Jiraf (hayvon)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Murchison Falls milliy bogʻidagi jiraf.

Jiraf (Giraffa camelopardalis) — jirafalar oilasining bir turi. Tanasi kalta, boʻyni juda uzun, balandligi 5,5 m gacha, vazni 1000 kg gacha. Erkagi urgʻochisiga nisbatan yirik. Boshqa sut emizuvchilarga qaraganda qon bosimi yuqori (oʻrtacha 220/160 mm simob ustuni). Jiraf tez harakatlanganida boʻyin venasidagi klapanlar qon bosimining keskin koʻtarilib tushishiga imkon bermaydi. Oldingi oyoqlari orqa oyoqlariga nisbatan ancha uzun va kuchli. Urgʻochi va erkak jiraf boshida yungli teri bilan qoplangan 1—2 juft kalta suyak shoxlari bor. Rangi har xil, odatda ochiq sargʻish tusli yungida yirik qora xollari boʻladi. Afrika qitʼasining Sahroi Kabirdan janubdagi hududlarning savannalari va juda siyraklashgan oʻrmonlarida, koʻpincha 10—12 ta hayvondan iborat poda boʻlib yashaydi. Kunduzi faol hayot kechiradi. Daraxtlar, asosan, akatsiya barglari va novdalari bilan oziqlanadi. Bitta bola tugʻadi. Jiraflar, asosan, milliy bogʻlarda saqlanib qolgan. Tutqinlikda koʻpayadi[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]