Javhar (general)
Al-Qo’id Javhar ibn Abdulloh (arabcha: جوهر بن عبد الله, shuningdek al-Qo’id as-Siqilliy (Sitsiliyalik sarkarda)[1] yoki as-Saqlabiy (slavyan yoki qul)[2]) Sitsiliyada tugʻilgan va 992-yil 28-aprelda vafot etgan Fotimiylarning mashhur sarkardalaridan biri. Javhar as-Siqilliy nomi bilan tanilgan[1]. Javhar Fotimiylarning 4-imom-xalifasi al-Mu’izz li-dinillah nomidan avval Magʻribni, soʻng Misrni zabt etish yurishlariga boshchilik qilgan. Al-Mu’izz 973-yilda Misrga yetib kelguniga qadar Javhar mamlakatda noib vazifasini bajarib, Fotimiylar hokimiyatini mustahkamlashda muhim rol oʻynagan. Shundan soʻng davlat ishlaridan chekinib, umrining oxirigacha jamoat hayotida faol ishtirok etmagan.
Turli manbalarda as-Siqilli (arabcha: الصقلي), as-Saqlabi (arabcha: الصقلبي, soʻzma-soʻz slavyan yoki qul), ar-Rumiy (arabcha: الرومي) nisbalari bilan eslab oʻtilgan. Shuningdek, al-Kotib (arabcha: الكَاتِب) va al-Qoʼid (arabcha: القائد) unvonlari bilan ham ataladi[3].
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Javharning tugʻilgan sanasi nomaʼlum. Biroq, 992-yilda vafot etgani va faoliyatining eng gullagan davri 950—975-yillar oraligʻiga toʻgʻri kelishini inobatga olsak, 900-yillardan keyin tugʻilgan boʻlishi kerak.
Javharning otasi Abdulloh qul boʻlgan. Javhar oʻzi haqidagi dastlabki ma’lumotlarda uchinchi Fotimiy xalifa al-Mansur bi-Nasrulloh (h. 946–953) davrida qul-askar (gʻulom), ehtimol esa kotib boʻlgani tilga olingan[3]. 958-yilda al-Mansurning oʻgʻli va vorisi al-Muʼizz li-dinillah (h. 953–975) Javharni Shimoliy Afrikaning markaziy va gʻarbiy hududlarida Fotimiylar hokimiyatini qayta tiklashga qaratilgan harbiy yurishga bosh qoʻmondon etib tayinlagan[3]. Mazkur yurish Javharning harbiy iste’dodi ilk bor yaqqol namoyon boʻlgan voqea hisoblanadi[3]. Javhar dastlab Fotimiylarning asosiy raqiblari boʻlmish Kordova amirligining Umaviylari bilan ittifoq tuzgan Zenata qabilasi ustidan gʻalaba qozonib, ularning yetakchisi Yaʼla ibn Muhammad al-Yafranini magʻlub etib, oʻldirdi[3]. Shundan soʻng, Javhar janubi-sharq tomon yurib, Sijilmasa shahrini egalladi va shahar hukmdori Muhammad ibn al-Fath ibn Maymun ibn Midrarni qatl ettirdi[4]. Bir yil oʻtgach, 960-yil oktabrida shimolga, Fosga tomon yurish boshladi. Shahar 13-noyabr kuni hujum bilan egallanib, Umaviylar tayinlagan hokim Ahmad ibn Abu Bakr al-Juzamiy asirga olindi[5]. Mazkur gʻalabadan soʻng Tanjer va Seutadan tashqari butun Magʻrib hududi Fotimiylar nazoratiga oʻtdi yoki ularning oliy hokimiyatini tan oldi. Gʻalaba ramzi sifatida Jawhar Atlantika okeanidan ovlangan tirik baliqlar solingan idishlarni Ifriqiyadagi xalifaga yuborgani qayd etilgan[5].
Manbalarda qayd etilishicha, al-Muʼizz li-dinillah Shimoliy Afrikaga qarshi harbiy yurish boshlanishidan avval oʻz chodirida al-Qoʼid Javhar bilan soatlab taktika va strategiya masalalarini muhokama qilgan hamda xayrlashuv chogʻida unga nihoyatda yuksak ehtirom koʻrsatgan. Jumladan, bosh qoʻmondon boʻlgan Javharga hurmat bajo keltirish maqsadida barcha askarlarga otlaridan tushish buyurilgan[manba kerak].
Gʻarbiy chegaralar mustahkamlangach, Javhar Fotimiylarning Ixshidiylar boshqaruvidagi Misrga yurishiga (969) boshchilik qilgan. U Misrga Iskandariya tomondan kirib kelib, poytaxt Fustat tomon yurish qilgan. Qoʻshin deyarli qarshiliksiz oldinga siljib, mamlakat Abu Jaʼfar Muslim boshchiligidagi Ixshidiylar vaziri bilan tuzilgan kelishuv orqali boʻysundirilgan[6]. Shu bilan birga, Ixshidiylar qoʻshinining ayrim boʻlinmalari norozilik bilan isyon koʻtarib, Nil daryosidagi Roda orolida joylashib, daryodan oʻtishni himoyalash hamda Fotimiy qoʻshinining Fustatga kirib kelishiga toʻsqinlik qilishga uringan[6]. Javhar Kutama askarlari bilan orolga hujum qilib, dushman kuchlarini tor-mor etganidan soʻng Fustat shahriga tinch yoʻl bilan kirib borgan[6].
Javhar Misrda tinchlikni ta’minlar ekan, Fotimiylar qoʻshini Kutama lashkarboshisi Jaʼfar ibn Falloh boshchiligida Ixshidiylar nazoratidagi Suriyaga yurish (970) boshladi. Dastlabki muvaffaqiyatlardan soʻng ushbu qoʻshin 971-yil avgustida Damashq yaqinida Bahrayn Qarmatlari yetakchiligidagi Ixshidiy askarlar va arab qabilalari ittifoqi tomonidan tor-mor etildi[7]. Natijada Misr mudofaasiz qolib, sentyabr oyida ushbu ittifoq mamlakatga bostirib kirgan[7]. Javhar qoʻl ostida kam sonli askar boʻlgani sababli Fustat aholisining barchasini safarbar etib, shahar shimolidagi tor oʻtish joyida devor va xandaqdan iborat mudofaa chizigʻi qurdirgan[7]. Ittifoq qoʻshini Nil deltasi hududida toʻxtab qolganidan foydalangan Javhar mudofaa tayyorgarliklarini oʻz vaqtida yakunlashga muvaffaq boʻlgan[7]. Bosqinchilarning Fustatni egallashga boʻlgan urinishi mustahkam mudofaa tufayli barbod boʻlib, Javhar hali yetarlicha tayyorgarlikka ega boʻlmagan askarlari bilan shahar tashqarisidagi jangda dushmanni tor-mor keltirgan[7].
Soʻnggi yurishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jawhar 975-yil dekabrida xalifa vafotidan bir necha kun avval al-Mu’izzning kenja oʻgʻli Nizarning valiahd etib tayinlanishida kamida rasmiy rol oʻynagan. Jumladan, Javhar va saroy tabibi al-Mu’izz jon taslim qilayotgan xonadan Nizarning hamrohligida chiqib, uni taxtga oʻtqazgan. Bu esa Nizar voris etib tayinlanganini anglatgan[8]. Yangi xalifa al-Aziz Suriya masalasi bilan toʻqnash keldi. Bu hududda Fotimiylarning kengayish borasidagi ketma-ket urinishlari mahalliy shahar lashkarlari (ahdas), Banu Uqayl badaviylari qarshiligi, shuningdek turkiy lashkarboshi Alptakinning aralashuvi tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Alptakin Fotimiylarni Damashqdan siqib chiqarib, shahar hokimiga aylandi. Qarmatlar esa u bilan ittifoq tuzdi[9][10]. 976-yil birinchi yarmida qarmatlar Falastinni egallab oldi. Fotimiylar esa qarmatlar va Alptakin tahdidi ostida qolgan ayrim qirgʻoqboʻyi shaharlarinigina saqlab qoldi[11].
