Idiotiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Idiotiya (yun. idioteia — nodonlik), tentaklik, telbalik — tugʻma oligofreniyaning eng ogʻir shakli, aql, nutq va tafakkurning mutlaq rivojlanmaganligi bilan ifodalanadi. Ona qornidaligidayoq bola miyasining rivojlanmay qolishi I. ga sabab boʻladi. Bemorning diqqat-eʼtibori beqaror boʻlib, atrofdagi voqelikni toʻliq idrok eta olmaydi, odatdagi taʼsirotlarga beradigan javoblari ham nomunosib boʻladi. Nutq esa gʻalati tovushlar chiqarish yoki ayrim oddiygina soʻzlarni takrorlayverish bilan chegaralanadi, atrofdagilarning soʻzlarini deyarli tushunmaydi. Harakatlar ham poyma-poy, baʼzan esa bir maromdagi oddiy harakatlarni muntazam takrorlayverishdan iborat boʻladi. Hissiyot beqaror, oddiy ehtiyojlarning qondirilishi yoki qondirilmasligiga bogʻliq boʻlib, bemor salga gʻazablanishi, oʻziga yoki atrofdagilarga nisbatan tajovuz qilishi ham mumkin; u isqirt, toza yoki iflos narsalarning farqiga bormaydi. Bundan tashqari, ularda bir qancha jismoniy kamchiliklar ham uchraydi. Bunday bemorlar atrofdagilar (qarindosh-urugʻlari, yaqin kishilari va davolash muassasalari xizmatchilari) nazoratiga va parvarishiga muhtoj boʻladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil