Iroq qoʻzgʻoloni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Iroq qo'zg'olonidan yoʻnaltirildi)

Iroq qoʻzgʻoloniIroq xalqining ingliz mustamlakachilariga qarshi milliy ozodlik qoʻzgʻoloni (1920-yil iyun — 1920-yil oktyabr). Arab davlatlarining ustidan Angliya va Fransiya xukmronligini oʻrnatish toʻgʻrisidagi San-Remo konferensiyasi (1920-yil aprel)ning qarori qoʻzgʻolonning boshlanishiga asosiy sabab boʻldi. 1920-yil 30 iyunda Rumayta shahrida boshlangan qoʻzgʻolon tez orada Iroqning katta qismini qamrab oldi. Qoʻzgʻolonda dehqonlar, yarim koʻchmanchi qabilalar ishtirok etdi. Unga qabila shayxlari bilan shia ulamolari boshchilik qildi. Qoʻzgʻolonchilar inglizlar ustidan bir necha gʻalabaga erishdi. Ozod qilingan hududlarda inqilobiy hukumat organlari tuzildi.

Inglizlar qoʻzgʻolonni bostirishga 65 ming askar tashladi, qabilalar orasidagi nizolarni kuchaytirdi. 1920-yil oktabrda qoʻzgʻolon bostirildi. Iroq qoʻzgʻoloni magʻlubiyatga uchrasa qam, Angliya Iroqni toʻgʻridan toʻgʻri mustamlaka qilishdan voz kechishga majbur boʻldi. Inglizlar taʼsirida boʻlsa hamki mahalliy hukumat tuzildi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil