Intizomiy qismga joʻnatish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Intizomiy qismga joʻnatish — Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 49-moddasiga koʻra muddatli harbiy xizmatchilarni sud tomonidan belgilangan muddat mobaynida ichki tartibi ancha qattiq boʻlgan maxsus harbiy qismga joylashtirish orqali muayyan huquq va imtiyozlardan mahrum etish hisoblanadi [1]. Intizomiy qismga joʻnatish faqat qonunda maxsus koʻrsatilgan doirasiga, chunonchi muddatli xizmatning harbiy xizmatchilariga qoʻllanilishi uchun jinoiy jazoni maxsus turi hisoblanadi. Shuni alohida aytib oʻtish lozimki, mazkur jazoni boshqa shaxslarga qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmasligi qonunan belgilangan. Shu bilan bir vaqtda jazoning bu turini faqat harbiy jinoyat sodir etishgagina emas, balki harbiy xizmatchilar tomonidan amalga oshirilgam huquqqa zid boshqa tajovuzlarga ham qoʻllash holatlari mavjud. Aybdor shaxs ozodlikdan mahrum qilishga tayanmay maxsus harbiy qism sharoitida tuzatish mumkin boʻlgan hollarda davlat majburlovini bu chorasini tayinlashni ishga solish lozim boʻla oladi. Muddatli harbiy xizmatning oddiy askar, serjant va starshina tarkibiga chaqirilgan shaxslar muddatli xizmatning harbiy xizmatchilari deb tan olinadi. Harbiy xizmatni boshqa turlarini oʻtaydigan shaxslar bu toifaga kirmaydi. Shu bilan birgalikda jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgan shaxs muddatli xizmatni harbiy xizmatchiga mansub ekanligini belgilashda sudlar muddatli harbiy xizmatda turmaydigan shaxs tomonidan sodir etilgan jinoyat jazoni ushbu turi tayinlashiga toʻgʻri kelmasligini eʼtiborga olib, mazkur xizmatda turgan muddatning boshlanishi va tugallanishi vaqtida eʼtibor qaratishi muhim ahamiyat kasb etadi. Muddatli harbiy xizmatda boʻlish muddati „Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilanadi hamda u harbiy xizmatga joʻnatish uchun mudofaa ishlari organiga kelgan kundan harbiy qism komandirining harbiy xizmatchini boʻshatish munosabati bilan harbiy xizmatchini shaxsiy tarkib roʻyxatidan chiqarish toʻgʻrisidagi buyrugʻi chiqqan kungacha hisoblanishi belgilangan [2]. Shuningdek, shuni nazarda tutish kerakki, intizomiy qismga joʻnatish jazosini qoʻllash biron-bir boshqa holatlar bilan boʻgʻliq boʻlmaydi. Shuning uchun ushbu jazoni ilgari sudlangan shaxslarga ham, davlat majburlovining mazkur chorasiga ilgari hukm qilinganlarga ham qoʻllash mumkin boʻladi. Intizomiy qismga joʻnatish jazosining asosiy turi faqat mustaqil qoʻllanishi mumkin hamda uni boshqa asosiy jazolar bilan birga qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi [3].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi
  2. "Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni
  3. Toychiyev, N., ed (2009). "Intizomiy qismga joʻnatish". Oʻzbekiston yuridik ensiklopediyasi. Toshkent: „Adolat“ nashriyoti. p. 222.