Jerba jangi
| Jerba jangi | |||||||
|---|---|---|---|---|---|---|---|
| Ispanlar–Usmoniylar urushlarining bir qismi | |||||||
| |||||||
| Qoʻmondonlar | |||||||
| Giovanni Andrea Doria Juan de la Cerda Don Alvaro de Sande (POW) |
Piyale posho Dragut | ||||||
| Kuchlar | |||||||
| 54 ta yirik harbiy kema, 66 ta boshqa kemalar Boshqa manbalar: umumiy 200 kema[1] |
86 ta yirik kema va galiotlar[2] | ||||||
Jerba jangi (turkcha: Cerbe) – 1560-yil may oyida Tunisdagi Jerba oroli yaqinida boʻlib oʻtgan jang. Piyale posho qoʻmondonligidagi Usmoniylar ispanlar, papalik, genuyalik, maltalik va neapolliklardan tashkil topgan yirik xristian ittifoqi flotini tor-mor keltirdi. Ittifoqchilar 27 ta yirik harbiy jangovor kema, bir qancha kichik kemalardan hamda Jerba orolidagi mustahkam istehkomdan ayrildilar. Bu gʻalaba Usmoniylar imperiyasining Oʻrta yer dengizidagi qudrati eng yuqori choʻqqiga chiqqan davrda yuz bergan.
1573-yillarga qadar Oʻrta yer dengizi Ispaniya qiroli Filipp II (1556–1598) hukmronligi ostida ispan siyosiy ustuvorliklarida birinchi oʻrinda turdi. Uning rahbarligida Gabsburg jangovor kemalari flotining soni 100 taga yetdi, urush davrlarida esa undan ham koʻpaydi. 1560-yilda Ispaniya Tarobulus al-Gʻarbning gʻarbiy sohilidagi Jerba oroliga turklarga qarshi yirik flot yubordi. Biroq Usmoniylar floti ulkan gʻalaba qozonib, 5 000 dan ortiq odamni oʻldirdi va koʻplab kemalarni choʻktirib yubordi.
Biroq Oʻrta yer dengizida boʻlib oʻtgan janglardan keyingi odatiy hol sifatida Usmoniylar oʻz gʻalabalaridan tezlik bilan foydalanmadilar. Ispaniya esa keyingi 2 yil ichida oʻz flotini qayta tiklashga muvaffaq boʻldi va 1563–1564-yillarda qariyb 100 ta kema bilan yangi hujumga tayyorgarlik koʻrdi. Usmoniylar jangda gʻolib boʻlgan boʻlsalar-da, ularning jangovor kemalari floti taʼminot imkoniyatlarining cheklanganligi sababli tezda boshqa hujumlarga oʻtmadi va na magʻlub davlatlarga, na ochiq qolgan Venetsiya markaziga zarba bera oldi[3]. Usmoniylarning bu gʻalabadan keyin Maltadagi ritsarlarga yirik hujum uyushtirishlari uchun 5 yil, Venetsiya Respublikasiga yana kuch bilan hujum qilishlari uchun esa 10 yil vaqt kerak boʻldi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ispanlar va venetsiyaliklar 1538-yilda Preveza jangida Xayriddin Barbarossa qoʻmondonligidagi Usmoniylar flotidan magʻlub boʻlgach, 1541-yilda imperator Karl V Barbarossoga qarshi Jazoirga yurish uyushtirdi, biroq ushbu yurish falokatli tarzda muvaffaqiyatsizlik bilan tugadi. Shundan soʻng Oʻrta yer dengizidagi yirik Yevropa dengiz kuchlari hisoblanmish Ispaniya va Venetsiya Usmoniylar va ularning korsar ittifoqchilaridan tobora kuchliroq tahdid sezganlar. Haqiqatan ham, 1558-yilga kelib, Piyale posho Balear orollarini bosib oldi va Turgut Reis bilan birga Ispaniyaning Oʻrta yer dengizi boʻylarida talonchilik yurishlarini amalga oshirdi. Shundan soʻng Ispaniya qiroli Filipp II papa Paul IV va Yevropadagi ittifoqchilariga murojaat qilib, 1551-yil avgustida shaharni maltalik ritsarlardan tortib olish, keyinchalik sulton Sulaymon I tomonidan Tarobulus al-Gʻarb beyi etib tayinlangan Turgut Reísdan Tarobulus al-Gʻarbni qaytarib olish uchun yurish uyushtirishni soʻradi.
Kuchlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tarixchi William H. Prescottning yozishicha, Jerba yurishi haqidagi manbalar oʻzaro shunchalik qarama-qarshiki, ularni uygʻunlashtirishning iloji yoʻq. Biroq koʻpchilik tarixchilar 1560-yilda xristian davlatlari yigʻgan flot tarkibida 50–60 ta yirik jangovor harbiy kema va 40–60 ta kichik kema boʻlganini taʼkidlashadi. Masalan, Avliyo John ritsarlari rasmiy tarixchisi Giacomo Bosio yirik kemalar soni 54 ta boʻlganini yozgan. Fernand Braudel esa 54 ta jangovar kema va 36 ta taʼminot kemasi boʻlganini keltirgan. Eng batafsil maʼlumot Carmel Testaga tegishli boʻlib, arxivlarga asoslanib, ularning sonini 54 ta yirik jangovor kema, 7 ta ikki ustunli, yelkanli kema, 17 ta yengilroq, tezkor harbiy kema, 2 ta katta, baland bortli, koʻp yelkanli kema, 28 ta savdo kemasi va 12 ta kichik kema deya keltirgan. Bu flot Genuya, Toskana Buyuk Gersogligi, Papa viloyati hamda Avliyo John ritsarlari ittifoqi tomonidan taʼminlangan. Matthew Carr esa xristian ittifoqchilari jami 200 ta kema yigʻganini qayd etgan. Birlashgan flot Messinada Giovanni Andrea Doria qoʻmondonligida toʻplangan va Maltaga yoʻl olgan, biroq ob-havoning yomonligi tufayli 2 oy shu yerda qolishga majbur boʻlgan. Shu vaqt ichida qariyb 2000 kishi kasallikdan vafot etgan.
1560-yil 10-fevralda flot Tarobulus al-Gʻarbga qarab yoʻl oldi. Askarlarning aniq soni maʼlum emas. Braudelning maʼlumot berishicha ularning soni 10–12 ming, Testa bergan maʼlumotlarga koʻra esa 14 ming boʻlgan. 20 mingdan ortiq deb koʻrsatilgan eski raqamlar esa XVI asrdagi yirik harbiy kema sigʻimidan kelib chiqib, boʻrttirilgan deb hisoblaniladi.
Yurish Tarobulus al-Gʻarbga yaqin joyda uyushtirilgan boʻlsa-da, suv yetishmasligi, kasalliklar va kutilmagan dovul tufayli qoʻmondonlar oʻzlarining dastlabki rejasidan voz kechdi va 7-mart kuni tez orada egallab olingan Jerba oroliga qaytib bordilar. Sitsiliya vitse-qirolligi hukmdori Juan de la Cerda orolda qal’a qurishini buyurdi va shundan soʻng qurilish ishlari boshlandi. Bu vaqtda esa Usmoniylar admirali Piyale posho qoʻmondonligidagi taxminan 86 ta harbiy kema va galiotlardan iborat flot allaqachon Istanbuldan yoʻlga chiqqan edi. Piyale posho flotining 1560-yil 11-mayda Jerbaga yetib kelishi xristian kuchlari uchun kutilmagan hodisa boʻldi.
Urush
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jang bir necha soat ichida yakunlandi va xristian harbiy kemalarining yarmiga yaqini qoʻlga olindi yoki choʻktirildi. Tarixchi Anderson xristianlar koʻrgan talofat 18 ming deb koʻrsatsa, Guilmartin bu raqamni ancha ehtiyotkorlik bilan 9 ming atrofida, ularning taxminan uchdan ikki qismi eshkakchilar boʻlganini qayd etadi.
Omon qolgan askarlar endigina qurib bitkazilgan qal’aga qochib, oʻsha joyga joylashdilar, biroq uchinchi kuni Piyale poshoning qoʻshiniga Turgut Reis ham qoʻshilgan holda hujum boshlanishidan oldin Andrea Doria kichik kema bilan qochishga muvaffaq boʻldi. 3 oylik qamal ortidan garnizon taslim boʻldi. Tarixchi Bosio bergan maʼlumotga koʻra, Piyale posho taxminan 5000 asirni, jumladan, Doria qochib ketgach, xristian kuchlariga boshchilik qilgan ispan qoʻmondoni Don Alvaro de Sandeni ham Istanbulga olib bordi. Garnizonning soʻnggi kunlari haqidagi manbalar esa bir-biriga zid, Avstriya Habsburg elchisi Ogier de Busbecq mashhur „Turkish Letters“ asarida de Sande qarshilikning foydasizligini tushunib, kichik qayiqda qochishga uringanini, biroq tezda qoʻlga tushganini yozgan. Boshqa manbalarda, masalan, Braudel bergan maʼlumotlarda, u 29-iyul kuni hujum boshlagani va shunda asir olingani aytilgan. Busbecqning saʼy-harakatlari bilan de Sande keyinroq qutqarilib, bir necha yildan soʻng ozod qilingan va 1565-yilda Malta qamalida turklarga qarshi jang qilgan.

Oqibati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jerba jangidagi gʻalaba Oʻrta yer dengizida Usmoniylarning dengiz hukmronligi eng yuqori choʻqqiga chiqqan davrni ifodalaydi, bu jarayon esa 22 yil avvalgi Preveza jangidagi gʻalabadan beri tobora kuchayib kelayotgan edi.
Ayniqsa, ispan floti oʻzining tajribali dengizchi va jangchilaridan ayrilgan, jangda 600 nafar mohir dengizchi va 2 400 qurollangan dengiz piyodalari halok boʻldi, bunday kishilarning oʻrnini tezda toʻldirishning iloji yoʻq edi.
Jerbadan soʻng Maltaga kiruvchi kanal ochiq qoldi va Usmoniylar 1565-yilda avval 1522-yilda Rodosdan quvilgan Avliyo John ritsarlarining yangi bazasi boʻlgan Maltaga hujum qilishlari muqarrar edi, ular koʻplab qal’alarni egallashga muvaffaq boʻldilar, biroq asosiy qal’ani egallashga muvaffaq boʻla olmadi.
Qal’alarda gʻalabaga erishgan Usmoniylar magʻlub boʻlgan ispan himoyachilarining bosh suyagidan piramida barpo qilgani haqida rivoyat bor, bu piramida XIX asr oxirigacha boʻlgan. Hozirda uning oʻrnida Homt Soukdagi Borj Gʻoziy Mustafo qal’asida kichik yodgorlik mavjud.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Matthew Carr: Blood and Faith: The Purging of Muslim Spain, The New Press, 2009, ISBN 1595583610, page 138.
- ↑ William Stewart: Admirals of the World: A Biographical Dictionary, 1500 to the Present, ISBN 0786438096, McFarland, 2009, page 240.
- ↑ Hervé Coutau-Bégarie „Seapower in the Mediterranean from the Seventeenth to the Nineteenth Century“, . Naval Strategy and Power in the Mediterranean: Past, Present and Future John B. Hattendorf: . Routledge, 5 November 2013 — 32-bet. ISBN 978-1-136-71317-0.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Hattendorf, John. Naval Strategy and Power in the Mediterranean: Past, Present and Future. Routledge, 5 November 2013. ISBN 978-1-136-71317-0.