Jalilovlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Jalilovlar — oʻzbek sanʼatkorlar oilasi. Jalilov Toʻxtasin (1895, Andijon — 1966.10.5, Toshkent) — apdokli sozanda (gʻijjakchi) va bastakor, oʻzbek musiqali drama janri asoschilaridan. Oʻzbekiston xalq artisti (1937). Us t a Ofoq Oxun va Muhammad Usmon tanburchidan taʼlim olgan. 1918—20 y.larda tashviqot brigadasida xonanda va sozanda. Milliy musiqa toʻgaragi (1923—26), Andijon musiqali drama teatri (1929—34), Toshkentdagi Oʻzbek davlat musiqali teatri (1934—36), Oʻzbek davlat filarmoniyasining ashula va rake ansambli (1937—40), Muqimiy teatrida badiiy rahbar (1940—52), musiqa rahbari (1952-66).

1927—29 y.larda F. Zafariyning "Halima", K. Yashinning "Urtoqlar", S. Abdullaning "Oyxon", 1935 y.da K. Yashin va M. Muhamedovning "Gulsara" pyesalariga, oʻzbek sanʼati dekadasi (Moskva, 1937)da koʻrsatilgan "Sayil" va "Kolxoz toʻyi" tomoshalariga oʻzbek musiqa merosi namunalarini moslashtirgan va mustaqil musiqa nomerlari yaratgan. "Tohir va Zuhra" (S. Abdulla librettosi, 1940), "Nurxon" (K. Yashin, 1942) kabi asarlari musiqali drama janrining yuksak namunalariga aylangan. A. S. Pushkinning "Ruslan va Lyudmila" dostonidagi "Bagʻishlov" matniga J. yaratgan romans bastakorlik ijodiyotidagi kamyob asardir. Ikkinchi jahon urushi yillarida T. Sodiqov, M. Burhonov va b. kompozitorlar hamda bastakor N. Hasanov bilan birgalikda " Oʻzbekiston qilichi" (1942,29 aprel) konsert-spektakliga musiqa yaratgan. Urushdan keyingi yillarda "Muqimiy" (S. Abdulla, 1949), "Ravshan va Zulxumor" (K. Yashin, 1957) musiqali dramalarini G. Mushel, "Alpomish"ni (S. Abdulla, 1949) B. Nadejdin, "Gʻunchalar"ni (3. Fatxullin, 1945) B. Brovsin, soʻnggi musiqali dramasi — "Fargʻona hikoyasi"ni (H. Gʻulom, 1962) B. Zeydman bilan hamkorlikda yaratgan. B. Brovsin bilan "Tohir va Zuhra" musiqali dramasi asosida yaratilgan shu nomdagi opera (1949, 2-tahriri 1955) va operabalet ham muallifi. J. jami 40 dan ortiq musiqaviy sahna asarlari yaratishda qatnashgan. "Oyxon", "Tohir va Zuxra", "Alpomish" musiqali dramalari qator respublikalarda va chet ellarda sahnalashtirilgan. Oʻzbek mumtoz shoirlaridan Navoiy, Furqat ("Bahor ayyomida"), Muqimiy ("Gulistonim mening") va b. gʻazallariga bastalagan ashulalari, "Signal" (xalq soʻzi), "Dovruq" (K. Ahmadiy sheʼri), "Aziz Vatanim" (Habibiy), "Kokiling" (S. Zunnunova), "Yalla" va "Uynasin" (Uygʻun) kabi qoʻshiqlari ommaviylashib ketgan. S. Abdulla sheʼriga bastalagan "Toʻylar muborak!" qoʻshigʻi nikoh toʻylarining albat asariga aylangan.

1925—27 y.larda Oʻzbek konsert-etnografik ansamblining Qozon, Moskva, Leningrad, Boku sh.lari boʻylab va chet el (Parij, Berlin)da bergan konsertlarida faol qatnashgan. Xalq raqslari jahon festivali (London, 1935)da ishtirok etib, Oltin medalga sazovor boʻlgan. Eronga gastrolga borgan konsert brigadasining oʻzbek gruppasiga rahbarlik qilgan (1942). Shogirdlari: S. Kalonov, K. Jabborov, F. Toshmatov, M. Mirzayev, D. Zokirov va b. Katta qizi Eʼtibor Jalilova — Oʻzbekiston xalq artisti, oʻgʻillari Dehqon Jalilov — Oʻzbekistonda xizmat kursatgan sanʼat arbobi, ommaviylashgan — "Aylagach" (Navoiy) kabi ashulalar muallifi Xolxoʻja (1919—71) va mohir sozanda Salohiddin Toʻxtasinovlar — Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar, kichik qizi Xolida Jalilova — xonanda-pedagog . Oʻzbek davlat filarmoniyasining oʻzbek xalq cholgʻu asboblari orkestriga Toʻxtasin Jalilov nomi berilgan (1967).

Eʼtibor Jalilova Oftobxon rolida ("Oftobxon").

Manbalar[tahrir]

  • Muzikali dramalardan parchalar, T., 1958; Tanlangan asarlar, T., 1968; Qoʻshiqlar guldastasi, T., 1989.

Adabiyot[tahrir]

  • Akbarov I., Toʻxtasin Jalilov, T., 1978.[1]
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil