Havaskor atletika uyushmasi
| Qisqartma | AAU |
|---|---|
| Turi | Havaskor sport tashkiloti |
| Ishga tushgan sanasi |
21-yanvar, 1888-yil Nyu-York atletika klubi |
| Joylashuvi | Lake Buena Vista, Florida, AQSh |
| Asoschi(lar)i | James Edward Sullivan |
| Prezident/CEO | J. B. Mirza |
| Aʼzolari | umumilliy miqyosda 900 000 nafar atlet va murabbiylar |
| Vebsayti | aausports.org |
Havaskor Atletika Uyushmasi (AAU) – AQShda joylashgan havaskor sport tashkiloti[1]. Koʻp tarmoqli sport tashkiloti boʻlib, faqatgina havaskor sport turlari va jismoniy tayyorgarlik dasturlarini rivojlantirish hamda targʻib qilishga bagʻishlangan[2]. Butun mamlakat boʻylab 900 mingdan ortiq aʼzoga ega, ularning 100 mingdan ziyodi koʻngillilardir[3]. Asosiy tamoyili – „Sport hamma uchun, abadiy“.
AAU 1888-yil 21-yanvarda James E. Sullivan va William Buckingham Curtis tomonidan havaskor sportda yagona standartlarni yaratish maqsadida tashkil etilgan[4]. Shundan beri AQShdagi yosh sportchilar uchun aksariyat milliy chempionatlar AAU rahbarligi ostida oʻtkazilib keliadi. Tashkil etilgan paytdan boshlab AAU jamoat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan tashkilot sifatida AQSh sporti nomidan turli sport federatsiyalari orasida vakillik qilgan. 1800-yillarning oxiri va 1900-yillarning boshlarida Spalding kompaniyasining Spalding Athletic Library nashriyoti AAUning rasmiy qoidalarini chop etgan.
AAU ilgari hozirgi AQSh Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitasi bilan yaqindan hamkorlik qilib, AQSh sportchilarini Yozgi va Qishki Olimpiada oʻyinlariga tayyorlashda, shuningdek, milliy jamoani shakllantirish uchun sportchilarni saralashda muhim rol oʻynagan. Ushbu faoliyat doirasida 1949-yilda AAU Junior Olympic Games (AAU yoshlar olimpiya oʻyinlari) musobaqasini tashkil etilgan boʻlib, unda 8 yoshdan 16 yoshgacha (baʼzi sport turlarida undan katta) sportchilar ishtirok etishlari mumkin edi. Ushbu musobaqalarda keyinchalik jahon va Olimpiya chempionlariga aylangan koʻplab sportchilar qatnashgan va bu oʻyinlar hozirgacha har yili oʻtkazib kelinadi.
1970-yillarga kelib AAU tobora kuchayib borayotgan tanqidlarga uchradi. Koʻplar uning boshqaruv tizimi eskirgan deb hisobladi. Ayollarga ayrim musobaqalarda qatnashish taqiqlangan edi, baʼzi yuguruvchilar esa ishtirokdan chetlatilgan. Sport anjomlari sanoati ham AAUni tanqid qilib, oʻz mahsulotlari va oʻyin jihozlariga nisbatan eskirgan yoki ortiqcha standartlar joriy etish orqali yangiliklarni cheklayotganini aytdi. Shu davrda, 1978-yilda qabul qilingan „Olimpiya sport turlari toʻgʻrisidagi qonun“ AQSh Olimpiya qoʻmitasini qayta tashkil etdi hamda Olimpiya sport turlari uchun mustaqil milliy boshqaruv organlarini (NGBs) tikladi. XX asrning ikkinchi yarmida sportning kasbiylashuvi AAU faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Natijada, AAU xalqaro sportdagi taʼsirini va ahamiyatini yoʻqotdi va oʻz diqqatini, asosan, yosh sportchilarni qoʻllab-quvvatlash hamda milliy sport tadbirlarini tashkil etishga qaratdi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Amateur Athletic Union (AAU) | Gold Coast Gymnastics“ (en). www.gcgym.com. Qaraldi: 2018-yil 4-iyun.
- ↑ „Amateur Athletic Union of the United States | American sports organization“ (en). Encyclopedia Britannica. Qaraldi: 2018-yil 4-iyun.
- ↑ „AAU - Amateur Athletic Union Jobs at Work In Sports“. www.workinsports.com. Qaraldi: 2018-yil 4-iyun.
- ↑ William Buckingham „Father Bill“ Curtis: Founder of the U. S. Olympic Committee, by Lowell M. Seida (1998)