Mazkur vaziyatga javoban va Yaʼqub ibn Killisning maslahati bilan, may oyida al-Aziz Javharga 20 ming kishidan iborat qoʻshinga boshchilik qilishni topshirgan. Ushbu qoʻshin Fotimiylar shu paytgacha Suriyaga yuborgan eng yirik harbiy kuch boʻlib, uning vazifasi qarmatlar va Alptakinga qarshi kurashish edi. Fotimiylar qoʻshinining yaqinlashuvi bilan qarmatlar tezda chekinib, faqat kichik bir qismi Alptakinga qoʻshilish uchun Tiberiyada qoldi[12][13]. Ramla shahridan Javhar Alptakinga maktub yoʻllab, afv etilish, shuningdek faxriy libos va mablagʻ vaʼda qildi. Bu esa amalda Alptakinni Fotimiylar xizmatiga oʻtishga taklif etish edi. Biroq, turkiy lashkarboshi bu taklifni rad etdi[13]. Shunga qaramay, son jihatidan ustun Fotimiylar qoʻshini tufayli Alptakin ham Damashqqa chekinishga majbur boʻldi. Javharning qoʻshini 976-yil iyulida Damashq yaqiniga yetib kelib, mustahkam harbiy lager barpo etib, bir necha oy davom etgan qamalni boshladi. Bu davr qisqa muddatli toʻqnashuvlar bilan kechdi[12]. Alptakin mintaqaning butun hosilini shahar ichiga yigʻib olgani sababli, qish boshlanishi bilan Fotimiylar qoʻshinida ocharchilik yuzaga keldi. Al-Hasan al-A’sam boshchiligidagi qarmatlar qoʻshini shahar tomon yaqinlashayotgani haqida xabar kelgach, Fotimiylar qoʻshini endi raqiblaridan son jihatdan kam ekanini inobatga olib, Javhar 976-yil dekabrida yoki 977-yil yanvarida qamalni toʻxtatish va Damashqdan chekinish qarorini qabul qildi[12][14].
Javhar janubga chekinib, avval Tiberiyaga, soʻng Ramlaga yoʻl oldi[12]. Uni yaqin masofadan dushmanlari ta’qib qilib bordi. Dushmanlar safiga Jarrohiylar sulolasi boshchiligidagi koʻp sonli Banu Tayy qabilalari ham qoʻshilgan edi. Oʻrta asr muarrixlari bu badaviylar sonini 50 ming nafargacha deb koʻrsatadi[14]. Javhar sovuq va qor tufayli koʻplab askarlarini yoʻqotdi[12]. Yarkon daryosi boʻyida kechgan qonli jangdagi magʻlubiyatdan soʻng esa Ramla shahrida qamalda qoldi. Bu yerda Fotimiylar qoʻshini taʼminot, hatto ichimlik suvi ham yetishmasligi sababli yanada holdan toyib bordi. Natijada Javhar Ramladan voz kechib, qirgʻoqdagi Ashkelon qal’asiga chekinishga majbur boʻldi. Qarmatlar 977-yil 12-martda Ramla shahriga kirib keldi. Oradan koʻp oʻtmay Alptakin qoʻshinlari bilan birlashgan holda Ashkelonni ham qamal qildi[14]. Qamal oʻn besh oy davom etdi. Bu davr mobaynida Javhar qoʻshinining asosiy qismi ochlikdan nobud boʻldi. Nihoyat, Javhar murosaga moyilroq boʻlgan Alptakin bilan muzokaralarga kirishga majbur boʻldi. Qarmatlar esa har qanday kelishuvga keskin qarshi chiqib, dushmanlari ochlikdan qirilib ketguniga qadar qamalni davom ettirishni taklif qilgan edi. Javhar 978-yil mart yoki aprel oylarida tahqirlovchi kapitulyatsiyadan soʻng Ashkelonni tark etishga ruxsat oldi. Omon qolgan Fotimiy askarlari shahar darvozasiga osib qoʻyilgan Alptakin qilichi ostidan oʻtib chiqdi. Javhar Gʻazodan shimoldagi hududlarga Fotimiylarning hukmronlik da’volaridan voz kechishga rozi boʻldi, Alptakin esa Suriyaning qolgan qismi ustidan hokimiyatni saqlab qoldi. Yahyo xabar berganidek, Alptakin Fotimiylar oliy hokimiyatini tan olgan boʻlishi mumkin. Biroq, amalda mustaqil hukmdor edi[12][14].
Oʻlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ashkelon shahrida sodir boʻlgan kapitulyatsiya Javharning harbiy faoliyatiga yakun yasadi[12]. U 992-yil 28-aprelda vafot etgan[5]. Javhar Misrning Qohira shahrida dafn etilgan deb taxmin qilinadi. Biroq hozircha uning aniq qabri noma’lumligicha qolmoqda[manba kerak].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 Jawhar al-Siqilli, 2022-10-30da [asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2022-11-10
{{citation}}: Check|url=value (yordam)](https://www.ansamed.info/ansamed/en/news/nations/italy/2019/05/30/founder-of-cairo-symbol-of-brotherhood-with-sicily_89e4dabe-e2f8-450f-b331-e83b03f55a0f.html%7Caccess-date=2022-11-10%7Carchive-date=2022-10-30%7Carchive-url=https://web.archive.org/web/20221030155116/https://www.ansamed.info/ansamed/en/news/nations/italy/2019/05/30/founder-of-cairo-symbol-of-brotherhood-with-sicily_89e4dabe-e2f8-450f-b331-e83b03f55a0f.html%7Curl-status=dead}}) - ↑ [[1](https://referenceworks.brillonline.com/entries/encyclopaedia-of-islam-2/djawhar-al-sikilli-SIM_2034?s.num=386&s.rows=20&s.start=370) „Djawhar al-Ṣiḳillī“]. Encyclopaedia of Islam. Brill Publishers (2012-yil 24-aprel). Qaraldi: 2023-yil 7-iyun.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 Monés 1965, s. 494.
- ↑ Monés 1965, ss. 494–495.
- ↑ 5,0 5,1 5,2 Monés 1965, s. 495.
- ↑ 6,0 6,1 6,2 Brett 2017, ss. 77–80.
- ↑ 7,0 7,1 7,2 7,3 7,4 Brett 2017, ss. 91–83.
- ↑ Halm 2003, s. 117.
- ↑ Halm 2003, ss. 104–108, 147–148.
- ↑ Gil 1997, ss. 342–346.
- ↑ Halm 2003, ss. 147–148.
- ↑ 12,0 12,1 12,2 12,3 12,4 12,5 12,6 Halm 2003, s. 148.
- ↑ 13,0 13,1 Gil 1997, s. 348.
- ↑ 14,0 14,1 14,2 14,3 Gil 1997, s. 349.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Brett, Michael. The Fatimid Empire, The Edinburgh History of the Islamic Empires. Edinburgh: Edinburgh University Press, 2017. ISBN 978-1-4744-2151-5.
- Daftary, Farhad. The Ismāʿı̄lı̄s: Their History and Doctrines, Second, Cambridge: Cambridge University Press, 2007. ISBN 978-0-521-61636-2.
- Gil, Moshe. A History of Palestine, 634–1099. Cambridge: Cambridge University Press, 1997. ISBN 0-521-59984-9.
- Andoza:Die Kalifen von Kairo
- Monés, Hussain (1965). "D̲j̲awhar al-Ṣiḳillī". in Lewis, B.. Encyclopaedia of Islam. Volume II: C–G (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. 494–495 b. doi:10.1163/1573-3912_islam_SIM_2034. OCLC 495469475. https://referenceworks.brillonline.com/search?s.q=D%CC%B2j%CC%B2awhar+al-%E1%B9%A2i%E1%B8%B3ill%C4%AB&s.f.s2_parent=s.f.book.encyclopaedia-of-islam-2&search-go=Search.