Jinoyat ishini qoʻzgʻatish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Jinoyat ishini qo`zg`atishdan yoʻnaltirildi)

Jinoyat ishini qoʻzgʻatish - jinoyat sodir etilgan yoki jinoyatga tayyorgarlik haqida berilgan xabar va ariza yuzasidan prokuror, tergovchi, surishtiruvchi yoki sudyaning dastlabki harakati. Ular sodir etilgan jinoyat haqidagi ariza yoki xabar yuzasidan 3 kun, alohida hollarda esa 10 kun ichida J. i. q. yoki uni rad qilish, ariza yoki xabarni boshqa tegishli idoraga yuborish toʻgʻrisida bir qarorga kelishga majbur. Jinoyat ishi jinoyat alomatlari borligini koʻrsatuvchi asoslar mavjud hollardagina qoʻzgʻatiladi. Fuqarolarning arizalari, muassasa, korxona, tashkilot, mansabdor shaxc va jamoat birlashmalari bergan xabarlar, matbuotda bosilib chiqqan axborot yoki maqola, shaxsning aybni boʻyniga olish haqidagi arzi, jinoyat qilganligini koʻrsatuvchi holatlarning prokuror, tergovchi, surishtiruvchi yoki sudning oʻzi tomonidan topilishi J. i. q. uchun asos boʻladi. Shaxslarning jinoyat toʻgʻrisidagi arizalari yozma yoki ogʻzaki boʻlishi mumkin. Yozma ariza arz qiluvchi shaxc tomonidan imzolangan boʻlishi lozim. Jinoyat haqidagi imzosiz, qalbaki imzoli yoki uydirma shaxc nomidan yozilgan xat, ariza yoki boshqa anonim xabarlar jinoyat ishini qoʻzgʻatish uchun sabab boʻla olmaydi (OʻzR JPK, 321—338-moddalar).[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil