Hubaysh ibn Dulja
| Hubaysh ibn Dulja al-Qayniy حبيش بْن دلجة القيني | |
|---|---|
| Vafoti | 684 |
| Fuqaroligi | Umaviylar xalifaligi |
| Qoʻshin turlari | Umaviylar armiyasi |
| Unvoni | qoʻmondon |
Hubaysh ibn Dulja al-Qayniy (arabcha: حبيش بْن دلجة القيني; 684-yilda vafot etgan) – Jund al-Urdunn (Iordaniya okrugi)da yashagan Qudoʻa qabilasining yetakchisi. Umaviylar xalifalaridan Muoviya I (h. 661–680), Yazid I (h. 680–683) va Marvon I (h. 684–685) davrida sarkarda sifatida xizmat qilgan.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hubaysh ibn Dulja Suriya va Arabistonning shimoli-gʻarbiy qismida yashagan Qudoʻa qabilalar ittifoqiga mansub arablar yetakchisi Dulja ibn Mushammitning oʻgʻli boʻlgan. Manbalarda Duljaning islom paygʻambari Muhammad bilan uchrashgani va keyinchalik Suriyaning Jund al-Urdunn hududida yashaganligi qayd etilgan[1]. Nisbasiga koʻra, Hubaysh Qudoʻa qabilalar ittifoqining bir boʻlagi boʻlgan Balqayn qabilasiga mansub. Toʻngʻich oʻgʻlining ismi Abdurahmon boʻlgani bois unga „Abu Abdurahmon“ (yaʼni, „Abdurahmonning otasi“) kunyasi berilgan[1].
Hubaysh 657-yilda xalifa Ali (h. 656–661) qoʻshinlariga qarshi Siffin jangida Muoviya ibn Abu Sufyonning Iordaniyadagi Qudaʼa qabilasi qoʻshiniga boshchilik qilgan. 667/668 va 668/669-yil qish oylarida Muoviya hukmronligi davrida Antioxiya atrofida yurishlar uyushtirishda ishtirok etgan yoki shu yurishlarga bosh boʻlgan. Muoviyaning oʻgʻli va vorisi Yazid I (h. 680–683) davrida Hubaysh 683-yilda al-Harra jangida Madina aholisiga qarshi harakatlangan Muslim ibn Uqba tomonida turib, irodaniyalik 1 000 kishilik qoʻshin tarkibida jang qilgan[1]. Yazidning vafotidan soʻng bu qoʻshin Suriyaga qaytgan, biroq 684-yilda xalifa Marvon I uni Umaviylarga qarshi boʻlgan Abdulloh ibn az-Zubayrga qarshi yuborgan[1]. Madinaning sharqiy qismida kechgan ar-Rabaza jangida Hubaysh Zubayriylar tarafdori boʻlgan Basra noibi al-Horis ibn Abdulloh al-Maxzumiy qoʻshini tarkibida boʻlgan fors kamonchisi Yazid ibn Siyoh al-Usvariy tomonidan oʻldirilgan[1]. Umaviy qoʻshinining katta qismi halok boʻlgan, biroq tirik qolganlar orasida keyinchalik Iroq noibi sifatida xizmat qilgan Hajjoj ibn Yusuf ham bor edi[2].