Kontent qismiga oʻtish

Inşirah xonim

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Inşirah xonim
Tugʻilishi Seniye Voçibe
10-iyul 1887-yil
Maşukiye, Izmit, Usmoniylar imperiyasi
Vafoti 10-iyun 1930-yil(1930-06-10)
(42 yoshda)
Qohira, Misr qirolligi
Dafn etilgan joy
Amir Sulton qabristoni, Istanbul
Turmush oʻrtogʻi
Mehmed VI
(turm. 1905; ajr. 1909)
Toʻliq nomi
turkcha: Seniye İnshiroh hanım
usmonli turkcha: انشراح خانم
Uy Voçibe (tugʻilganda)
Usmoniylar (nikoh orqali)
Otasi Aziz Voçibe
Dini Islom, sunniylik

Inşirah xonim (usmonli turkcha: انشراح خانم‎ – „yengillik, shodlik, quvonch“, asl ismi – Seniye Voçibe; 1887-yil 10-iyulda tugʻilgan − 1930-yil 10-iyunda vafot etgan) – Usmoniylar imperiyasi sultoni Mehmed VI ning ikkinchi xotini, biroq eri taxtga oʻtirishidan oldin taloq olgan[1].

Inşirah xonim 1887-yil 10-iyulda[1] Izmitning Maşukiye hududida tugʻilgan. Asl ismi Seniye Voçibe boʻlib, zodagon Voçibe urugʻiga mansub edi. Otasi Aziz bey Voçibe boʻlgan[2]. Uning Zeki bey (1880-yillar – 1930-yillar) ismli akasi bor edi. Zeki bey sulton Mehmed V (Mehmed VI ning katta oʻgay akasi)ning xotini Dürriaden Kadınning jiyani boʻlgan[3].

Seniye qarindoshlaridan biri tomonidan saroyga olib kelingan[2]. Bu yerda Usmoniylar saroyi odatiga koʻra uning ismi Inşirah deb oʻzgartirilgan. Soʻngra u sulton Abdulmajid I ning xotini va Mehmed VI ning asrab olgan onasi Şayeste xonimga xizmat qilgan. Inşirah boʻy-basti baland, koʻzni qamashtiruvchi moviy koʻzli va juda uzun toʻq jigarrang sochli goʻzal ayol sifatida tasvirlangan[4].

Bir kuni Mehmed 40 yoshlarida boʻlganida asrab olgan onasi Şayeste xonimning saroyiga tashrif buyurdi. Bu yerda Mehmed oʻsha paytda 17 yoshda boʻlgan Inşirahni koʻrib qoldi va Şayeste xonimdan uni oʻziga nikohlab berishini soʻradi. Avvalgi 20 yil davomida Mehmedning birgina xotini boʻlib, u ham boʻlsa Nazikeda xonim edi. Biroq Nazikeda 3 qiz farzand dunyoga keltirganidan soʻng shifokorlar unga boshqa farzand koʻra olmasligini aytdi. Mehmed valiahd shahzoda boʻlgani uchun erkak voris koʻrishi kerak edi, shu sababli ham boshqa xotin olishi va oʻgʻil farzand koʻrishi kerak edi[4]. Inşirah Mehmedga turmushga chiqishni istamay, otasi va akasiga xat yozib, oʻz otasi tengi odamga turmushga chiqishni istamasligini aytdi. Ularning ikkalasi ham Inşirahni qattiq koyib, nikohni qabul qilishga majbur qildi. Nihoyat, Inşirah bu nikohga rozi boʻldi. Ularning nikohi 1905-yil 8-iyulda Çengelköy saroyida boʻlib oʻtdi[1][5]. Biroq Inşirah xonimdan zurriyod qolmagan[4]. Nikohdan soʻng uning akasi Zeki bey Mehmedning adyutanti boʻlgan[6].

Inşirah eri bilan nikohida baxtli emas edi, biroq u baribir erini rashk qilgan deya taʼriflangan. Bir kuni Mehmedni yotoqxonada Periru xalfa ismli xizmatkor qiz bilan tutib olgan. Shundan soʻng u saroyni tark etib, taloq soʻrash uchun shuni sabab qilib koʻrsatgan. Mehmed esa oʻzini haqoratlangandek his qilgan va gʻazab bilan bunga rozi boʻlgan[7]. Shundan keyin Mehmed 1909-yil 17-noyabrda Inşirahni taloq qildi. Mehmed 1918-yilda taxtga chiqishidan oldin Inşirah u bilan ajrashgani sababli u hech qachon sultonning rafiqasi maqomiga ega boʻlmagan[5][1].

Keyingi yillari va vafoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1924-yil mart oyida Usmoniylar sulolasi oila aʼzolari surgun qilingach, Inşirah dastlab Qohiraning Validebağı hududiga joylashdi[8][1][5]. Oʻsha paytda uning nega Turkiyani tark etgani nomaʼlum, chunki u sulton bilan ajrashganligi bois ortiq sulola aʼzosi emas edi. Biroq uning akasi ularning ajrimidan keyin ham Mehmed bilan qolgan va surgunga ham u bilan birga borgan.

Qohirada Inşirah nihoyatda baxtsiz hayot kechirgani aytiladi. Shu sababli Mehmed VI yashab turgan Sanremo shahriga borgan. Akasi Zeki bey unga sobiq eri bilan koʻrishishga ruxsat bermagan. Uning takror-takror iltimoslaridan soʻng, singlisiga shunday degan: „Kelgan joyingga qayt, bu yerda nima qilyapsan? Sen bu odamni tark etgansan, undan yordam soʻrashga haqqing yoʻq“. Akasi singlisiga bir hamyon pul bergan, uni mehmonxonada xonaga joylashtirgan va ertasiga Qohiraga joʻnatib yuborgan. Mehmed VI oʻzining sobiq xotini Sanremoga kelganidan hech qachon xabar topmagan[6]. Qohiraga qaytgach, Inşirah yanada baxtsiz umr kechirgan va oʻz joniga qasd qilishga uringan, biroq jiyani Zernigul xonim uni qutqarib qolgan. Ammo keyinchalik Inşirah yana bir bor bu ishga qoʻl urgan va 1930-yil 10-iyunda[1][5] Nil daryosiga oʻzini tashlab, joniga qasd qilgan[8]. Uning oilasi jasadini Istanbulga olib kelib, Amir Sulton qabristoniga dafn etgan[8].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 Uluçay 2011, s. 263.
  2. 2,0 2,1 Açba 2004, s. 70, n. 3.
  3. Bardakçı 2017, s. xvii.
  4. 4,0 4,1 4,2 Açba 2004, s. 70.
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 Sakaoğlu 2008, s. 706.
  6. 6,0 6,1 Bardakçı 2017, s. 87.
  7. Açba 2004, ss. 71–72.
  8. 8,0 8,1 8,2 Açba 2004, s. 70 n. 3.