Jalol ud-Davla
| Jalol ud-Davla | |||||
|---|---|---|---|---|---|
| Iroq amiri Amir ul-umaro | |||||
| Saltanat | 1027 — 1044 | ||||
| Oʻtmishdoshi | Musharrif ud-Davla | ||||
| Davomchisi | Abu Kalijar | ||||
| Tugʻilishi | 993 yoki 994 | ||||
| Vafoti | 1044-yil mart | ||||
| Farzandlari |
Al-Malik al-Aziz Abu Mansur Ali Ismi nomaʼlum qizi | ||||
| |||||
| Otasi | Baho ud-Davla | ||||
| Dini | Islom | ||||
Abu Tohir Firuz Xusrav (forscha: ابوطاهر فیروزخسرو; 993 yoki 994 – 1044-yil mart), asosan,Jalol ud-Davla laqabi bilan mashhur boʻlgan, Iroqning buvayhiy amiri (1027—1044). Baho ud-Davlaning oʻgʻli boʻlgan.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]1012-yilda Jalol ud-Davlaning otasi vafot etgan. Akasi Sulton ud-Davla taxtga kelgach, Abu Tohirni Basra hokimi etib tayinlagan. Iroqni egallab olgan Musharrif ud-Davla 1025-yilda vafot etgunga qadar Basrada hukmronlik qildi. Musharrifning oʻlimi vorislik inqiroziga sabab boʻldi. Jalol ud-Davla oʻz vaziri Abu Saʼd Abdulvohid yordamida Bagʻdodni egallashga uringan boʻlsa-da, shaharni nazoratga olishga ulgurgan buvayhiylar qoʻshini ularni chekinishga majbur qildi. Magʻlubiyatdan soʻng, Jalol ud-Davla Abu Saʼdni qamoqqa olib, oʻrniga uning amakivachchasi Abu Ali Hasanni oʻziga vazir etib tayinladi.
2 yildan soʻng, 1027-yil iyun oyida qoʻshin Jalol ud-Davlani otasining oʻrniga vorislikka tanladi. Shundan soʻng, Fors va Kirmon viloyatlarini boshqarayotgan jiyani Abu Kalijar bilan shiddatli kurashga kirishdi. Abu Kalijar tez orada Basrani ham egallab olishga muvaffaq boʻldi. 1030-yilda Jalol ud-Davla oʻz vaziri Abu Ali Hasan boshchiligidagi 1300 kemadan iborat flotni Basrani egallash uchun yubordi. Biroq yurish oqibati fojiali boʻlib, toʻliq magʻlubiyatga uchradi. Shundan soʻng, Abu Ali Hasan asir olinib, tez orada ozod qilindi. Abu Ali Hasan keyingi yili Ahvozda oilaviy mojaroda vafot etdi. Shundan soʻng, Jalol ud-Davla vazir lavozimiga Abu Ali Hasanning akasi Abulqosim Hibatullohni tayinlagan. Jalol ud-Davla va Abu Kalijar har doim ham dushman boʻlmagan. Masalan, 1033-yilda Gʻaznaviylar Kirmon viloyatiga bostirib kirganda, Jalol ud-Davla Abu Kalijarga yordam bergan.
Biroq Jalol ud-Davla oʻz hududidagi muammolar bilan shugʻullanishga majbur boʻldi. Abu Kalijar Basrani qoʻlga kiritgach, Jalol ud-Davlaning mulki, asosan, Bagʻdod va Vosit bilangina cheklanib qolgan edi. Qoʻshin orasida doimiy dushmanlik kayfiyati hukm surardi. Vaziyat shu darajaga yetib bordiki, Abbosiy xalifa koʻpincha amir va askarlar oʻrtasida vositachilik qilishga majbur boʻlardi. Ayni shu sababli, 1036 yoki 1037-yilda Barstogʻon ismli turk boshchiligida sodir boʻlgan isyon kutilmagan hodisa emas edi. Qoʻzgʻolon Abu Kalijarga bostirib kirish imkonini berdi. Bagʻdodni egallay olmagan boʻlsa-da, Jalol ud-Davlani itoat etishga majburlay oldi. Biroq Jalol ud-Davla Mosuldagi Uqayliy amiri hamda Asadiylar arab qabilasi qoʻllovi bilan oʻz mustaqilligini toʻliq tiklashga muvaffaq boʻldi. Jalol ud-Davlaning vaziri Abulqosim Hibatulloh 1038-yilda boʻgʻib oʻldirilgan. Jalol ud-Davla 1044-yilda vafot etgunga qadar Iroqda oʻz hukmronligini saqlab qoldi. Shundan soʻng, Abu Kalijar Iroq ustidan nazoratni qoʻlga kiritdi hamda Jalol ud-Davlaning oʻgʻli va vorisi Al-Malik al-Azizni mamlakatdan quvib chiqardi.
Jalol ud-davlaning qizi Halabning Mirdosiy amiri Rashid ud-Davla Mahmudga turmushga chiqqan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Bosworth, C. E. „Iran under the Būyids“, . The Cambridge History of Iran, Volume 4: From the Arab Invasion to the Saljuqs. Cambridge: Cambridge University Press, 1975 — 250–305-bet. ISBN 0-521-20093-8.
- Nagel, Tilman (1990). "BUYIDS". in Yarshater, Ehsan. Encyclopædia Iranica, Volume IV/6: Burial II–Calendars II. London and New York: Routledge & Kegan Paul. 578–586 b. ISBN 978-0-71009-129-1. http://www.iranicaonline.org/articles/buyids.
- Baydawi, Nasir al-Din Abu Sa'id 'Abdullah. Nizam Al-Tawarikh (fa). Tehran, Iran: Mahmud Afshar's Endowments Foundation, 2003.