Kontent qismiga oʻtish

Hotim ibn an-Noʻmon

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Hotim ibn an-Noʻmon al-Bohiliy (arabcha: حاتم بن النعمان الباهلي‎) – Bahila qabilasiga mansub arab zodagonlaridan. Umaviylar xalifaligining Suriyadagi noibi, keyinchalik xalifa Muoviya I (661–680) davrida xizmat qilgan harbiy qoʻmondon.

Hotim ibn an-Noʻmon Iroqdagi asosiy arab garnizon shaharlardan biri Basrada yashovchi Qays qabilalar ittifoqiga mansub Bahila qabilasidan boʻlgan zodagonlardan edi. Keyinchalik Jazira (Yuqori Mesopotamiya) mintaqasiga koʻchib oʻtgan. Birinchi fitna paytida xalifa Ali (h. 656–661) tomonidan Iroqdan quvilgan shariflar safida boʻlgan. Hotim 657-yilda Siffin jangida xalifa Alining asosiy raqibi boʻlgan Suriya noibi Muoviya I tomonida jang qilgan[1]. Muoviya oxir-oqibat Alini magʻlubiyatga uchratgan va 661-yilda Umaviylar xalifaligiga asos solgan. IX asr tarixchisi Tabariy tomonidan qayd etilgan maʼlumotlarga koʻra, Muoviyaning hukmronligi davrida, taxminan 665 yoki 666-yillarda Hotim xalifalikning sharqiy chegarasi boʻlgan Xuroson hududlarini boshqarish uchun yuborilgan qoʻmondonlar safida boʻlgan[2].

Ikkinchi fitna paytida Hotim Umaviylar safidan ajralib chiqib, ularning raqiblari boʻlgan Zubayriylarga qoʻshilgan. Bu davrda Zubayriylar Iroq va Jaziraning katta qismini nazorat qilib turishar edi. Hotim Zubayriylar tomonidan Mosulga noib etib tayinlangan Ibn al-Ashtar boshqaruvi ostida xizmat qilgan. U Jazira viloyatining muhim shaharlari bo‘lgan Harron va Urfada noib oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritgan[1].

Hotimning avlodlari „Banu Hotim“ nomi bilan mashhur boʻlib, Umaviylar qoʻli ostidagi Armaniston va Eron Ozarbayjonining Jazira va unga qarashli viloyatlarida noib boʻlib xizmat qilgan. Ular, shuningdek, Qays–Yaman kurashining faol ishtirokchilari boʻlgan.