Jaʼfar ibn al-Furot
Abulfadl Jaʼfar ibn al-Fadl ibn al-Furot (arabcha: أبو الفضل جعفر بن الفضل بن الفرات; 921 – 1001), shuningdek, otasi kabi[1] Ibn Hinzaba[2] deb ham atalgan, Iroqdagi byurokrat Banu al-Furot oilasi aʼzosi. Oliy maʼlumotli, taqvodor shaxs va ilk islom davri anʼanalarini chuqur bilishi bilan tanilgan Jaʼfar 946-yildan to 969-yilda sulola barham topgunga qadar Misr Ixshidiylari vaziri boʻlib faoliyat yuritgan. Shundan soʻng, Fotimiylar xalifaligiga xizmat qilishda davom etgan.
968-yil aprelda Abulmisk Kafur vafot etgach, Ibn al-Furot mamlakatdagi eng nufuzli rahbarlardan biriga aylandi. Byurokratiyadan tashqarida yetarli qoʻllab-quvvatlashning yoʻqligi, uzoq yillar davom etgan ocharchilik hamda tashqi hujumlardan aziyat chekkan mamlakatda tartibli boshqaruv va xavfsizlikni tiklashga qodir emasligi tufayli uning mavqei zaiflashib, boshqa guruhlar, ayniqsa, harbiylar tomonidan doimiy ravishda savol ostiga olinardi. 968-yil noyabr oyida al-Hasan ibn Ubaydulloh ibn Tugʻj tomonidan taxtdan agʻdarilib, qamoqqa tashlangan. Biroq 969-yil fevral oyida Hasan kutilmaganda Misrni tark etib, Falastinga qaytib ketgach, Jaʼfar ozod etilib, oʻz lavozimiga qayta tiklangan. Hech kim uning oʻrnini kim egallashi boʻyicha kelisha olmagani sababli, Ibn al-Furot vazir lavozimida qoldi. Bunday vaziyatga duch kelgan Misr zodagonlari Fotimiylarning uzoq va tinimsiz davom etgan targʻiboti taʼsirida mamlakat Fotimiylar boshqaruviga oʻtishini qabul qila boshlashdi, shuningdek, oʻzlari ham shunga intila boshlashdi. 969-yil iyun oyida Fotimiylar Misrni bosib olayotgan paytda, Ibn al-Furot bunga hech qanday qarshilik koʻrsatmadi. U shunchaki Fotimiylar qoʻmondoni Javhar bilan olib borilayotgan muzokaralarni nazorat qilish bilan cheklandi.
Javhar Ibn al-Furotni maʼmuriyat rahbari lavozimida qoldirdi. Biroq 973-yilda xalifa al-Mu’izz li-dinillah Misrga tashrif buyurgach, lavozimidan ozod etildi.
Oilasi va xarakteri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abulfadl Jaʼfar ibn al-Furot 921-yilda tugʻilgan boʻlib, Banu al-Furot nomli amaldorlar sulolasiga mansub edi. Bu sulola Bagʻdoddagi Abbosiylar xalifaligining moliyaviy idorasida xalifa al-Mu’tazid hukmronligi davridan (h. 892–902) boshlab yuqori lavozimlarni egallab kelgan va XX asrning birinchi oʻn yilliklarida Abbosiylar maʼmuriy elitasidagi ikki asosiy fraksiyadan biriga aylangan edi[3]. Ibn al-Furotning otasi al-Fadl ibn al-Furot (938-yilda vafot etgan) Abbosiylar xalifaligining moliyaviy vazirliklarida bir qancha lavozimlarni egallagan. 932 va 937-yillarda bir necha oy davomida vazir lavozimida faoliyat yuritgan. Soʻngra 935-yildan Muhammad ibn Tugʻj al-Ixshid hukmronlik qilayotgan Misrga koʻchib oʻtgan[3].
Ibn al-Furot Ixshidiy malikaga uylanish orqali Ixshidiylar sulolasi bilan qarindoshlik rishtalarini bogʻlangan. Singlisi esa bir paytlar Abbosiylar bosh qoʻmondoni (amir ul-umaro) boʻlgan Muhammad ibn Ra’iqqa turmushga chiqqan. Ularning oʻgʻli Muzahim dastlab Ixshidiylar saroyida garovda saqlangan boʻlsa-da, keyinchalik Ixshidiylar qoʻshinining yuqori lavozimdagi qoʻmondoni darajasiga koʻtarilib, u ham Ixshidiy malikaga uylangan[2].
Ibn al-Furot taqvodorligi va qatʼiy axloqiy tamoyillari bilan tanilgan. Ushbu tamoyillarni oʻz qarindoshlariga ham joriy etishi natijasida diniy doiralarning qoʻlloviga sazovor boʻlgan[2]. Jaʼfarning taqvodorligini ashraflarni eʼzozlashida ham koʻrish mumkin edi. Jumladan, har yili Makka va Madinadagi Aliy oilalariga pul yuborar, shuningdek, Madinada oʻzi dafn etilishini niyat qilgan holda yer maydoni ham sotib olgan edi. Bu, oʻz navbatida, Misrdagi ashraflarning, ayniqsa ularning rahbari va yaqin shaxsiy doʻsti Abu Ja’far Muslimning qoʻllab-quvvatlashini taʼminladi[2]. Shuningdek, Muhammad paygʻambar haqidagi rivoyatlarni chuqur bilgani uchun ham hurmatga sazovor boʻlgan. Shuning uchun oʻsha davr yetakchi muhaddisi iroqlik ad-Daraqutniy Bagʻdoddan Jaʼfar bilan maslahatlashish uchun kelgan[2]. Vazirlik tarixchisi Dominique Sourdelning yozishicha, Ibn al-Furot shoirlar va olimlarning saxiy homiysi degan nom qoldirgan. Shu bilan birga, qoʻshnilarini vahimaga solgan ilonlar va chayonlardan iborat kolleksiyani toʻplagan gʻalati odam sifatida ham shuhrat qozongan[3].
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ibn al-Furot 946-yilda otasining eski siyosiy raqibi Abu Bakr Muhammad ibn Ali al-Mazoraiyning oʻrniga vazir lavozimini egalladi[4]. Ibn al-Furot Ixshidiy amirlar Unujur (h. 946–961) va Ali (h. 961–966) davrida, shuningdek, Abulmisk Kafur qoʻl ostida ham uzluksiz ushbu lavozimda xizmat qilgan. Abulmisk Kafur uzoq vaqt davomida taxt ortidagi real kuch sifatida xizmat qilgandan soʻng, 966—968-yillarda oʻzi rasman amir boʻlgan[3].
Ixshidiylar rejimining inqirozi (968—969)
[tahrir | manbasini tahrirlash]
968-yil aprel oyida Kafur vafot etgach, dastlab turli guruhlar hokimiyat taqsimoti boʻyicha kelishuvga erishdilar. Kelishuvga koʻra, al-Ixshidning oʻn bir yoshli nabirasi Abulfavoris Ahmad ibn Ali rasman amir sifatida nominal hukmronlikni amalga oshiradigan boʻldi[5]. Ibn al-Furot oʻz mansabiga koʻra, fuqaroviy amaldorlar guruhi rahbari edi[2]. Bosh qoʻmondon Shamul bilan ittifoq tuzgan Ibn al-Furot voyaga yetmagan hukmdor ustidan regentlik vazifasini qoʻlga olish uchun tayyorlanayotganga oʻxshardi[6]. Bundan tashqari, Ixshidiylar sulolasiga mansub malikaga uylangani tufayli oʻz oʻgʻli Ahmadni taxtga oʻtqazish imkoniyatiga umid bogʻlashi mumkin edi[7]. Shunday boʻlsa-da, yangi tuzum barqaror emas edi. Ibn al-Furotning byurokratiyadan tashqarida tayanchi yoʻq edi. Fotimiylar vakillari Suriyadagi badaviylar orasida gʻalayonlar uyushtirar, qoʻshin oʻzaro raqobatdosh guruhlarga boʻlingan edi (asosan, al-Ixshid yollagan Ixshidiya va Kafur yollagan Kafuriya), hamda Nil daryosi suvining bir necha yil davomida pasayishi natijasida yuz bergan misli koʻrilmagan ocharchilik tufayli xazina boʻm-boʻsh edi[6][8][9].
Ibn al-Furot oʻz hokimiyatini oʻrnatishda qiyinchiliklarga duch keldi. Jumladan, harbiy boshliqlar oʻz iqtolaridan markaziy xazinaga toʻlanishi lozim boʻlgan daromadlarni ushlab qolishdi. Tez orada mintaqalardagi moliya rahbarlari ham harbiylarga taqlid qila boshlashdi. Vazir mablagʻ topish uchun yuqori mansabdor shaxslarga jarima solishga majbur boʻldi. Jumladan, Yaʼqub ibn Killisga 4 500 oltin dinor, al-Ixshid oʻgʻillarining kotibi, nasroniy Ibrohim ibn Marvonga esa 10 000 oltin dinor miqdorida jarima belgiladi[10]. Maoshi toʻlanmay qolgan turkiy gʻilmon isyon koʻtarib, 968-yil 29-avgustda Ibn al-Furotning saroyini talon-taroj qildi. Buning natijasida, Ibn al-Furot yashirinishga majbur boʻldi[3][11]. Bir necha kundan soʻng, sharif Abu Jaʼfar Muslim oʻz uyiga eng oliy amaldorlar va harbiy qoʻmondonlarni toʻplab, Ibn al-Furotni Kafurning rasmiy libosida ularning oldiga olib chiqib, ularni yarashtirdi. Bu manzarani koʻrgan Ibn al-Furotning raqiblari taʼsirlanib, uni qoʻllab-quvvatlashga rozi boʻlishdi. Soʻngra Ibn al-Furot juma namozini oʻqigach, yosh amirning buvisi, Ali ibn al-Ixshidning bevasiga hurmat bajo keltirish uchun bordi. Shu yoʻl bilan oʻz oʻgʻlini taxtga oʻtqazish niyati yoʻqligini bilvosita maʼlum qildi[11].
Shunga qaramay, ahvol murakkabligicha qolaverdi. Moliyaviy muammolar davom etar, Ibn al-Furot esa dindor toifaning asosiy talabi boʻlmish Makkaga quruqlik orqali haj safarini amalga oshirish ishlarini tiklashga muvaffaq boʻlolmasdi[12]. Bu holat har qanday yechim, hattoki chet elliklarning aralashuvini ham qabul qilishga boʻlgan ishtiyoqning ortib borishiga olib keldi. Fotimiylarning savdogar Jaʼfar Ahmad ibn Nasr boshliq agentlari vaziyatdan foydalanishga, elita qatlami va oddiy xalqning qoʻllovini yoki hech boʻlmaganda ularning passiv roziligini qoʻlga kiritishga harakat qilishdi. Shu maqsadda ular har ikki tomonning ham eʼtiborini qozonish uchun faoliyat olib bordilar. Ixshidiylar va Kafurchilar oʻrtasidagi har qanday yaqinlashuvning oldini olish maqsadida elita guruhlari orasiga nizolar solingan. Shu bilan birga, Ibn al-Furotning ayrim raqiblarini Fotimiylar tomoniga oʻtishga undashdi. Ular orasida eng koʻzga koʻringani Ibn Killis boʻlib, u Fotimiylarga Misrdagi vaziyat haqida qimmatli maʼlumotlar yetkazdi[13].
Ana shunday algʻov-dalgʻovlar orasida hukmron doiralarning ayrim aʼzolari amirning katta amakivachchasi va Falastin noibi boʻlgan al-Hasan ibn Ubaydullohdan yordam soʻrashga qaror qildilar[14]. Bu vaqtda al-Hasanning oʻzida ham muammolar yetarli edi. Jumladan, qarmatlar qoʻshini ixshidiylar hududiga bostirib kirib, al-Hasanni magʻlubiyatga uchratdi va uni 300 000 oltin dinor miqdoridagi ogʻir oʻlponni toʻlashga rozi qildi. Falastindagi mavqei xavf ostida qolgan, pulga muhtoj boʻlgan hamda Fustatda davom etayotgan beqarorlik sabab al-Hasan Misrga qaytishga qaror qildi[15]. Al-Hasan hech qanday qarshilikka duch kelmay, 28-noyabr kuni Ibn al-Furot bilan birgalikda Fustat shahriga tantanavor ravishda kirib keldi. Al-Hasan darhol yosh amirning regenti va hamhukmdori deya eʼtirof etilib, saroyda yashay boshladi. Uch kundan soʻng, Ibn al-Furot va uning bir nechta hamkorlari qamoqqa olindi. Al-Hasan ularga shunchalik ogʻir jarimalar soldiki, Ibn al-Furot ularni toʻlash uchun oʻz mulkining bir qismini sotishga majbur boʻldi[15].
Al-Hasan 969-yil 1-yanvarda amakivachchasi, al-Ixshidning qizi Fotimaga uylanib, taxt sari yana bir qadam tashladi. Rejim deyarli toʻliq nazorat ostida boʻlsa-da, al-Hasanning Misrda tartib oʻrnatishga boʻlgan ishonchi soʻna boshladi. Buning oʻrniga, mamlakatni oʻz holiga tashlab, barcha kuch va mablagʻlarini Falastin va Suriyadagi Ixshidiylar mulklarini saqlab qolishga qaratishni maʼqul koʻrdi. 969-yil 24-fevralda Fustatni tark etdi. Oʻzi bilan birga koʻplab viloyat hokimlari, maʼmuriy amaldorlar, shuningdek, Shamul qoʻmondonligi ostidagi eng sara ixshidiy qoʻshinlarning bir qismini olib ketdi[16][3][17]. Fustatda mutlaq hokimiyat boʻshligʻi yuzaga keldi. Al-Hasan ketishidan oldin ozodlikka chiqarilgan Ibn al-Furot rasman oʻz vazifalarini bajarishda davom etdi. Biroq shaharda qolgan zodagonlar uni qoʻllab-quvvatlamadi. Shu bilan birga, zodagonlar Ibn al-Furotning oʻrniga boshqa nomzod taklif qila olmasdilar ham[18].
Tarixchi Yaacov Levning taʼkidlashicha, boshi berk koʻchaga kirib qolgan Misr elitasi oldida faqatgina „tashqi aralashuvni tanlash“ imkoniyati qolgan edi. Oʻsha vaqtdagi xalqaro vaziyat inobatga olinsa, bu holatda faqatgina Fotimiylarni nazarda tutish mumkin edi[17]. Fotimiylar agentlari yillar davomida Fustatda deyarli ochiq faoliyat yuritib, oddiy aholi va yuqori tabaqalar orasida keng aloqa tarmogʻini shakllantirib ulgurgan edilar. Thierry Bianquis taʼkidlaganidek, „psixologik va siyosiy tayyorgalikning jadal davri“ qarshilik koʻrsatish irodasini zaiflashtirish va harbiy istiloga yoʻl ochishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi[19]. 968—969-yillardagi inqiroz paytida Fustatdagi fuqaroviy va harbiy rahbarlar Ifriqiyada boʻlgan Fotimiylar xalifasi al-Mu’izz li-dinillahga (h. 953–975) maktublar yuborishdi. Oʻsha paytda Misrga yangi yurish uchun tayyorgarlik allaqachon qizgʻin tus olgan edi[17].
969-yil iyun oyida Javhar boshchiligidagi Fotimiylar qoʻshini Misrga yetib kelganda, Ibn al-Furot faqatgina Javhar bilan taslim boʻlish muzokaralari olib borishni nazorat qila oldi, xolos[3][20].
Fotimiylar hukmronligi ostidagi faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Javhar hokimiyatning tartibli boshqarilishini taʼminlash, maʼmuriyatni izchil faoliyat yuritishini davom ettirish hamda Misrni chet elliklar kuch bilan bosib olganday tasavvur uygʻotmaslikka harakat qildi. Shu maqsadda, ixshidiy amaldorlarni oʻz lavozimlarida qoldirdi. Jumladan, Ibn al-Furot ham oʻz vazifasini saqlab qoldi[21], biroq unga toʻliq ishonmas edi. 971-yil sentyabrda qarmatlar Misrga bostirib kirganida, Javhar Ibn al-Furotni doimiy nazorat ostiga olib, uning qochib ketishining oldini olish maqsadida oʻsha paytda qurilayotgan yangi poytaxt Qohiradan turar-joy ajratdi[22].
Jaʼfar Javhar davrida oʻz lavozimini saqlab qoldi. Biroq Fotimiylar xalifasi al-Muʼizz (h. 953–975) uni raqibi Ibn Killis foydasiga lavozimidan chetlatdi[23]. 991-yilda Ibn Killisning vafotidan keyin Ibn al-Furotga yana vazirlik lavozimi taklif qilindi, ammo bir necha oydan soʻng, oʻz ixtiyori bilan isteʼfoga chiqdi[24]. Ibn al-Furot 1001-yilda vafot etdi[3].
Oʻgʻli Abulabbos Fotimiylar xalifasi al-Hakim (h. 996–1021) tomonidan 1014/15-yilda vazir etib tayinlagan. Biroq bir necha kundan soʻng qatl etilgan[3].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Sourdel 1971, s. 768.
- 1 2 3 4 5 6 Bianquis 1972, s. 58.
- 1 2 3 4 5 6 7 8 9 Sourdel 1971, ss. 767–768.
- ↑ Brett 2001, ss. 218–219.
- ↑ Lev 1991, ss. 12–13.
- 1 2 Brett 2001, s. 298.
- ↑ Bianquis 1972, ss. 58, 62.
- ↑ Kennedy 2004, ss. 315–316.
- ↑ Bianquis 1998, ss. 117–118.
- ↑ Bianquis 1972, ss. 61–62.
- 1 2 Bianquis 1972, s. 62.
- ↑ Bianquis 1972, ss. 59, 62.
- ↑ Bianquis 1972, ss. 62–63.
- ↑ Bianquis 1972, ss. 63–64.
- 1 2 Bianquis 1972, s. 64.
- ↑ Bianquis 1972, s. 65.
- 1 2 3 Lev 1991, s. 14.
- ↑ Bianquis 1972, ss. 65–66.
- ↑ Bianquis 1998, ss. 118–119.
- ↑ Brett 2001, ss. 300, 303.
- ↑ Bianquis 1972, ss. 80–81.
- ↑ Bianquis 1972, s. 84.
- ↑ Brett 2001, ss. 306, 332.
- ↑ Kennedy 2004, s. 327.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Bianquis, Thierry (1972). "La prise de pouvoir par les Fatimides en Égypte (357‑363/968‑974)" (French). Annales islamologiques XI: 49–108. ISSN 0570-1716.
- Bianquis, Thierry „Autonomous Egypt from Ibn Ṭūlūn to Kāfūr, 868–969“, . The Cambridge History of Egypt, Volume 1: Islamic Egypt, 640–1517. Cambridge: Cambridge University Press, 1998 — 86–119-bet. ISBN 0-521-47137-0.
- Brett, Michael. The Rise of the Fatimids: The World of the Mediterranean and the Middle East in the Fourth Century of the Hijra, Tenth Century CE, The Medieval Mediterranean. Leiden: BRILL, 2001. ISBN 9004117415.
- Kennedy, Hugh. The Prophet and the Age of the Caliphates: The Islamic Near East from the 6th to the 11th Century, Second, Harlow: Longman, 2004. ISBN 978-0-582-40525-7.
- Lev, Yaacov. State and Society in Fatimid Egypt. Leiden: Brill, 1991. ISBN 90-04-09344-3.
- Sourdel, D. (1971). "Ibn al-Furāt". in Lewis, B.. Encyclopaedia of Islam. Volume III: H–Iram (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. 767–768 b. doi:10.1163/1573-3912_islam_COM_0322. OCLC 495469525. https://referenceworks.brillonline.com/search?s.q=Ibn+al-Fur%C4%81t&s.f.s2_parent=s.f.book.encyclopaedia-of-islam-2&search-go=Search.