Kontent qismiga oʻtish

Islomiy ismlar

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Islomiy ismlar musulmon xalqlariga xos boʻlgan va nafaqat Islom olamida, balki undan tashqarida ham keng tarqalgan kishi ismlaridir. Ular orasida bevosita islom taʼsirida vujudga kelgan ismlar ham, islomdan avval ham mavjud boʻlgan ismlar ham bor. Musulmon ismlarining tarqalishi u yoki bu jamiyatning islomlashuvi jarayonining bir jihati hisoblanadi.

Shariatga koʻra, har bir bola tugʻilganidan soʻng qisqa vaqt ichida ism qoʻyilishi va bu ism maʼlum shartlarga mos kelishi lozim. Eng maqbul ismlar Abdulloh va Abdurahmon hisoblanadi, ulardan keyin boshqa ismlar (masalan, Abdulaziz) hamda paygʻambarlar va nabiylarning ismlari (misol uchun, Ibrohim) turadi.

Ismning maʼnosi va kelib chiqishiga koʻra, u joiz yoki nojoiz boʻlishi mumkin. Maʼnosi nojoiz boʻlgan ism egasi uni yaxshirogʻiga oʻzgartirishi shart. Odatda yangi musulmonlar shunday yoʻl tutishadi. Baʼzi mamlakatlarda taqiqlangan ismlar roʻyxati mavjud boʻlib, uning tarkibiga aholining u yoki bu oqimga ergashishi taʼsir koʻrsatadi. Sunniylar uchun odatiy hisoblangan ismlar shialar uchun maqbul boʻlmasligi mumkin va aksincha.

Asosan, islomiy ismlar arab tilidan kelib chiqqan, biroq bu har qanday arabcha ism musulmoncha ism ekanligini anglatmaydi. Shuningdek, anʼanaviy tarzda musulmonlar bilan bogʻlanadigan, ammo boshqa tillardan (masalan, fors tilidan) kelib chiqqan bir qator ismlar ham mavjud.

Islomda ismning ahamiyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Islomda barcha erkak va ayollarga ism qoʻyish majburiydir[1]. Muhammad paygʻambar va uning sahobalari haqidagi turli rivoyatlarga koʻra, oʻsha davrda chaqaloqqa tugʻilishi bilanoq yoki 3, 7 yoxud 9 kun oʻtgandan soʻng ism qoʻyish odat boʻlgan. Mashhur hadisshunos Abu Bakr al-Bayhaqiy [en] 7-kunni eng maqbul muddat deb hisoblagan[2].

Ism tanlash bolaning onasini emas, balki otasining haqidir[3]. Ismning yaxshi maʼnoga ega boʻlishi, kamroq harflardan iborat boʻlishi, tilda oson va tez esda qoladigan boʻlishi maqsadga muvofiqdir[4][5]. U ezgu maʼnoni anglatishi, talaffuzi yoqimli boʻlishi va sharʼiy jihatdan taqiqlangan yoki qoralangan narsaga ishora qilmasligi lozim[6]. Hadislarning birida Muhammad paygʻambarning quyidagi soʻzlari keltirilgan:

„Darhaqiqat, qiyomat kuni sizlar oʻz ismlaringiz va otalaringizning ismlari bilan chaqirilasizlar. Shu bois, farzandlaringizga goʻzal ismlar qoʻyingiz!“[7]
Buxoriy, „Al-adab al-mufrad“ asarida

Mashhur faqih olim Abulhasan Shofiʼiy Movardiy oʻzining „Nasihat al-muluk“ („Hukmdorlarga nasihat“) nomli kitobida shunday yozgan:[8]

Agar farzand dunyoga kelsa, unga nisbatan taqvodorlikning dastlabki koʻrinishlaridan biri unga chiroyli ism va goʻzal, yaxshi kunyani qoʻyishdir. Darhaqiqat, chiroyli ism eshitilgan zahotiyoq qalblarda iz qoldiradi.
  1. Абу Зейд Б. 1995, s. 20.
  2. Ибн Каййим 2009, s. 151—154.
  3. Ибн Каййим 2009, s. 197.
  4. Абу Зейд Б. 1995.
  5. Аль-Маварди 1983, s. 167.
  6. Абу Зейд Б. 1995, s. 31.
  7. Ahmed S. 1999, s. XI.
  8. Аль-Маварди 1983.