Ichkilik xumori

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ichkilik xumori - surunkali alkogolizmga mubtalo boʻlganlar ichkilikdan voz kechganida kuzatiladigan "xumor" holati. Surunkali alkogolizmdagi abstinent holati (sindromi). Bu somatovegetativ, nevrologik va ruhiy buzilish alomatlari yigʻindisi (simptomokompleks) boʻlib, muntazam ravishda spirtli ichimlik ichadigan kishi uni ichmay qoʻyganida kuzatiladi. I.x.da yuz va koʻz qizaradi, yurak urishi tezlashadi, qon bosimi koʻtariladi, yurak sohasida noxush sezgi, bosh aylanishi va ogʻrigʻi, terlash, sov-qotish, qoʻl barmoklari, bugim va mus-kullar, shuningdek, meʼda va jigar sohasida ogʻriq, qoʻl yoki tananing qaltirashi, ich ketishi, chanqash, koʻngil aynishi, qusish, ishtaha yoʻqolishi, holsizlik, uyqu buzilishi kabi alomatlar namoyon boʻladi. Bunday holat maʼlum bir miqdorda spirtli ichimlik ichilsa, yoʻqolgandek, bemorning umumiy ahvoli yaxshilangandek tuyuladi, lekin bu vaqtincha boʻlib, 2—3 so-atdan soʻng bu alomatlar yana koʻzga tashlanadi va kishi spirtli ichimlik to-pishga va ichishga harakat qiladi; u spirtli ichimlikni oʻzining jismoniy va ruhiy holatini yengillashtirib turish maqsadida betoʻxtov ichib turishga majbur boʻlib qoladi. Bunday toʻxtovsiz yoki "yotib ichish" bir necha kundan bir necha haftagacha va hatto bir necha oygacha davom etadi.

Bemor ichkilikbozlikdan davolanmay, ichishni davom ettiravergach, I.x. sindromining alomatlari kuchayib, murakkablashib unga ruhiy kasallik belgilari qoʻshiladi. Uning kayfiyatida tushkunlik, tez oʻzgaruvchanlik, taʼsirchanlik, qoʻrqoqlik paydo boʻladi, atrofdagilardan shubhalanish, gumonsirash, ularga ishonmaslik kabi alomatlar, shuningdek, oʻz-oʻzini ayblash, uyqu buzilishi, yomon va qoʻrqinchli tushlar koʻrish, har xil qoʻrqinch va vahimalar kuzatiladi. Ayrim hollarda bu sindrom oʻtkir alkogol psixozlari — alkogol deliriysi (oq alahlash), alkogol gallyusinozi va b.ga oʻtib ketishi mumkin.

Bunday dardga yoʻliqqan bemor narkologiya shifoxonalarida shu soha mutaxassislari tomonidan davolanadi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil