Ich ketishi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Ich surishidan yoʻnaltirildi)

Ich ketishi, ich surishi, diareya — tez-tez ich kelishi bilan kechadigan ichak kasalligi, ichak shilliq qavatining yalligʻlanishi, ichakning harakati, oziq moddalarni soʻrish va shira chiqarish funksiyalari buzilishi natijasida kelib chiqadi. Ich ketishiga koʻpincha ingichka yoki yoʻgʻon ichakdagi yalligʻlanish (kolit) jarayonlari sabab boʻladi. Meʼda va meʼda osti bezi faoliyatining buzilishi (axiliya, pankreatin), avitaminozlar, surunkali zaharlanishlar, nerv regulyatsiyasining izdan chiqishi va boshqalar ham ich ketishiga sabab boʻlishi mumkin. Ichak peristaltikasi (harakati) kuchayganda ich suyulib, tez-tez keladi, chunki ichakdagi suyuqlik tez harakatlanadi va qonga soʻrilib ulgurmaydi. Kishi haddan tashqari hayajonlanganda yoki qoʻrqqanda, shuningdek, ichak peristaltikasini kuchaytiradigan ovqat (sabzavot, hoʻl meva, kepakli non va h.k.) koʻp yeyilganda ich ketadi. Baʼzan meʼdada ovqat yetarli hazm boʻlmaganda, masalan, meʼda osti bezi va jigarning sekret (shira, ut) ishlab chiqarish funksiyasi buzilganda ovqat tuzuk hazm bulmay, ich surishi mumkin.

Turli mikroorganizmlar (masalan, dizenteriya, xelikobakter pilori, ichak tayoqchalari mikroblari) va ularning toksinlari (zaharlari) taʼsirida ichaklar, ayniqsa, ingichka ichak shilliq pardasi yalligʻlanib, koʻpincha ich ketishi ga sabab boʻladi (qarang Enterit). Ich ketishi alohida kasallik boʻlmay, dizenteriya, ovqatdan boʻladigan toksikoinfeksiyalar, ich terlama, paratif, vabo, surunkali ichak yalligʻlanishi (surunkali enterokolit, kolit) kabi bir qator kasalliklar belgisidir. Shu bois ich ketganda darhol vrachga murojaat kilish kerak. Ichak yalligʻlanganda goh bijgʻish (achish), goh chirish (sasish) jarayoni kuchayadi, mas, ingichka ichak yalligʻlanganda bijgʻish, yugʻon ichak yalligʻlanganda chirish ustun buladi. Ich ketishining davosi va parhezi ham shunga qarab belgilanadi.

Mishyak, simob, kislota, ishqor kabilardan zaharlanishda, shuningdek, baʼzi sabablarga kura organizmda hosil boʻlib, unda unlashib qolgan endogen toksinlardan zaharlanishda ich ketishi mumkin (masalan, uremiyada ich ketishi). Gijjalar ham ichakni yalligʻlantirib, ich surishi mumkin.

Ich ketishini toʻgʻri davolash uchun uning sabablarini bilish va ularni bartaraf qilish kerak. Ich ketishining xiliga va sababiga qarab parhez qilishning ahamiyati katta. Mas, ichakda bijgʻish jarayoni ustun boʻlsa, uglevodli ovqatlar (mas, xamir ovqat, shirinlik) cheklanib, asosan, oqsilli ovqat (tvorog, tuxum, gusht yoki baliq) buyuriladi, chirish jarayoni ustun boʻlsa, oqsilli ovqat (ayniqsa goʻsht, tuxum) oʻrniga uglevodli ovqat (shirinlik, pishirib ezilgan sabzavot), hoʻl meva, shovla, shirguruch, shirqovoq va sh.k. ovqatlar buyuriladi. Dorilar va parhez haqida vrachdan maslahat olish ke-rak.

Oldini olish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tartib bilan toʻgʻri ovqatlanish (ovqatni har kuni maʼlum soatlarda, shoshmasdan, meʼyorida yeyish), oziq-ovqatni buzilishi va ay-nishidan saqlash, ovqatni yaxshilab pishirish muhim. Hayajonlanish, qoʻrqishdan kelib chiqadigan (nevrogen) ich ketishining oldini olish uchun nerv sistemasini chiniqtirish kerak. Meʼda faoliyatining buzilishidan kelib chiqadigan ich ketishining oldini olish uchun meʼda kasalliklarini davolatish va oldini olish zarur. Qoʻl, idish-tovoqni toza tutish, ogʻrigan tishni oʻz vaqtida davolatish kabi shaxsiy profilaktika choralari koʻriladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Qosimov E. Y. va b., Ichki kasalliklar propedevtikasi. Toshkent, 1996.
  • Yoʻldoshev K. Y. va b., Xronik kolitlar va yoʻgʻon ichak diskineziyalari, Toshkent, 1989.
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000.