Jahon meteorologiya tashkiloti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) — xalqaro tashkilot, meteorologik tadqiqotlar va kuzatishlar boʻyicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga yordam koʻrsatish hamda milliy meteorologik va gidrometeorologik xizmatlar ishini muvofiqlashtirish ishlarini olib boradi. 1947-yil sentabrda BMT huzurida tashkil etilgan. JMT tuzilishiga qadar bu ishlarni 1871-yilda tashkil etilgan Xalqaro meteorologiya tashkiloti olib borgan. JMTga 150 dan ortiq, davlat aʼzo (2002), Oʻzbekiston Respublikasi 1992-yil 23 dekabrda aʼzolikka qabul qilingan. JMTning oliy organi Jahon meteorologiya Kongressi boʻlib, 4 yilda bir marta chiqariladi. Ijroiya qoʻmitasi 24 milliy xizmat direktorlaridan tashkil topgan va har yili kamida bir marta yigʻilish oʻtkazadi. JMTning 6 mintaqaviy uyushmasi (Afrika, Osiyo, Jan. Amerika, Shim. va Markaziy Amerika, Tinch okeanning jan.-gʻarbi, Yevropa) yirik geografik mintaqalardagi xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtiradi. JMTning doimiy ishlaydigan organi — kotibiyat Jeneva (Shveysariya)da joylashgan.

Meteorologik kuzatishlarni olib borish va standartlash, meteorologik axborotlarni ayirboshlash, ob-havoni prognozlash, meteorologik tadqiqotlar va amaliy meteorologiya muammolari bilan bogʻliq maxsus texnikaviy masalalarni hal qilish uchun bir necha komissiyalar tashkil etilgan. JMT milliy gidrometeorologiya xizmatlari faoliyatini yaxshilash, Yer kurrasi aholisini oziq-ovqat bilan taʼminlash muammosini xal etishda qatnashish, BMTning tashqi muhitni kuzatish va muhofaza qilish tugʻrisidagi Konvensiyaga qatʼiy amal qilish va b.da faol ishtirok etadi. Ayniqsa JMTning Jahon ob-havo xizmati dasturlari (Jahon miqyosida kuzatish tizimi, telealoqa tizimi, meteorologik maʼlumotlarni qayta ishlash tizimi) katta amaliy ahamiyatga ega. Oʻzbekiston Respublikasi gidrometeorologiya bosh boshqarmasi ("Boshgidromet") JMTning Jahon ob-havo xizmati dasturida faol qatnashadi. Toshkentda Jahon ob-havo xizmatining jahon miqyosidagi telealoqa tizimi mintaqaviy telealoqa tarmogʻi, meteorologik maʼlumotlarni qayta ishlash tizimining mintaqaviy ixtisoslashtirilgan meteorologik markazi (Jahondagi shunday 20 ta markazdan biri) ish olib boradi. Toshkent gidrometeorologiya texnikumi negizida JMTning mintaqaviy oʻquv markazi tashkil etilgan. "Boshgidromet" har yili JMT Kotibiyatiga oʻz faoliyati haqida hisobot yuboradi.

Hamidulla Abdullayev.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil