.

Karuṇā barcha buddaviylik maktablarida muhim tushuncha hisoblanadi. Theravada buddistlari uchun karuṇā holatida yashash bu dunyoda baxtli hayot kechirish va ilohiy qayta tugʻilish (jannatga kirish) vositasidir. Mahāyāna buddistlari uchun esa karuṇā – Bodhisattva maqomiga erishish uchun zarur boʻlgan asosiy fazilatlardan biridir.

  1. Sanskritcha soʻz haqida batafsil: karuṇā Monier-Williams (1964, s. 255) asarida ushbu soʻz ot shaklida „achinish, rahm-shafqat“ deb izohlangan.
     • Pali tilidagi shakli uchun qarang: karuṇā (Archive.is saytida 2012-07-11 sanasida arxivlangan) – bu yerda ham „achinish, rahm-shafqat“ deb izohlangan, qarang: Rhys Davids & Stede (1921–25, s. 197).
     • Zamonaviy olimlar, tarjimonlar va sharhlovchilar ushbu soʻzni doimiy ravishda „rahm-shafqat“ deb tarjima qilganlar, „achinish“ emas. Buni quyidagi manbalarda koʻrish mumkin: Warder (2004, s. 95), Buddhaghosa (1999, ss. 306ff, Vsm. IX.77ff), Saddhatissa (2003, s. 3, SN 3.39), Thanissaro (1994, AN 3.65), Salzberg (1995, ss. 102ff), Gethin (1998, s. 187), hamda Bodhi (2000, s. 1325, SN 41.7).
  2. Karuna hinduismpedia [sayt ishlamaydi]
  3. „What is Karuna? - Definition from Yogapedia“.
  4. „Karuna, Karuṇā, Karuṇa: 44 definitions“ (21 iyun 2008).
  5. Bhandari, N. B. (2022). *The Outlook: Journal of English Studies*. Outlook, 13, 100–114.
  6. Schwartz, Susan L. *Rasa: Performing the divine in India*. Columbia University Press, 2004.
  7. Hammer, Niels (2009). "Why Sārus Cranes Epitomize Karuṇarasa in the Rāmāyaṇa". Journal of the Royal Asiatic Society 19 (2): 187–211. https://www.jstor.org/stable/27756045. 
  8. „Inseparable in virtue“ (20 avgust 2018).