Jean-Jacques Rousseau

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Jean-Jacques Rousseau (painted portrait).jpg

Jean-Jacques Rousseau (talaffuzi: Jan-Jak Russo; 28-iyun 1712-yil, Jeneva — 2-iyul 1778-yil, Ermenonvil, Parij yaqinida) — fransuz faylasufi, maʼrifatparvari, yozuvchisi va bastakori. Fransuz sentimentayaizmining yirik vakili. Malay, xattot, murabbiy, musiqa oʻqituvchisi va boshqa ishlarda ishlagan. Parijda Denis Diderot rahbarligida tayyorlangan ensiklopediyaga musiqaga oid maqolalar yozgan. 1741-yilgacha Shveysariyada yashagan, keyin Parijga ketgan. 1762-yil „Emil, yaʼni Tarbiya toʻgʻrisida“ nomli pedagogik romani va „Ijtimoiy shartnoma toʻgʻrisida“ siyosiy risolasi chop etilgach, dindorlar tomonidan taqibga olingan Rousseau Fransiyani tark etgan. 1770-yil u yana Parijga qaytib kelib notalarni koʻchirish bilan shugʻullangan. „Fanlar va sanʼatlar haqida mulohazalar“ (1750) asarida tengsizlik va zulmga asoslangan oʻz davridagi tamaddunni tanqid qilib, uning oʻrniga „tabiiy holat“ni qoʻygan. Uning gʻoyalari keyinchalik „Odamlar orasida tengsizlikning kelib chiqishi va asoslari haqida mulohaza“ (1755) asarida oʻz ifodasini topgan. „Ijtimoiy shartnoma toʻgʻrisida“ risolasida (1762) ideal jamiyat manzarasini tasvirlagan. Rousseau ingliz parlamentarizmini qoralab, xalq suverenitetini, xalq hokimiyatini himoya qilgan. Pedagogik masalalariga bagʻishlangan „Emil, yaʼni Tarbiya haqida“ (1762) asarida sxolastik taʼlim va tarbiya usullarini tanqid qilgan, maktabning eng birinchi vazifasi haqiqiy inson va fuqaroni tarbiyalashdir deb uqtirgan. Bolalarda mustaqil fikrlash tarafdori boʻlgan. Rousseauning asarlari („Harbiy asirlar“, 1743; „Yuliya, yaʼni Yangi Eloiza“, 1761; „Iqror“, 1766—69; „Yolgʻiz xayolparastning sayri“, 1777—78 va boshqalar) Yevropa adabiyotida psixologizmning vujudga kelishiga sabab boʻlgan. Sheʼrlar, dostonlar, operalar („Kishloqlik jodugar“, 1752—53) yozgan, bir pardali lirik sahna asari „Pigmalion“ — melodramaning ilk namunasi hisoblanadi. Rousseau gʻoyalari koʻpgina mamlakatlar ijtimoiy tafakkuriga va adabiyotiga taʼsir koʻrsatgan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil