Ibn Tabataba
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ibrohim Tabataba ibn Ismoil ad-Dibadj ibn Ibrohim al-Gʻamr ibn al-Hasan al-Musanno (arabcha: أبو عبد الله محمد بن إبراهيم بن إسماعيل الديباج بن إبراهيم الغمر بن الحسن المثنى, 815-yil 15-fevralda vafot etgan), shuningdek, Ibn Tabataba 814—815-yillarda Toʻrtinchi fitna davrida Abbosiylar xalifaligiga qarshi muvaffaqiyatsiz Zaydiylar qoʻzgʻolonning ramziy yetakchisi boʻlgan Hasaniy. Ismoil ibn ad-Dibaj Hasan al-Muthannaning nabirasi.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tabataba laqabi yo uning otasi Ibrohimga, yo bobosi Ismoilga berilgan. Rivoyatlarga koʻra, bu laqab ularning nutqidagi nuqson yoki tutilib gapirishi tufayli paydo boʻlgan. Biroq bu atama ogʻzaki nutqda ham ota, ham ona tomondan Aliylar avlodiga mansublikni ifodalash uchun qoʻllangan[1]. Ibn Tabataba Nasr ibn Shabos tomonidan imomlikka nomzod qilib koʻrsatilgunga qadar Madinada yashagan[2]. Shundan soʻng, unda mansabga intilish uygʻonib, Nasr ortidan Iroqqa yoʻl olgan. Biroq u yerda Nasrning hamkorlari Ibn Tabatabaning nomzodligiga qarshi boʻlishdi. Ular Madinaga qaytib ketishi uchun unga 5 000 oltin dinor taklif qilishdi. Tabataba pul taklifini rad etib, Madinaga tomon yoʻlga chiqqan[3].
Yoʻlda ekanida al-Husayn qabri atrofida Zaydiylarni toʻplayotgan Abulsarayaning Aliylar qoʻzgʻoloni boshlayotgani haqida xabar topgan. Shundan soʻng, darhol Aliylar tayanchi boʻlgan Kufa shahriga yoʻl olgan. U yerda bir nechta yaxshi qurollanmagan kufaliklarnigina oʻz ishiga jalb eta olgan[3]. Ikki guruh belgilangan kunda Kufa shahri chekkasida, shaharga kirish arafasida uchrashgan. Abulsaraya 814-yil 27-dekabrda (Tabariy bergan maʼlumotlarga koʻra, 815-yil 26-yanvarda[4]) Ibn Tabatabani Moʻminlar amiri deb eʼlon qilib, juma namozidagi xutbada qoʻzgʻolonning asosiy tamoyillarini bayon etgan[3].
Ibn Tabatabaning qoʻzgʻolondagi roli ramziy boʻlib, asl hokimiyat Abulsaraya qoʻlida edi[3][5]. Darhaqiqat, zamonaviy olimlar Abulsarayaning harakatlarini Aliylarga sadoqat emas, balki hokimiyatni qoʻlga kiritish uchun Aliylardan shunchaki vosita sifatida foydalanish istagi boshqargan, degan fikrni ilgari surishadi[6].
Qoʻzgʻolon dastlab muvaffaqiyatli kechib, 815-yil 14-fevralda isyonchilar xalifa al-Ma’munning Iroqdagi noibi al-Hasan ibn Sahl ularga qarshi yuborgan Abbosiylar qoʻshinlarini magʻlubiyatga uchratdilar[3][7]. Baʼzi manbalarda Ibn Tabataba Kufa shahri devorlari tashqarisida jang qilib, yaralangani aytilgan. Tabariy esa Abulsaraya uni zaharlab oʻldirganini taʼkidlagan[3][8]. Ibn Tabataba oʻlim toʻshagida yotganda oʻz oʻrniga Husayniy Ali ibn Ubaydullohni nomzod qilib koʻrsatgan. Biroq Ali bu taklifni rad etib, Muhammad ibn Zayd nomzodini koʻrsatgan[3]. Ibn Tabataba 815-yil 15-fevralda Kufada vafot etgan[1][8].
Qarindoshlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ibn Tabatabaning avlodlari Kirmon va Efiopiyaga koʻchib oʻtganidan keyingi oila shajarasi haqidagi maʼlumotlar tarixiy manbalarda uchramaydi[3]. Ukasi al-Qosim ar-Rassiy XX asrgacha Yamanning katta qismini boshqargan Zaydiy imomlarning Rassiylar sulolasiga asos solgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- 1 2 Scarcia Amoretti 1971, s. 950.
- ↑ Scarcia Amoretti 1971, ss. 950–951.
- 1 2 3 4 5 6 7 8 Scarcia Amoretti 1971, s. 951.
- ↑ Bosworth 1987, s. 12.
- ↑ Bosworth 1987, s. 13.
- ↑ Bosworth 1987, s. 13 (note 16).
- ↑ Bosworth 1987, ss. 14–15.
- 1 2 Bosworth 1987, s. 15.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- The History of al-Ṭabarī, Volume XXXII: The Reunification of the ʿAbbāsid Caliphate: The Caliphate of al-Maʾmūn, A.D. 813–33/A.H. 198–213, SUNY Series in Near Eastern Studies.. Albany, New York: State University of New York Press, 1987. ISBN 978-0-88706-058-8.
- Madelung, W. (1995). "al-Rassī". in Bosworth, C. E.. Encyclopaedia of Islam. Volume VIII: Ned–Sam (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. 453–454 b. doi:10.1163/1573-3912_islam_SIM_6247. ISBN 978-90-04-09834-3. https://referenceworks.brillonline.com/search?s.q=al-Rass%C4%AB&s.f.s2_parent=s.f.book.encyclopaedia-of-islam-2&search-go=Search.
- Scarcia Amoretti, B. (1971). "Ibn Ṭabāṭabā". in Lewis, B.. Encyclopaedia of Islam. Volume III: H–Iram (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. 950–951 b. doi:10.1163/1573-3912_islam_SIM_3387. OCLC 495469525. https://referenceworks.brillonline.com/search?s.q=Ibn+%E1%B9%ACab%C4%81%E1%B9%ADab%C4%81&s.f.s2_parent=s.f.book.encyclopaedia-of-islam-2&search-go=Search.