Isbot qilish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Isbot qilish – jinoyat-protsessual huquqda jinoyat ishi boʻyicha haqiqatni bilish jarayoni boʻlib, u ishni qonuniy, asoslangan shu bilan bir qatorda adolatli hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlar toʻgʻrisidagi haqiqatni aniqlash maqsadida dalillarni toʻplash hamda tekshirish va baholashdan iborat [1]. Taʼkidlash lozimki isbot qilishning umumiy shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining IX bobida belgilangan [2]. Isbot qilishni surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud amalga oshiradi. Isbot qilishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, himoyachi, jamoat ayblovchisi, jamoat himoyachisi, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar hamda ularning vakillari ishtirok etish huquqiga ega hisoblanadilar. Isbot qilishda ishtirok etishga guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar, holislar, shu jumladan boshqa fuqarolar va mansabdor shaxslarning ham jalb etilishi mumkin. Ular qonunda belgilangan tartibda dalillarni toʻplash, tekshirish hamda baholash bilan bogʻliq huquqlarni amalga oshiradilar va shu bilan birgalikda majburiyatlarni bajaradilar. Dalillarni toʻplash, tekshirish hamda baholash jarayonida fuqarolarning, shu jumladan korxonalar, muassasalar shuningdek tashkilotlarning huquqlari yoki qonuniy manfaatlarini qoʻriqlashni taʼminlanishi shart boʻladi. Isbot qilish jarayoni maʼlum bir muddatlar bilan cheklanganligini aytib oʻtish lozim. Jinoyat ishi yuzasidan surishtiruv oʻn sutkadan oshmagan muddatda, dastlabki tergov esa jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan kundan boshlab uch oydan oshmagan muddatda tamomlanishi ham muhim. Isbot qilishda quyidagilar taqiqlanadi : 1) shaxslarning hayoti va sogʻligi uchun xavfli boʻlgan yoki ularning shaʼni yoki qadr-qimmatini kamsituvchi xati-harakatlarni sodir etish; 2) zoʻrlik, poʻpisa qilish, aldash va qonunga xilof boshqa yoʻllar bilan koʻrsatuv, tushuntirish, xulosalar olishga, eksperimental harakatlarni bajarishga erishish; 3) tungi vaqtda, yaʼni kech soat 22-00 dan ertalab soat 6-00 gacha tergov harakatlari olib borish shular jumlasidandir.

Tayyorlanayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyatning oldini olish hamda jinoyat izi yoʻqolishiga yoki gumon qilinuvchining qochib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, eksperiment jarayonida tekshirilayotgan hodisaning holatini qaytadan tiklash zarurati boʻlgan hollar bundan mustasno boʻladi. Tergov yoki sud harakatlari bilan bogʻliq ishlarni bajarayotganda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya va ishda mutaxassis yoki ekspert sifatida ishtirok etayotgan shifokorlardan boshqa shaxslarning oʻzga jinsdagi shaxsni yalangʻoch qilib yechintirish chogʻida hozir boʻlishlari qonunan taqiqlanadi. Davlat sirlari boʻlgan hujjatlar yoki narsalarni koʻzdan kechirish shuningdek olib qoʻyish va unga doir boshqa harakatlar faqat surishtiruvchi yoki tergovchining prokuror sanksiya bergan qaroriga binoan yohud sud ajrimiga koʻra amalga oshirilishi mumkin.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Toychiyev, N., ed (2009). "Isbot qilish". Oʻzbekiston yuridik ensiklopediyasi. Toshkent: „Adolat“ nashriyoti. p. 223. 
  2. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksi