Kalobodiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Kalobodiy (yoki al-Kaloboziy), Abu Bakr Muhammad ibn Ishoq alBuxoriy (?, Kalobod (Buxoro sh. yaqinida)—990 yoki 995, ?) — hanafiylik faqihi, tasavvuf boʻyicha arab tilida yozilgan eng mashhur ilk asarlardan birining muallifi. Buxoroda vafot etgan deb taxmin qilinadi. K. huquqni Muhammad ibn Fadladan oʻrgangan, sufiy shayx Qosim Farisga shogird tushgan. K. yozgan 5 yoki 6 asardan 2 tasi bizgacha yetib kelgan. Paygʻambarning baʼzi hadislariga axloqiy tusdagi qisqa sharh — "Maʼoniy al-axbor va at-taʼarruf li-mazhab axl at-tasavvuf" ("Xabarlar maʼnolari va tasavvuf ahli mazhabi bilan tanishish kitobi") islomning birinchi uch asrida tasavvufni oʻrganishda asosiy asarlardan biri boʻldi. Kitobni sufiylarning keyingi avlodlari yuqori baholagan. Xususan, shayx Yahyo as-Suxravardiy al-Maqtul (1191 y. v. e.) "agar "At-Taʼarruf" boʻlmaganda tasavvufdan bexabar qolardik" degan edi. Sufiylarning qarashlari va amaliyot usuli bayon etilgan bu asarda tasavvufning islom aqidalariga toʻgʻri kelmaydigan jihatlarini kelishtirishga urinish bor edi. Bunda tasavvuf butunlay "taqvodorlik" doirasidan chiqmaydi, u oʻzining dindorlik yoʻliga shubha tugʻdirmaydi deb tushuntirilgan. Asar 75 bobdan iborat, uni 3 qismga boʻlish mumkin: birinchi — tarixiy qismida sufiy va tasavvuf tushunchasiga taʼrif beriladi, mashhur mutasavviflar, ularning tasavvufii jasoratlari haqida hikoya va rivoyatlar; ikkinchi — diniy aqidalarni himoya qiluvchi qismida sufiylik aqoidi usuli, mutasavviflar taqvodorligining isboti; uchinchi — tasavvuf amaliyoti qismida tasavvuf yoʻlining asosiy bosqichlari, sufiylar oʻrtasida qabul qilingan baʼzi atamalar bayon qilinadi. K. asariga koʻplab sharhlar yozildi. Abu Ibrohim Ismoil ibn Muhammad al-Mustamliyning (1042 y. v. e.) fors tilida yozgan "Hyp al-muriydiy ("Muridlar nuri") asari shuhrat qozondi. (Muallif K. bilan vatandosh boʻlgan. Shu tufayli uni K.ga shogird boʻlishi kerak deb hisoblashadi). Bu sharh tasavvuf tarixiga oid manba sifatida deyarli original asardan qolishmaydi. Uning fihristlaridan biri 1081 y. 7 aprel da koʻchirilgan, bu bizgacha yetib kelgan qad. forsiy qoʻlyozmalardan ikkinchisi hisoblanadi. KALOM (arab. — ravon nutq, jumla, ran, soʻz) — islom ilohiyot ilmi. 8-asrda arab xalifaligida paydo boʻlgan. K. islom diniy taʼlimotini asoslashga harakat qiladi. K. tarafdorlari muta-kallimlar deyiladi. K. ilohiyotchilari faylasuf boʻlmaganlar. K. umaviylar hukmronligi davrida rasmiy hokimiyat bilan xorijiylar, shialar, murjiʼiylar va b. diniy-siyosiy guruxlar orasida yuz bergan ijtimoiy-siyosiy voqealar, bahslar jarayonida paydo boʻldi va taraqqiy qildi. Siyosiy kurash diniy shiorlar ostida olib borilganligi sababli Alloh adolati (adl), mavjud voqelik Alloh tarafidan yaratilganmi va uni oʻzgartirish mumkinmi (qadar), kimni imonli yoki gunohkor deb hisoblab, jazolash kerak (imon) va h.k. dolzarb masalalar edi. K.ga xos uslub va mavzular majmui birinchi bor al-Jaʼd ibn Dirham (742 y. qatl etilgan) ijodida kuzatiladi. U uslubda doimo aql-idrokka tayanish talabini ilgari surdi va faqat inson aqli ojizlik qilgan hollardagina Qurʼon oyatlarini ramziy-majoziy maʼnoda talqin qilish (taʼvil) mumkin, deb hisobladi. Jahm ibn Safvon (745 y. qatl etilgan), AbulHuzayl (841 yoki 849 y.v.e.) va Bishr ibn al-Muʼtamir (825 y. dan soʻng vafot etgan) uning gʻoyalarini rivojlantirdilar. Jahmning qarashlari muʼtaziliylarga yaqin boʻlgani bois, odatda, bu ikki taʼlimotni bir-biridan farqlamaydilar. K. tarixida muʼtaziliylar maktabi taʼlimoti muhim oʻrin egallaydi. Ularning taʼlimoti al-Maʼmun (827—848) davrida "davlat taʼlimoti" darajasiga koʻtarilgan boʻlsa, al-Mutavakkil (847—861) davrida taʼqibga uchradi.

Maʼlum vaqtgacha sunniylikda muʼtaziliylarning falsafiy dalillariga qarshi kurashda gʻoyaviy qurol rolini oʻynashi mumkin boʻlgan aqrid tizimi mavjud emas edi va faqat Qurʼon hamda xadislarga havola qilish bilan cheklanilardi. Aynan muʼtaziliylar oʻzlarining mantiqiy-falsafiy isbotlash uslublari bilan haqiqiy islom yoʻli shakllanishiga bevosita taʼsir koʻrsatdi. Bunday tizim 10-asr ga kelib ishlab chiqildi va uni K.ni aqidaparastlar bilan murosaga keltirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan al-Ashʼariy (873— 935) va alMoturidiy (870—944) amalga oshirdi. Natijada K.ning ashʼariya va moturidiylik maktabi vujudga keldi.

Al-Boqiloniy (1013 y.v.e.), al-Juvayniy (1085 y.v.e.), ash-Shahristoniy (1153 y.v.e.) va ar-Roziy (1209 y.v.e.)lar ashʼariya maktabining yirik namoyandalaridir. Ashʼariylar zohiran oʻzlarini muʼtaziliylarga qarshi qoʻyib, hanbaliylar bilan murosa qilishga intilgan boʻlsalarda, dunyoqarashi boʻyicha muʼtaziliylarning akl-idrokka asoslangan yoʻlini davom ettirdi. K.ning ikkinchi yirik maktabi — moturidiylik ham mustaqil tarzda taraqqiy etdi. Ashʼariya maktabi, asosan, shofiʼiylar (qarang Shofiʼishshk) orasida tarqalgan boʻlsa, moturidiylik hanafiylik doiralarida koʻplab tarafdorlarga ega boʻldi va, xususan, Movarounnahr musulmonlarining asosiy aqidasiga aylandi.

13-asr dan K. Ibn Sino asos solgan sharq falsafasi bilan yaqinlasha boshladi. Natijada, Ibn Xaldun taʼbiri bilan aytganda, K. va falsafani bir biridan ajratish mushkul boʻlib qoldi. Bu hol Baydoviy (1286 y.v.e.), Isfahoniy (1349 y.v.e.), Ijiy (1355 y.v.e.), Taftazoniy (1390 y.v.e.), Jurjoniy (1413 y.v.e.)lar ijodida oʻz ifodasini topdi. Yangi va eng yangi davrlarda Jamoliddin al-Afgʻoniy, Muhammad Abdu, Ahmad Amin, Hasan Hanafiy kabi musulmon islohotchilarining asarlarida K. va, ayniqsa, muʼtaziliylar gʻoyalari mafkuraviy asos vazifasinibajarib keldi.

Ahadjon Hasanov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil