Ibn Moja

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Ibn Moja (toʻliq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Yazid ibn Moja ar-Rabʼi al-Qazviniy) (824, Qazvin, Eron — 886) — yirik muhaddis. Yoshlik yillaridan boshlab paygʻambarning hadislari va b. diniy ilmlarni oʻrganishga kirishdi. Hadis yigʻish niyatida Iroq, Hijoz, Shom, Misr, Kufa, Basra va islom olamining boshqa shahar va davlatlariga sayohat qildi, koʻplab shayx, muhaddislardan dars oldi, bahs, munozaralarda ishtirok etib, hadis ilmining bilimdoniga aylandi.

I. M. koʻplab shogirdlar yetishtirgan. I. M. keng qamrovli olim edi. U oʻz asrigacha yashagan kishilar hamda shaharlar haqida "Kitob at-Tarix" ("Tarix kitobi"), Qurʼon sharhi hisoblanmish "Tafsir al-Qurʼon al-Karim" ("Qurʼoni Karimga tafsir") asarlarini yozgan. I. M. ning asosiy asari — "Kitob as-Sunan" ni musulmon olimlarining koʻpchiligi "Sihah as-sitta" ("Olti sahih hadislar toʻplami") ga oltinchi toʻplam sifatida kiritgan. Bu asar 32 qism, 1500 bobdan iborat boʻlib, unda 4341 ta hadis jam qilingan, ulardan 3002 tasi beshta "Sahih" toʻplamlarida berilgan xdsislar b-n mos keladi. 1339 ta hadis esa qoʻshimcha hisoblanadi. I. M. ning "Kitob as-Sunan" asariga alhofiz Jaloliddin as-Suyutiy (1505 y. v. e.) va Shayx asSindi almadiniy (1725 y. v. e.) sharxlar yozishgan.[1]

Abu Abdulloh Muhammad ibn Yazid ibn Abdulloh ibn Moja Robiiy al-Qazviniy hijratning 209 yili Iroq shaharlaridan biri — Qazvinda tavallud topdilar. Otalari «Robia» qabilasining boshligʻi boʻlib, Moja ismi bilan tanilgan edilar.

Imom Ibn Moja «Sahih» deb tan olingan 6ta kitobdan birining sohibi boʻlmish imomlardan edilar. U zot voyaga etganda hadis toʻplash uchun Iroq, Basra, Kufa, Shom, Misr, Ray kabi oʻlkalarga safar qildilar. Damashqdagi Hishom ibn Ammor, Abbos ibn Valid, Abdulloh ibn Ahmad ibn Bashir, Mahmud ibn Xolid, Misrdagi Harlamata ibn Yahyo, Abu Tohir ibn as-Sirota, Muhammad ibn Ramh, Muhammad ibn Horis, Yunus ibn Abdul’alo, Xumsdagi Muhammad ibn Musaffo, Hashshom ibn Abdulmalik, Bogʻdoddagi Abu Bakr ibn Abu Shayba, Ahmad ibn Abda, Ismoil ibn Muso, Abu Haysama Zohir ibn Xarb kabi ulamolardan dars olib, hadislar toʻpladilar. Imom Ibn Moja hammasi boʻlib 32ta kitob yozganlar. Shulardan mashhurlari: «Sunani Ibn Moja» (hadis kitoblari), «Tafsiri Ibn Moja» (tafsir kitoblari), «Tarixi Ibn Moja» (tarix kitoblari). U zotdan Muhammad Iso al-Abhariy, Abu Umar Ahmad ibn Muhammad al-Madaniy, Ali ibn Ibrohim al-Qatton, Sulaymon ibn Yazid al-Foliy, Abu Toyyib Ahmad ibn Ruh al-Bogʻdodiylar dars olishgan va hadis rivoyat qilishgan.

Ibn Mojaning oʻzlari va kitoblari toʻgʻrisidagi ulamolar koʻp maqtovli soʻzlarni aytishgan. Abu Yaʼlo al-Halimiy aytadilar: «Ibn Mojaga odamlar ishonib, hadis ilmida u kishiga suyanadilar». Muhammad ibn Jaʼfar al-Kattoniy oʻzlarining «Risolati al-mustatrofa» kitoblarida shunday keltiradilar: «Ulamolar Ibn Mojaning „Sunan“ kitoblarini ishonchli, kuchli va fiqh ilmida katta foyda berishini koʻrib, oltinchi sahih kitob», deb tan olishdi".

Ibn Tohir aytadilar: «Kimki Ibn Mojaning hadis kitoblariga qarasa, boblari koʻpligi, bir hadis qayta takrorlanmasligi va hadislarning chiroyli tartibda yozilganligini koʻrib, haqiqatda u zotni hadis jamlashda va kitob yozishda qanday yaxshi yoʻl tutganlarini biladi. Bu kitob juda mashhur boʻlmasa ham, oʻziga yarasha obroʻ-eʼtibori bordir».

Abu Hasan Ali Ibrohim ibn Salama aytadilar: «Imomning „Sunan“ kitobi 32 juz boʻlib, unda 1500ta bob bordir. Va bu kitob 4341dan ziyoda hadisni oʻz ichiga olgandir». Bu zot hijratning 273 yili vafot etdilar.

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil


Bu sahifa oʻzbek tilining imlo qoidalariga muvofiq yozilmagan.

Nuvola apps important yellow.svg

Iltimos, bu sahifaning imlosini tekshirib, xatolarni oʻnglang. Oʻzbek tilining imlo lugʻatlari:

Oʻzbek tilining imlo lugʻati (kirill yozuvida)
Oʻzbek tilining imlo lugʻati (lotin yozuvida)


Bu maqola vikilashtirilishi kerak.

nothumb

Iltimos, bu maqolani Vikipediya qoida va yoʻllanmalariga muvofiq tartibga keltiring.