Kontent qismiga oʻtish

Joʻrabek

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Jo‘rabekdan yoʻnaltirildi)
Joʻrabek

Rus ofitseri mundiridagi Joʻrabek.
V.P. Cherevanskiyning „Dve volni“ kitobidagi portret. 1898 y.
Tavalludi
Joʻrabek dodxoh Qalandar oʻgʻli

1840-yil
Vafoti 25-yanvar 1906-yil
Toshkent
Fuqaroligi
Kasbi harbiy arbob
Dini Islom
Unvoni General
Bolalari Olloquli[1]
Otasi Qalandar
1872 yilgi fotosurat

Joʻrabek (toʻliq ismi: Joʻrabek dodxoh Qalandar oʻgʻli; taxminan 1840-yil25-yanvar 1906-yil, Toshkent) — Buxoro amirligi tarkibidagi Kitob begi (18621870), harbiy arbob, maʼrifatparvar, rus armiyasi generali (1901). 18521853-yillardan amir Nasrullo xizmatida boʻlgan. 1856-yil Joʻrabek toʻqsobo amir tomonidan Kitob begi Olloyorbek xizmatiga yuborilgan. 1861-yilda amir Muzaffar tomonidan Kitobga hokim etib tayinlangan Zokirbek yuritgan siyosat xalqning norozilik chiqishlariga sabab boʻladi va uning oʻrniga xalq xohish-istagiga koʻra Joʻrabek hokimlikka koʻtariladi. Joʻrabekning hokimlik qilgan davrida beklikning Buxoro amirligidan siyosiy va iqtisodiy mustakilligi kuchaya boradi. Beklikning iqtisodiy tizimi: savdo-sotiq, soliklar, ekin-tikin masalalari tartibga solinadi. Yoʻllar, mudofaa inshootlari tartibga keltiriladi. Buxoro va Qoʻqon xonliklarida quvgʻinga uchragan siyosat va madaniyat arboblari shu beklikdan panoh topishadi. Amir Temurning avlodi, jasorati hatto dushman rus harbiy hokimiyati tomonidan ham so‘zsiz e’tirof etilgan harbiy xizmatchi, olim va ziyoli shaxs sifatida u katta hurmatga sazovor bo‘lgan.

Oʻrta Osiyoga chorizm bosqini boshlangan davrda J. bosqinchilarga qarshi qatʼiy kurash pozitsiyasida turgan. Buxoro amiri rus armiyasi tajovuzla-riga qarshi mudofaaga tayyorgarlik koʻrayotgan bir davrda J. Shahrisabz hokimi Bobobek bilan birgalikda amir Muzaffardan oʻzaro nizolarni unu-tishni soʻrab va yogʻiyga qarshi jihodsa barcha musulmonlar bilan bir safda turib kurashish istagini bildirib maktub yoʻllashadi. Ammo ularning bu istagi amirning ularga ishonchi boʻlmaganligi tufayli ijobatsiz qoladi. J. amirning bosqinchilarga nisbatan yuritgan taslimchilik, keyinchalik esa kelishuvchanlik siyosatidan norozi boʻlgan kuchlarga boshchi sifatida siyosiy maydonga kelgan Abdumalik toʻra harakatining faol ishtirokchilaridan biriga aylanadi.

Samarqand qamali

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1868-yil 1—8-iyun kunlari Samarqandni rus qoʻshinlaridan qaytarib olish maqsadida amalga oshirilgan shahar qamali rahbarlaridan biri. Baʼzi zamondoshlari fikriga koʻra, muvaffaqiyatsiz tugagan Samarqand qamali J. tomonidan ishlab chiqilgan Vatanni ozod qilish rejasining tarkibiy qismi boʻlgan. 1870-yil 14-avgustda Shahrisabz va Kitob bekliklari chor armiyasi tomonidan bosib olinganidan ke-yin J. Bobobek bilan birga Qoʻqon xonligi orqali Qashqarga qochishga urinadi, lekin Xudoyorxon tomonidan tutib Turkiston general-gubernatori K. P. fon Kaufmanga topshiriladi.

1870—1906-yillar mobaynida Joʻrabek Toshkentda yashab, oʻlka ijtimoiy-siyosiy xayotida ishtirok etadi. Qashqar mahallasiga joylashib, keyin Qorasuv kanali yonidagi dalaga ko‘chib o‘tadi. 1871—82-yillarda Turkiston general-gubernatorligi maʼmuriyatida tarjimonlik qiladi. Chor armiyasining Qoʻqon xonligini tugatish maqsadida amalga oshirgan yurishlarida ishtirok etadi. K. P. fon Kaufmandan keyingi davrda oʻlkani boshqargan general-gubernatorlar davrida oʻzining oʻlka ustidan rus hukmronligi toʻgʻrisidagi, mahalliy aholining ayanchli ahvoli borasidagi keskin fikrlari uchun faol siyosiy faoliyatdan bir qadar chetlashtiriladi. 1895-yilda Toshkent shahar Dumasining aʼzosi sifatida Bobobek bilan birga Nikolay II ning taxtga oʻtirishi munosabati bilan unga tabriknoma va sovgʻa-salom yuborilishiga qarshi chiqqan.

Amerikaning Rossiyadagi elchixonasi kotibi, 1873-yilda Oʻrta Osiyoda boʻlgan va oʻz sayohati haqida ajoyib kitob (1876-yilda Londonda nashr etilgan) yozgan E.Skayler Joʻrabekni shunday tavsiflaydi:

Osiyoda musulmonni kamdan-kam uchratish mumkin. shunday nafis tuyg‘u va aql, lahzani shunday anglash, har bir qarash va harakatda shunday aristokratik odob. Jo‘rabek uzun bo‘yli, kelishgan o‘zbek, siyrak qora soqolli, jonli kulrang ko‘zli, jiddiy chehrali. Uning kiyimlari hamisha sodda, lekin juda ozoda, yuz ifodasida qandaydir qayg‘u bor, imo-ishoralari yumshoq, nafis va ahamiyatli. U haqiqiy jentlmen.

— E. Skayler[1], in

1875-yilda Qo‘qon urushi boshlanganda Toshkentda zerikkan Jo‘rabek jangovar harakatlarda qatnashish istagini qatʼiy bildiradi.

U bilan doʻstlik oʻsha davrning koʻplab taniqli shaxslari bilan faxrlanardi. Jumladan, mashhur shoir Furqat Toshkentda yashagan chog‘larida Jo‘rabek bilan juda do‘stona munosabatda bo‘lgani maʼlum[1].

Unvon va mukofotlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jo‘rabekning mohirona harakatlari tufayli ko‘plab janglarda ikki tarafning ko‘p qon to‘kilishining oldi olindi. Qisqa vaqt ichida u ikkita — toʻrtinchi va uchinchi darajali Avliyo Georgiy xochini harbiy ordenlarini (jami toʻqqizta mukofotga ega boʻlgan) olgan. General M. D. Skobelev bosh shtabga sobiq Kitob bekiga ajoyib xizmatlari uchun ofitserlik unvoni berish haqida iltimos bilan murojaat qildi. Shunday qilib, Jo‘rabek imperator Aleksandr II farmoni bilan 1876-yil 6-aprelda otliq podpolkovnik darajasiga ko‘tarilib, Turkiston general-gubernatorligi qoshida maxsus topshiriqlar bo‘yicha ofitser etib tayinlanadi. Jo‘rabekning xizmati juda muvaffaqiyatli bo‘lib, u Toshkent, Sharqiy Buxoro va Farg‘ona hokimiyatlarining muhim ko‘rsatmalarini bajarib, navbatdagi martabalarga ko‘tarilib, 1901-yil 6-maydan general-mayor unvoniga ega bo‘ldi[1].

Ilmiy salohiyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ilm-maʼrifatga katta ahamiyat bergan. Sharq qoʻlyozmalarining, xususan, nodir asarlarning boy kutubxonasiga ega boʻlgan. Sharq tillari hamda rus tilini yaxshi bilgan. 1876-yil Peterburgda boʻlib oʻtgan sharqshunoslarning 3-xalqaro kongressida qatnashib maʼru-za qilgan. 1902-yilda Turkistonga tashrif buyurgan jadidlar yetakchisi I. Gasprinskiy bilan uchrashadi. Jadidlar bilan hamfikr boʻlgan J. „Tarjimon“ gazetasining Turkistondagi faollaridan biriga aylanadi. Oʻzbek mutafakkir shoiri Furqat bilan doʻstona munosabatda boʻlgan. Rossiyada 1905-yil yanvarda boshlangan voqealar tufayli Turkiston xalqlari orasida sodir boʻlgan koʻtarilishlar davrida Toshkentda J. boshchiligida bir necha marta xalq yigʻinlari oʻtkaziladi va ularda mamlakatda vujudga kelgan vaziyatdan foydalangan holda oʻlkani chidab boʻlmas ogʻir ahvoldan qutqarish choralarini koʻrish masalasi kun tartibiga qoʻyiladi.

Joʻrabek 1906-yil 25-yanvar kuni Qorasuv kanali boʻyidagi shaxsiy dala-hovlisida sirli tarzda oʻldirilgan[1].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Boris Golender. Мои Господа Ташкентцы. INFOCOM.UZ, 3.09.2007 — 265-bet. 
  • Yusupov Sh., Xudoyorxon va Furqat, T., 1995.

Baxtiyor Yoqubov.[1]


  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil