Kontent qismiga oʻtish

Ispan adabiyoti

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Ispan adabiyoti – bu hozirgi Ispaniya Qirolligi hududida ispan tilida yaratilgan sheʼriyat, nasr va dramatik asarlar majmuasidir. Uning shakllanishi shu hududdagi boshqa adabiy anʼanalar bilan bir davrda rivojlangan va koʻp hollarda ular bilan chambarchas kesishgan. Jumladan, katalon, galisiy, lotin, yahudiy va arab adabiy anʼanalari Pireney yarim oroli madaniy muhitida oʻzaro taʼsirda boʻlgan. Shuningdek, Ispaniya Amerikasi adabiyoti ham ispan adabiyotining muhim tarmogʻini tashkil etadi. U oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlib, ularning ildizlari Ispaniyaning Amerikani zabt etish davriga borib taqaladi.

Ispan adabiyotining vujudga kelishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pireney yarim orolining Rim tomonidan miloddan avvalgi III asrda bosib olinishi va u yerda Rim hukmronligining oʻrnatilishi natijasida lotin madaniyati Ispaniya hududlariga kirib kelgan. 711-yilda musulmonlarning istilosi esa yarimorolga Gʻarbiy Osiyo va Shimoliy Afrika madaniyatlarini olib kirdi[1]. Shu tariqa Andalus deb atalgan oʻziga xos adabiy anʼanalari shakllandi. Oʻrta asr ispan adabiyotining eng qadimiy namunalarida arab, yahudiy va nasroniy madaniyatlari bir-biri bilan qorishib ketganini koʻrish mumkin. Bu davrning eng mashhur asarlaridan biri – 1140–1207-yillar oraligʻida yozilgan Cantar de Mio Cid dostonidir. XIII asr oʻrtalariga kelib, ispan tilidagi nasriy asarlar keng ommalashdi. Oʻrta asrlardagi lirik sheʼriyat esa xalq ogʻzaki ijodi namunalarini ham, saroy zodagonlarining nafis sheʼrlarini ham oʻz ichiga olgan. XV asrda Renessans arafasida adabiy hayot sezilarli darajada jonlandi. Bu davrda sheʼriyat, diniy adabiyot va nasr eng muhim janrlar sifatida rivoj topdi.

XVI asrda birinchi ispan romanlari – Lazarillo de Tormes va Guzmán de Alfarache paydo boʻldi. XVII asrning barokko davrida nasrda Francisco de Quevedo va Baltasar Gracián kabi yozuvchilar muhim oʻrin egalladi. Shu davrda ispan adabiyotining eng yirik yozuvchisi Miguel de Cervantes Saavedra oʻzining mashhur asari Don Quixote sarguzashtlari bilan jahon adabiyotida yangi davrni boshlab berdi. Ushbu roman orqali Cervantes pikaresk roman shaklini yanada mukammallashtirib, badiiy nasrning zamonaviy shaklini yaratdi va butun ispan adabiyotiga yoʻnalish berdi[2] .

XVIII asr – Maʼrifatchilik davrida nasrda Benito Jerónimo Feijoo, Gaspar Melchor de Jovellanos va José Cadalso faol ijod qildi. Sheʼriyatda Juan Meléndez Valdés, Tomás de Iriarte va Félix María Samaniego ajralib turdi. Teatr sohasida esa Leandro Fernández de Moratín, Ramón de la Cruz va Vicente García de la Huerta asarlari bilan tanilgan. XIX asr boshlarida yuzaga kelgan romantizm davrida sheʼriyatda José de Espronceda va boshqa romantik shoirlar, nasr va teatrda esa Ángel de Saavedra (Rivas gersogi) hamda José Zorrilla muhim oʻrin tutdi. XIX asr oxirida esa realizm va naturalizm oqimlari shakllandi. Realistik roman janrida Juan Valera, José María de Pereda, Benito Pérez Galdós, Emilia Pardo Bazán, Leopoldo Alas (Clarín), Armando Palacio Valdés va Vicente Blasco Ibáñez ijod qildi. Sheʼriyatda Ramón de Campoamor va Gaspar Núñez de Arce yetakchi shoirlar boʻldi. Teatr sohasida esa José Echegaray va Manuel Tamayo y Baus kabi dramaturglar faoliyat yuritdi. Bu davrda, shuningdek, adabiy tanqid va ilmiy adabiyot rivojlandi; ularning eng yirik vakili sifatida Marcelino Menéndez Pelayo tilga olinadi.

Oʻrta asrlargacha boʻlgan adabiyot

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pireney yarimorolini Rim tomonidan zabt etilishi va egallab olinishi miloddan avvalgi III asrdan milodiy V asrgacha davom etib, ispan hududlariga toʻlaqonli rivojlangan lotin madaniyatining kirib kelishiga sabab boʻlgan. Milodiy V asrda german qabilalarining istilosi Rim Ispaniyasining tugashiga olib kelgan boʻlsa-da, ularning rivojlangan madaniyatga, jumladan, har qanday yozma adabiyot anʼanalariga ega emasligi tufayli yarimorol hududida yaratilgan yozma adabiyot Rimlashgan yoʻnalishda davom etdi.

Yarimorolda yaratilgan asarlar orasida eng yuksaklaridan biri Saint Isidore of Seville (taxm. 560–636) qalamiga mansub Etymologiae boʻlib, u antik bilimlarning umumiy jamlanmasini yaratishga qaratilgan.

Renessans davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Fernando de Rojas tomonidan yozilgan La Celestina.

Renessans davrining muhim yoʻnalishlariga Garcilaso de la Vega va Juan Boscán ijodi orqali namoyon boʻlgan sheʼriyat, shuningdek, Fray Luis de León, San Juan de la Cruz va Santa Teresa de Jesús asarlarida koʻzga tashlanadigan diniy adabiyot kiradi.

Barokko davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

XVII asr Barokko davrining muhim yoʻnalishlariga Francisco de Quevedo va Baltasar Graciánning nasriy ijodi, Lope de Vega, Pedro Calderón de la Barca va Tirso de Molina nomlari bilan bogʻliq teatr sanʼati, shuningdek, Luis de Góngora (Kulteranist yoʻnalish vakili) va Francisco de Quevedo (Konseptist yoʻnalish vakili) ijodiga mansub sheʼriyat kiradi.

  1. The Literature of Al-Andalus, The Cambridge History of Arabic Literature. Cambridge: Cambridge University Press, 2000. DOI:10.1017/chol9780521471596. ISBN 978-0-521-47159-6. 
  2. J. A. Garrido Ardila „A Concise Introduction to the History of the Spanish Novel“ A History of the Spanish Novel, Oxford University Press 2015