Interoretsepsiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Interotsepsiyadan yoʻnaltirildi)

Interoretsepsiya, interotsepsiya (lot. interior — ichki, receptio — qabul qilish) — ichki aʼzolar (yurak, qon va limfa tomirlari, nafas aʼzolari, ovqat hazm qilish yoʻllari va b.) dagi sezuvchi nerv uchlari (interore-septorlar)ning qoʻzgʻalishi natijasida vujudga keladigan impulslarning markaziy nerv sistemasi tomonidan qabul qilinishi. Ingliz fiziologi Ch. Sherrington I.ni oʻrganishni boshlab berdi. U I.ning maxsus tipi propri-oretsepsiyani topdi va muskul I.sining harakat reaksiyalaridagi ahamiyatini aniqladi. Undan oldinroq muskul I.si rolini I. M. Sechenov aniqlagan. I. P. Pavlovning tashki muhit analizatorlari bilan birga organizm ichki muhitining analizatorlari ham mavjudligi haqidagi tushunchasi I.ni oʻrganishda muhim turtki boʻldi. Bu tushuncha I. P. Pavlovning shogirdi K. M. Bikov va uning maktabi tomonidan rivojlantirildi. Ular interoretseptiv shartli reflekslar hosil boʻlishi mumkinligini aniqlab, I.ning katta yarim sharlar poʻstlogʻi va uning funksiyasiga taʼsir qilishini isbotlab berishdi. Bu narsa fiziolog va vrachlarga ichki aʼzolar taʼsirchanligini oʻrganishning yangi usulini ochib berdi. I.ni oʻrganish natijasida tibbiyot na-zariyasi va tajribasi uchun muhim boʻlgan omillar aniqlandi. Interotseptik impulslarning kuchli oqimi barcha qon tomirlar, yurak va oʻpkadan markaziy nerv sistemasiga oʻtib, tomirlar tonusini tartibga soladi. Hazm yoʻli ishini yaxshilashda ham I.ning ahamiyati katta. I. va eksteroretseptorlardan markaziy nerv sistemasiga keladigan taʼsirotlarning nisbati organizm reaksiyasining bir butunliligini va organizm ichki muhitining uzluksiz oʻzgarib turadigan tashki muhit taʼsirlariga moslashishini taʼminlaydi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil