Jom minorasi

Bu maqolani tinglang
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jom minorasi

Jom minorasi
Joylashuv Afgʻoniston
Turi Minora
Material Pishgan gʻisht
Balandligi 65 m.
Xarita
Koordinatalari 34°23′46.990″N 64°30′57.197″E / 34.39638611°N 64.51588806°E / 34.39638611; 64.51588806 G OKoordinatalari: 34°23′46.990″N 64°30′57.197″E / 34.39638611°N 64.51588806°E / 34.39638611; 64.51588806 G O

Jom minorasi (forscha: منار جام,) — Oʻrta asr minorasi. Afgʻonistonning Gʻur viloyatida, Jom va Tajan daryolari birlashgan vodiyda[1], Hirotdan 200 km (213 km[2]) sharqda[3], kichik Jom qishlogʻidan 10 km uzoqlikda joylashgan[4] tarixiy meʼmoriy yodgorlik. 1163—1203-yillar oraligʻida (taxminan 1194-yilda[2]), Gʻuriylar sulolasi vakili Gʻiyosiddin Muhammad hukmronligi davrida bunyod etilgan[3]. Minora Afgʻoniston madaniy merosi yodgorligidir. U shuningdek, Islom madaniyatining eng muhim yodgorliklaridan biri hisoblanadi[2].

Jom minorasi bizgacha yetib kelgan eng baland Oʻrta asr gʻishtin minoralaridan biri boʻlib, balandligi boʻyicha dunyoda 2-oʻrinda turadi (minora balandligi 65 m.; 1-oʻrinda — Qutb minor, balandligi 73 m.)[4]. U shuningdek, Gʻuriylar sulolasi hukmronligi davridan bizgacha yetib kelgan deyarli yagona tarixiy arxitektura yodgorligidir[2].

Meʼmoriy yodgorlik 2002-yilda UNESCO Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan[3]. Hozirgi kunda minora vayron boʻlish xavfi ostida[4].

Nomi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ushbu maqolani tinglang (5 daqiqa)
noicon
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 5-iyul, 2022-yil(2022-07-05) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.

Minora nomi uning ilk bora oʻrganilishi davrida, 1957-yilda, afgʻon tarixchisi Koxzad tomonidan berilgan boʻlib, bunga shu nomdagi mahalliy koʻchmanchi Jom qabilasining nomi tanlangan[2].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jom minorasi Afgʻonistonning chekka, hozirda olimlar kamdan-kam hollarda borishga tavakkal qiladigan, hududida joylashgan boʻlib, Islom madaniyatining eng muhim yodgorliklaridan biri hisoblanadi. Tik qiyaliklari boʻlgan baland togʻlar bosqinchi qoʻshinlar yoʻlida tabiiy toʻsiq boʻlib kelganligi, minoraning Oʻrta asrdan to bizgacha yetib kelishining asosiy sababi boʻlgan deya taʼkidlanadi. Minora oʻzining balandligi tufayli Dehlidagi Qutb minordan keyin pishgan gʻishtdan qurilgan minoralar orasida ikkinchi oʻrinda turadi[2].

Yodgorlik Gʻur viloyatida, togʻ darasida, kichik Jom daryosi undan katta boʻlgan Tajan daryosiga quyilish joyida joylashgan. Minora qurilish davri sunniy sulola boʻlgan Gʻuriylar hukmronligi davriga toʻgʻri keladi. Obidaning izlanishigacha boʻlgan davrdan juda kam maʼlumotlar bizgacha yetib kelgan[2].

Har yili bahor va yoz oylarida minorani har tomondan daryo qirgʻogʻidan toshib chiquvchi suv oqimlari yuvib turadi. Shu sababga koʻra, u hozirda vayron boʻlish xavfi ostida qolgan. Minora joylashgan hudud IShID va toliblar tomonidan nazorat qilinishi sababli, u eng erishib boʻlmaydigan yodgorlik hisoblanadi. Shu sababdan yodgorlikning holati sunʼiy yoʻldosh yordamida kuzatib boriladi[4].

Aytilishicha, hatto Afgʻonistonnig oʻzida minora toʻgʻrisida kam sonli odamlar bilishgan. Chet elliklar birinchi bor u haqida 1886-yilda, ingliz polkovnigi Thomas Holdich boshchiligidagi rus-afg'on chegara komissiyasi tomonidan aniqlanganidan soʻng bilishadi. 1943-yilda Hirot hokimi Abdullaxon Malikyar minoraning dastlabki fotosuratlarini oladi va bu haqda Afgʻoniston tarixiy jamiyatiga xabar beradi[2]. 1944-yildagina, birinchi marta ushbu yodgorlik toʻgʻrisida Afgʻoniston tarix jamiyatining Anis jurnalida kichik maqola bosib chiqariladi[4].

Ilmiy tadqiqotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Minora ilk marotaba 1957-yilda afgʻon tarixchisi Koxzad tomonidan oʻrganildi. Olim tomonidan nafaqat minoraning birinchi ilmiy tavsifi, balki uning hozirgacha maʼlum nomi ham berildi[2]. Shu yilning oʻzida yodgorlik birinchi marta chet elliklar — fransuz olimlari tomonidan oʻrganildi[4].

2001-yildan buyon ilmiy olamning faqat bir nechta vakillarigina minoragacha borishga erisha olishdi[4]. 2002-yilda, Jom minorasi va uning yaqin atrofidagi qadimiy shaharning hali oʻrganilmagan xarobalari bilan birgalikda UNESCO Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritildi[3].

2018-yilning sentabrida Jahon merosi fondining, UNESCO Favqulodda meros jamg'armasining xalqaro yordami hamda Afgʻoniston hukumatining koʻmagida ushbu yodgorlikka 4 kunlik maxsus ekspeditsiya tashkil etildi. Unda olimlar, dronlar yordamida, birinchi marta minoraning ichki va tashqi qismlari hamda uning atrofida toʻliq izlanishlar o'tkazishdi[3][4].

Meʼmorchiligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Minora balandligi 65 metr boʻlsada, uning gumbazi buzilgan holatidaligidan, u ilgari bundanda balandroq boʻlganligiga asos bor deya taʼkidlanadi. Minora poydevori sakkiz burchakli shaklga ega[2]. Asosi diametri 14 metr[2]. Unga kufiy yozuvlar va oʻz davriga xos ornamentlar bilan bezak berilgan[1][4].

Afsonalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mahalliy aholinig soʻzlari boʻyicha, eski afsonaga koʻra, Jom minorasi bir paytlar yer osti yoʻli orqali Tajan daryosining narigi tomonida joylashgan masjid va "saroy" bilan bogʻlangan boʻlgan. Yaqin davrgacha minoraga kirish joyi boʻlmaganligi afsonaning haqiqat ekanligini bevosita tasdiqlovchi asos boʻlishi mumkin deya taʼkidlanadi[2].

Taxminlarga koʻra, minora — minora emas, balkim oʻziga xos, Qadimgi Rim yodgorliklarining arka ustunlariga oʻxshash ustundir (bashnya)[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]