John Tzimiskesning Suriyaga harbiy yurishlari
| John Tzimiskesning Suriyaga yurishlari | |||||||
|---|---|---|---|---|---|---|---|
| MadridSkylitzesFol168r.jpg John Tzimiskes Rus elchilarini qabul qilmoqda. Miniatyura Madrid Skylitzesdan olingan. | |||||||
| |||||||
| Raqiblar | |||||||
| Fotimiylar xalifaligi Buvayhiylar
|
Vizantiya imperiyasi | ||||||
| Qoʻmondonlar | |||||||
| Al-Muʼizz Abu Tagʻlib Alptakin Kulayb Izz ud-Davla Sabuktegin |
John I Tzimiskes | ||||||
John I Tzimiskesning Suriya yurishlari Vizantiya imperatori John I Tzimiskes Levant hududida Fotimiylar xalifaligi, shuningdek Suriyada Abbosiylar xalifaligiga qarshi olib borgan bir qator harbiy yurishlardan iborat.Halabdagi Hamdoniylar sulolasining zaiflashuvi va qulashidan soʻng Yaqin Sharqning katta qismi Vizantiya uchun ochiq qoldi. Nikephoros II Phokasning oʻldirilishidan keyin taxtga chiqqan yangi imperator John Tzimiskes Yaqin Sharq va uning muhim shaharlari Antioxiya, Halab va Qaysariya ustidan nazorat uchun yangi kuchayib kelayotgan Fotimiylar sulolasi bilan toʻqnashuvga kirishdi. Shu bilan birga, Yuqori Mesopotamiyaning (Jazira) ayrim hududlari ustidan nazorat masalasida Mosuldagi Hamdoniylar amiri bilan ham jang olib bordi. Ushbu amir de yure Bagʻdoddagi Abbosiy xalifa va uning Buvayhiy hukmdorlari oliy hokimiyatini tan olgan edi.
Kelib chiqishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]X asr oʻrtalarida Kichik Osiyodagi vizantiyaliklar bilan Misrdagi fotimiylar oʻrtasidagi munosabatlar keskin yomonlashdi. Halabdagi Hamdoniylar sulolasi parchalanganidan soʻng ikki imperiya oʻrtasidagi keskinlik tobora kuchayib borib, oxir-oqibat toʻqnashuv muqarrar boʻlib qoldi. Biroq, vizantiyaliklar faqat Kilikiyaning bosib olinishidan keyin Levant va Suriya tomon kengayish bilangina cheklanib qolmay, balki sharqqa, Armaniston va Yuqori Mesopotamiyaga, ya’ni hozirgi Iroq hududlariga ham yurish qilishni koʻzlagan edilar. Bu orqali ular mahalliy nasroniy xalqlar bilan birlashish hamda de facto Buvayhiylar oliy hokimiyati ostida boʻlgan Abbosiy xalifaning siyosiy qudratini zaiflashtirishni maqsad qilgan edilar. 969-yil oxirlarida Vizantiya qoʻshinining nufuzli sarkardalaridan biri boʻlgan John Tzimiskes amaldagi imperator Nikephoros II Phokasni oʻldirib, taxtni egalladi.
Biroq, Tzimiskes hukmronligi deyarli darhol xavf ostida qoldi. 970-yil boshlarida Kiyev Rusi qoʻshinlaridan iborat yirik ittifoq Bolqon togʻlarini kesib oʻtib, Vizantiya hududiga bostirib kirdi. Natijada Tzimiskes sharqqa qarshi har qanday yurishni vaqtincha toʻxtatishga majbur boʻldi. Ayni paytda sharqda Fotimiylar Suriyadagi Ixshidiylar qarshiligiga barham berib, oʻz hokimiyatini Qohirada mustahkamladi[1]. Tzimiskes bostirib kirgan rus qoʻshinlarini Arkadiopol jangida tezda tor-mor etib, 971-yilda Yunoniston hamda Bolgariyaning katta qismini egallagach, sharqqa yurish uchun yoʻl ochildi. Tzimiskes Bolgariyada jang olib borayotgan bir paytda Fotimiylar Vizantiya imperiyasi hududiga bostirib kirib, olti yil avval Hamdoniylardan tortib olingan Antioxiya shahrini qamal qildi. Biroq, 971-yil bahoriga kelib qarmatlarning Fotimiylar Suriyasiga bostirib kirishi Misr qoʻshinlarini chekinishga majbur etdi[2]. Fotimiylarning Antioxiyani egallay olmagani Vizantiyaning sharqiy chegaralari barqarorligini koʻrsatdi. 971-yil oxirida Tzimiskes sharqqa navbatdagi harbiy yurishni rejalashtira boshladi.
Tzimiskes 972-yil bahorida Konstantinopolni tark etib, shu yilning oktyabr oyida Furot daryosidan oʻtdi. Tez orada Nisibis shahrini qamal qilib, uni egalladi hamda atrofdagi hududlarga koʻplab bosqinlar uyushtirish uchun tayanch nuqta sifatida foydalandi. Mosuldagi Hamdoniylar amiri Abu Tagʻlib tez orada vizantiyaliklarga har yili xiroj toʻlashga rozi boʻldi. Shundan soʻng Tzimiskes Martiropolis tomon yoʻl oldi. Biroq, harbiy mavsum yakuniga yetguniga qadar shaharni egallay olmadi[3].
Sharq domestigi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Harbiy mavsum yakunlangach, Tzimiskes Sharq domestigi lavozimiga Mleh ismli armanni tayinladi. Uning vazifasi chegarada barqarorlikni saqlash edi. 972—973-yil qishida Mleh Abu Tagʻlibga bosim oʻtkazish maqsadida Vizantiya askarlaridan iborat kuchli qoʻshin toʻplab, chegara shahri Amida tomon yoʻl oldi. Bunga javoban Tagʻlib bosqinchilarga qarshi chiqish uchun ukasi Hibatilloh boshchiligida qoʻshin yubordi. Mleh qoʻshini qisqa fursatda tor-mor etildi. Omon qolganlarning oz qismi Tagʻlib asirligiga tushdi. Asirlar orasida Mleh ham boʻlib, u 974-yil martida asirlikda vafot etdi[3]. Mlehning magʻlubiyati muhim oqibatlarga olib keldi. Jumladan, Vizantiyaning armanlar bilan ehtimoliy ittifoqni mustahkamlash borasidagi mavqeini zaiflashtirdi hamda Mosuldan undirilayotgan yillik xirojdan ayrilishga sabab boʻldi. Shuningdek, bu magʻlubiyat Tagʻlib va Bagʻdoddagi xalifa Al-Mutiy oʻrtasida tahdidga qanday javob berish masalasida kelishmovchilikni yuzaga keltirdi. Oradan koʻp oʻtmay, armanlar yigʻilish oʻtkazib, Vizantiya elchilari bilan muzokaralardan soʻng, 974-yil bahorida Suriya va Mesopotamiyaga qoʻshma yurishda vizantiyaliklarga yordam berish haqida kelishuvga erishdi. 974-yil bahorida Tzimiskes sharqqa yurish boshlab, va Taron poytaxti – Muş shahrida arman qoʻshinlari bilan qoʻshildi.
Tzimiskes bosqini
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tzimiskes Tagʻlib yerlaridan tezkorlik bilan oʻtib, Amida va Martiropolisdan navbatma-navbat xiroj qabul qildi. Koʻp oʻtmay oʻsha paytda tashlab ketilgan Nisibisdan ham oʻtdi[4]. Tzimiskes oxir-oqibat Mosulga, ehtimol hatto Bagʻdodning oʻziga ham yurish qilishni koʻzlagan edi. Bu orqali Mesopotamiyadagi arablar qudratini sindirishni, shuningdek ichki siyosiy legitimligini mustahkamlashni maqsad qilgan[4]. Tez orada Jazira hududiga kirib bordi. Biroq oʻsha yil oxirlarida Tzimiskes serhosil yarimoy hududidan xavotirli xabarlar oldi. Fotimiylar Suriyada qarmatlarni tor-mor etib, endi Levant boʻylab Antioxiya tomon yurish boshlagan, Tripoli va Bayrutni allaqachon egallab boʻlgan edi. Tzimiskes Antioxiya va Kilikiyaga tahdid Bagʻdod ustidan nazorat oʻrnatishdan olinadigan har qanday foydadan ancha ustun ekanini anglab, tez orada gʻarbga yoʻl oldi hamda qoʻshinini ikki qismga boʻldi. Arman qoʻshinlari uylariga qaytarildi, vizantiyaliklar esa Antioxiyadagi garnizonni toʻldirish va mustahkamlash bilan shugʻullandi. Shundan soʻng Tzimiskes Konstantinopolga qaytib, gʻalaba tantanasini nishonladi va 975-yil bahorida yana sharqqa yoʻl oldi[4].
Tzimiskes yana bir bor Antioxiyadan yoʻlga chiqib, Osi daryosi boʻylab janubga yurdi va qisqa fursatda Emesani egalladi. Shundan soʻng Geliopolisni qamal qilib, Damashq tomon yurdi. Damashq hukmdori Bagʻdoddan qochib kelgan hamda Fotimiylar oliy hokimiyatini tan olgan Amir Aftakin boʻlib, u oʻz yerlarini Tzimiskesga topshirdi. Keyin Tzimiskes janubga qarab yurishni davom ettirib, Galileya, Tiberiya va Nosirani egalladi. Tez orada Tavor togʻidagi Tzimiskes lageriga Acredan elchilar kelib, shaharga vizantiyaliklar garnizonini joylashtirishga rozilik bildirdi. Shuningdek, Ramla va Quddusdan ham elchilar kelib, Tzimiskesning ushbu shaharlarni egallashini istashlarini maʼlum qildi[5]. Koʻp oʻtmay Qaysariyani ham egalladi va bu yurishdagi eng chekka nuqta boʻlib qoldi.
Bu bosqichda Tzimiskes Levant qirgʻoqlarida Fotimiylarning uzluksiz hukmronligi masalasidan jiddiy tashvishda boʻlib, Falastinga yanada chuqurroq yurish qilishdan tiyildi. Tripoli, Sidon va Byblos kabi muhim shaharlar hanuz Misr qoʻlida edi. Ushbu shaharlar garnizonlarining Vizantiya taʼminot yoʻllari yaxlitligiga ochiq tahdidi Tzimiskesni keyingi harakatlardan avval bu hududlarni boʻysundirishga majbur qildi. Shu bois qirgʻoq tomon yurib, Berytusga kirdi. Shahar taslim boʻldi. Shundan soʻng, Tzimiskes shimolga yoʻl olib, Byblosni talon-toroj qildi va Tripoli tomon harakatlandi. Tripolida yon-atrofni taladi, biroq shaharni egallay olmadi[6]. U yerdan Tzimiskes deyarli qarshiliksiz shimolga yurib, Balanea, Gabala hamda boshqa koʻplab shaharlarni egalladi. Natijada, Tripolidan tashqari Antioxiyadan Qaysariyagacha boʻlgan butun qirgʻoqboʻyi hududi Tzimiskes nazoratiga oʻtdi. Soʻngra ichki hududlarga yurib, qarshilikning soʻnggi oʻchoqlari, jumladan Lysias va Sahyun shaharlarini ham bartaraf etdi. Bosib olingan shaharlarga hokimlar va garnizonlar tayinlandi. Boshqaruv tizimi yoʻlga qoʻyilgach, Tzimiskes 975-yil sentyabrida Antioxiyaga qaytdi[7].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Beeson (2007), s. 24, 26-30.
- ↑ Romane (2015), s. 70.
- ↑ 3,0 3,1 Romane (2015), s. 71.
- ↑ 4,0 4,1 4,2 Romane (2015), s. 72.
- ↑ Romane (2015), s. 73.
- ↑ Treadgold (1997), ss. 511–512.
- ↑ Romane (2015), s. 74.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Beeson, Irene (September–October 1969). "Cairo, a Millennial". Saudi Aramco World. http://www.saudiaramcoworld.com/issue/196905/cairo-a.millennial.htm. Qaraldi: 9 August 2007.John Tzimiskesning Suriyaga harbiy yurishlari]]
- Romane, Julian. Byzantium Triumphant. Pen and Sword Books, 2015. ISBN 978-1473845701.
- Treadgold, Warren. A History of the Byzantine State and Society. Stanford: Stanford University Press, 1997. ISBN 0804726302.
- Urushlar
- 970-yillar ziddiyatlari
- Arab—Vizantiya urushlari
- 10-asr Vizantiya imperiyasida
- Suriya Fotimiylar xalifaligi davrida
- Vizantiya imperiyasi ishtirok etgan harbiy yurishlar
- Vizantiya—Fotimiylar urushlari
- Vizantiya—Fotimiylar urushlari janglari
- Fotimiylar xalifaligi ishtirok etgan janglar
- Buvayhiylar sulolasi ishtirok etgan janglar