Inson biologiyasi
Inson biologiyasi (human biology) — insonni genetika (human genetics), evolyutsiya (human evolution), fiziologiya (human physiology), anatomiya (anatomy), epidemiologiya (epidemiology), antropologiya (anthropology), inson ekologiyasi (human ecology), nutritsiologiya (human nutrition), populyatsion genetika (population genetics) va ijtimoiy-madaniy kontekst (sociocultural context) kabi ko'plab turli sohalarning ta'siri va o'zaro aloqasi orqali o'rganadigan fanlararo akademik soha.[1][2] U biotibbiyot fanlari (biomedical sciences), biologik antropologiya (biological anthropology) va inson faoliyatining turli jihatlarini bog'laydigan boshqa biologik sohalar bilan chambarchas bog'liqdir. Faqat 20-asrga kelib, biogerontolog (biogerontologist), «Human Biology» jurnali asoschisi Raymond Pearl «inson biologiyasi» terminini biologiyadan alohida bo'limni tasvirlash uchun qo'llagan.[3]
Shuningdek, bu inson tanasining barcha biologik jihatlarini tavsiflovchi umumlashgan termin bo'lib, odatda inson tanasini sutemizuvchilar (Mammalia) uchun namunaviy organizm sifatida ishlatadi va bu kontekstda ko'plab bakalavriat universitet darajalari va modullari uchun asos bo'lib xizmat qiladi.[4][5]
Inson biologiyasining aksariyat jihatlari umumiy sutemizuvchilar biologiyasi bilan bir xil yoki juda o'xshashdir. Xususan, misol tariqasida insonlar:
- o'z tana haroratini saqlaydi;
- ichki skeletga ega;
- qon aylanish tizimiga ega;
- hissiy ma'lumotlarni ta'minlash hamda mushak faoliyatini boshqarish va muvofiqlashtirish uchun asab tizimiga ega;
- tirik tug'adigan va sut ishlab chiqaradigan ko'payish tizimiga ega;
- endokrin tizimga ega bo'lib, gormonlar va boshqa bio-kimyoviy signal agentlarini ishlab chiqaradi va chiqarib tashlaydi;
- havo o'pkalarga so'riladigan va energiya ishlab chiqarish uchun kislorod ishlatiladigan nafas olish tizimiga ega;
- kasalliklardan himoya qilish uchun immunitet tizimiga ega;
- chiqindilarni siydik va najas sifatida chiqaradi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Inson biologiyasi 20-asr boshlarida inson variatsiyasi, adaptatsiyasi va evolyutsiyasini tushunish uchun evolyutsion nazariya, genetika, antropologiya va populyatsiya tadqiqotlarini birlashtirgan alohida ilmiy intizom sifatida namoyon bo'ldi. Ushbu soha insonni molekulyar genetikadan tortib populyatsiya dinamikasigacha bo'lgan bir necha darajalarda biologik organizm sifatida tahlil qiladi hamda biologik va madaniy omillarning inson xilma-xilligi va salomatligini shakllantirishda qanday o'zaro ta'sir qilishini tekshiradi.
Integratsiyalashgan inson biologiyasining rasmiy o'rganilishi 1920-yillarda Charlz Darwinning evolyutsiya nazariyalari qayta ko'rib chiqilib, inson populyatsiyalariga tatbiq etila boshlangan davrda boshlandi. Bu davr avvalgi anatomik yo'naltirilgan tadqiqotlardan inson variatsiyasi, adaptatsiyasi va evolyutsion jarayonlarini yanada kengroq tushunishga o'tish bilan tavsiflanadi.[6]
Jons Xopkins universiteti biometriya va hayotiy statistika professori, biolog Raymond Pearl (1879–1940) 1929-yilda «Human Biology» jurnaliga asos solib, inson biologiyasini alohida ilmiy intizom sifatida targ'ib qildi va shakllantirdi. Pearlning 20-asrning dastlabki to'rt o'n yilligidagi ilmiy faoliyati biodemografiya, inson populyatsiyasi biologiyasi, inson hayot aylanishi va umr ko'rish davomiyligi, tug'ilish, o'sish hamda uzoq umr ko'rish va qarish (senescence) biologiyasini rivojlantirishga sezilarli hissa qo'shdi. U inson biologiyasining o'lchamlarini tekshirish uchun biometrik tahlillarni eksperimental tadqiqotlar bilan birlashtirishda kashfiyotchi bo'ldi.[7]
Ushbu shakllanish davrida Amerika Qo'shma Shtatlarida fizik antropologiyada uchta shaxs ustunlik qildi: Frans Boas (1858–1942), Aleshrdlika (1869–1943) va Ernest Xuton (1887–1954). Boas populyatsiya tahlillariga urg'u berish va avvalgi irsiy tasniflarga xos bo'lgan tipologik asoslarni rad etish orqali fizik antropologiyaga hissa qo'shdi. Uning kranial plastiklik va atrof-muhit omillarining inson biologik variatsiyasiga ta'siri haqidagi ishlari o'zgarmas irsiy tiplar haqidagi mavjud qarashlarga shubha tug'dirdi.[8]
Xrdlika 1918-yilda AQShda nashr etilgan fizik antropologiya bo'yicha birinchi jurnal — «American Journal of Physical Anthropology»ga asos soldi. Shuningdek, u 1930-yilda Amerika fizik antropologlar assotsiatsiyasini tashkil etdi. Uning faoliyati tadqiqot usullari va ma'lumotlar to'plashni standartlashtirishga qaratilgan bo'lib, bu yanada ishonchli qiyosiy tadqiqotlar o'tkazish imkonini berdi.[9]
Insonning o'ziga xos xususiyatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Inson biologiyasining asosiy jihatlari insonlar boshqa sutemizuvchilardan sezilarli darajada farq qiladigan usullardir.[10]
Insonlar hayvonning o'lchamiga nisbatan juda katta bo'lgan bosh ichidagi juda katta miyaga ega. Ushbu katta miya bir qator noyob xususiyatlarni, jumladan murakkab tillarning rivojlanishi va turli xil murakkab asboblarni yasash va ulardan foydalanish qobiliyatini ta'minladi.[11][12]
Tik turish va ikki oyoqda (bipedal) harakatlanish faqat insonlarga xos emas, biroq insonlar deyarli faqat ushbu harakatlanish usuliga tayanadigan yagona turdir.[13] Bu skelet tuzilishida, jumladan tos va son suyagining birikishida hamda boshning birikishida sezilarli o'zgarishlarga olib keldi.
Boshqa ko'plab sutemizuvchilar bilan solishtirganda, insonlar juda uzoq umr ko'rishadi[14], rivojlangan dunyoda o'limdagi o'rtacha yosh deyarli 80 yoshni tashkil etadi.[15] Shuningdek, insonlar sutemizuvchilar orasida eng uzoq bolalik davriga ega bo'lib, jinsiy yetuklik yakunlanishi uchun o'rtacha 12 yoshdan 16 yoshgacha vaqt talab qilinadi.
Insonlarda yung (fur) mavjud emas. Ba'zi odamlarda ko'proq rivojlangan bo'lishi mumkin bo'lgan qoldiq nozik tuk qoplami hamda boshda, qo'ltiq osti va qov sohalarida lokalizatsiya qilingan sochlar mavjud bo'lsa-da, sovuqdan himoyalanish nuqtayi nazaridan insonlar deyarli yalang'ochdir. Ushbu rivojlanish sababi hali ham ko'p muhokama qilinadi.
Inson ko'zi ob'ektlarni rangli ko'ra oladi, lekin kam yorug'lik sharoitlariga yaxshi moslashmagan. Hid bilish va ta'm bilish sezgilari mavjud, biroq boshqa ko'plab sutemizuvchilarga nisbatan birmuncha sustroqdir. Inson eshitish qobiliyati samarali, lekin ba'zi boshqa sutemizuvchilar kabi o'tkir emas. Shunga o'xshash tarzda, insonning teginish sezgisi, ayniqsa nozik vazifalar bajariladigan qo'llarda yaxshi rivojlangan, ammo sezgirlik hali ham boshqa hayvonlarga, xususan mushuklar kabi sensor mo'ylovlar (vibrissae) bilan jihozlangan hayvonlarga qaraganda sezilarli darajada kamroq.
Ilmiy tadqiqotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Inson biologiyasi insonni tirik mavjudot sifatida tushunishga harakat qiladi va bu yo'nalishdagi tadqiqotlarni ilmiy intizom sifatida targ'ib qiladi. U inson hayotining biokimyoviy va biofizik asoslarini batafsil bayon qilish hamda asosiy jarayonlarni modellar yordamida tavsiflash va shakllantirish uchun eksperimentlar va kuzatishlar kabi turli ilmiy uslublardan foydalanadi. Fundamental fan sifatida u tibbiyot uchun bilim bazasini ta'minlaydi. Uning bir qator yordamchi sohalari anatomiya, hujayra biologiyasi (cytology), gistologiya va morfologiyani o'z ichiga oladi.
Tibbiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]Inson miyasining imkoniyatlari va asboblarni yasash hamda ulardan foydalanishdagi inson epchilligi insonlarga ilmiy tajribalar, jumladan disseksiya, autopsiya, profilaktik tibbiyot orqali o'z biologiyasini tushunishga imkon berdi, bu esa o'z navbatida kasalliklarning ta'sirini tushunish va yumshatish orqali insonlarga umr ko'rish davomiyligini uzaytirish imkonini berdi.
Inson biologiyasini tushunish sutemizuvchilar biologiyasini va kengaytirilgan holda barcha tirik organizmlar biologiyasini yanada kengroq tushunishga imkon berdi va bunga turtki bo'ldi.
Oziqlanish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Insonning oziqlanishi sutemizuvchilarning hamma narsani iste'mol qiluvchi (omnivore) oziqlanishiga xos bo'lib, uglevodlar, yog'lar, oqsillar, vitaminlar va minerallarning muvozanatli qabul qilinishini talab qiladi. Biroq, inson ratsioni bir nechta o'ziga xos talablarga ega. Bularga ikkita o'ziga xos aminokislota — alfa-linolen kislotasi va linol kislotasi kiradi, ularsiz hayotni o'rta va uzoq muddatda davom ettirib bo'lmaydi. Barcha boshqa yog' kislotalari oziq-ovqat yog'laridan sintezlanishi mumkin. Shuningdek, inson hayoti oziq-ovqatda bir qator vitaminlar bo'lishini talab qiladi va agar ular yetishmasa yoki nomaqbul darajada kam bo'lsa, o'lim bilan yakunlanishi mumkin bo'lgan metabolik buzilishlar yuzaga keladi. Inson metabolizmi ko'plab boshqa sutemizuvchilarga o'xshaydi, faqat singa (scurvy) va boshqa yetishmovchilik kasalliklarining oldini olish uchun S vitaminini qabul qilish zarurati bilan farqlanadi. Sutemizuvchilar orasida g'ayritabiiy tarzda, inson quyoshdan tushadigan tabiiy ultrabinafsha nurlar yordamida terida D3 vitaminini sintez qilishi mumkin. Bu qobiliyat sutemizuvchilar dunyosida keng tarqalgan bo'lishi mumkin, ammo boshqa juda kam sutemizuvchilar insonning deyarli yalang'och terisiga ega. Inson terisi qanchalik qora bo'lsa, u D3 vitaminini shunchalik kam ishlab chiqara oladi.
Boshqa organizmlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Inson biologiyasi inson tanasida yoki ichida yashaydigan barcha organizmlarni ham qamrab oladi. Bunday organizmlar burgalar va kanalar kabi parazit hasharotlardan, jigar qurtlari kabi parazit gelmintlardan tortib, bakterial va virusli patogenlargacha bo'lgan diapazonni qamrab oladi. Inson biologiyasi bilan bog'liq ko'plab organizmlar yo'g'on ichakdagi ixtisoslashgan biom hamda teri, tomoq va burun sohasidagi biotik floradir. Ushbu biotik majmualarning ko'pchiligi insonlarni zarardan himoya qilishga va hazm qilishga yordam beradi hamda hozirda ularning kayfiyat va farovonlikka murakkab ta'sir ko'rsatishi ma'lum.
Ijtimoiy xatti-harakatlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Barcha sivilizatsiyalardagi insonlar ijtimoiy mavjudotlardir va muloqot qilish uchun o'zlarining til va asbob yasash mahoratlaridan foydalanadilar.
Ushbu muloqot qobiliyatlari sivilizatsiyalarning o'sishiga imkon beradi hamda san'at, adabiyot va musiqa yaratishga, shuningdek, texnologiyani rivojlantirishga yo'l ochadi. Bularning barchasi butunlay inson biologik xususiyatlariga bog'liqdir.
Ushbu mahoratlarning ishga solinishi insoniyatga boshqa ko'plab turlarning zarariga quruqlikdagi biomda ustunlik qilish imkonini berdi.[16]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Sara Stinson, Barry Bogin, Dennis O'Rourke. Human Biology: An Evolutionary and Biocultural Perspective. Publisher John Wiley & Sons, 2012. ISBN 1118108043. Page 4-5.
- ↑ Kuykendall, Kevin; Elton, Sarah (July 2014). "The Human Biology of the Past" (en). Annals of Human Biology 41 (4): 283–286. doi:10.3109/03014460.2014.924252. ISSN 0301-4460. http://www.tandfonline.com/doi/full/10.3109/03014460.2014.924252.
- ↑ „Human Biology - Definition, History and Major“ (en-US). Biology Dictionary (2017-yil 26-may). Qaraldi: 2019-yil 22-mart.
- ↑ „BSc Human Biology“. Birmingham University. 2022-yil 27-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 27-fevral.
- ↑ „SK299 Human biology“. The Open University. Qaraldi: 2021-yil 27-fevral.
- ↑ Little, Michael A. (2010), Muehlenbein, Michael P. (muh.), „History of the Study of Human Biology“, Human Evolutionary Biology, Cambridge: Cambridge University Press, 29–47-bet, ISBN 978-0-521-70510-3, qaraldi: 2025-11-05
- ↑ Little, Michael A.; Garruto, Ralph M. (February 2010). "Raymond Pearl and the shaping of human biology". Human Biology 82 (1): 77–102. doi:10.3378/027.082.0105. ISSN 1534-6617. PMID 20504172. https://pubmed.ncbi.nlm.nih.gov/20504172.
- ↑ Little, Michael A.; Kennedy, Kenneth A.R.. Histories of American Physical Anthropology in the Twentieth Century, 2010.
- ↑ Little, Michael A. (April 2018). "Physical anthropology in 1918 and the founding of the U.S. journal". American Journal of Physical Anthropology 165 (4): 626–637. doi:10.1002/ajpa.23394. ISSN 1096-8644. PMID 29574832. https://pubmed.ncbi.nlm.nih.gov/29574832.
- ↑ „The traits that make human beings unique“. BBC. Qaraldi: 2020-yil 27-fevral.
- ↑ „What makes humans special?“. London School of Economics and Political Science (2016-yil 3-mart). Qaraldi: 2021-yil 27-fevral.
- ↑ „We are humans“. Australian Museum (2021). Qaraldi: 2021-yil 27-fevral.
- ↑ Harcourt-Smith, W.H.E. (2010). "The First Hominins and the Origins of Bipedalism.". Evo Edu Outreach 3 3 (3): 333–340. doi:10.1007/s12052-010-0257-6.
- ↑ „The tricks that help some animals live for centuries“. BBC (2017-yil 31-mart). Qaraldi: 2021-yil 28-fevral.
- ↑ „Life expectancy for men and women“. WorldData.info (2018). Qaraldi: 2021-yil 28-fevral.
- ↑ Vitousek, P. M. (25 July 1997). "Human Domination of Earth's Ecosystems". Science 277 (5325): 494–499. doi:10.1126/science.277.5325.494. https://www.science.org/doi/10.1126/science.277.5325.494. Qaraldi: 28 February 2021.Inson biologiyasi]]