Hujayra populyatsiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Hujayra populyatsiyasi - muayyan xususiyatlariga koʻra bir xil boʻlgan hujayralar guruhi. Mas, yangilanish qobiliyatiga binoan Hujayra populyatsiyasi 3 tipga ajratiladi. Turgʻun Hujayra populyatsiyasi yangilanish qobiliyatiga ega boʻlmaydi (mas, sut emizuvchilar neyronlari). Bunday toʻqimalarda hujayralar soni ular ixtisoslashuvi boshlanishidayoq doimiy boʻlib qoladi va boʻlinish qobiliyatini yoʻqotadi. Organizm hayotining oxirida esa hujayralar soni birmuncha kamaygan boʻladi. Oʻsuvchi Hujayra populyatsiyasi yangilanish va oʻsish, hujayralar sonining ortishi va ular poliploidizatsiyasi (mas, jigar va ayrim boshqa bezlar hujayrasida) hisobidan toʻqima massasini oshirish xususiyatiga ega. Yangilanadigan Hujayra populyatsiyasi eskirib oʻlgan hujayralar oʻrniga kam ixtisoslashgan oʻzak hujayralarning boʻlinishi va ixtisoslashuvi natijasida yangi hujayralar hosil qilib turish xususiyatiga ega (mas, ichak epiteliysi, qon hujayralari). Hujayra populyatsiyasini funksiyasiga koʻra ham tasnif qilish mumkin.