Kontent qismiga oʻtish

Iso ibn ash-Shayx ash-Shayboniy

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Abu Muso Iso ibn ash-Shayx ibn as-Salil al-Zuhliy ash-Shayboniy (arabcha: أبو موسى عيسى بن الشيخ بن السليل الذهلي الشيباني‎; 882/883-yilda vafot etgan) – Shayboniy qabilasi yetakchisi. Abbosiylar xalifaligidagi ichki beqarorlikdan foydalangan holda taxminan 867–870-yillar orasida Falastin va janubiy Shomda yarim mustaqil koʻchmanchi davlat barpo etgan. Biroq Abbosiylar armiyasi uning yerlarini tortib olib, evaziga uni Armaniston va Diyor Bakr viloyatlari hokimi etib tayinlagan. Armanistonda xristian knyazlarining kuchayib borayotgan taʼsirini jilovlashga harakat qilgan, lekin oʻz qoʻl ostidagi noiblaridan birining qoʻzgʻolonini bostira olmagach, mamlakatni tark etib, oʻz vatani Jaziraga qaytgan. U yerda hayotining soʻnggi yillarida Mosul hukmdori Isʼhoq ibn Kundoj bilan kurash kechgan. Abu Muso 882/883-yilda Mosulda vafot etgan.

Isoning yoshlik davri haqida maʼlumotlar yoʻq. U Jazira mintaqasidan boʻlgan Shaybon qabilasiga mansub edi, biroq otasining ismi ham aniq emas, turli manbalarda ash-Shayx, Ahmad yoki Abdurazzoq deb keltiriladi[1]. 848-yilda Maronddagi qoʻzgʻolonchi Muhammad ibn al-Baʼisga qarshi yuborilgan Abbosiylar qoʻshini tarkibida Bugʻa ash-Sharabiy boshchiligida ishtirok etgan. Muhammad va uning koʻpchilik tarafdorlari Rabi’a qabilalar ittifoqiga mansub edi. Shu sababli Bugʻa Iso ibn ash-Shayxni qoʻzgʻolonchilar huzuriga elchi sifatida yuborgan va Iso ularning bir qismini taslim boʻlishga koʻndira olgan[1][2].

  1. 1,0 1,1 Canard (1978), p. 88
  2. Cobb (2001), p. 38