Hamadon ustoni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Hamadon
forscha: همدان/ Hamadân
Uston
Maʼmuriy markazi Hamadon
Yirik shahari Hamadon
Rasmiy tili forscha
Maydoni 19 368 km²
(oʻ %)
Koordinatalari: 34°47′54″N 48°30′53″E / 34.79833°N 48.51472°E / 34.79833; 48.51472 G O

Hamadon — Eronning gʻarbida joylashgan. Viloyat shimoldan Zanjon va Qazvin ustonlari, janubdan Luriston ustoni, gʻarbdan Kurdiston va Kirmonshoh hamda sharqdan Markaziy ustoni bilan chegaradoshdir. Bu ustonda 8 ta tuman, 23 ta baxsh, 72 ta qishloq va 27 ta shahar mavjud. Hamadon ustonidagi yirik shaharlar Asadobod, Toʻyserkon, Kabudarohang, Razan, Nahovand, Muloyir, Hamadon va boshqalar.

Ob-havosi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gʻarbdan keluvchi Oʻrta Yer dengizi havosi taʼsiri ostidadir. Bundan tashqari, shimoli-gʻarbdan, Qora dengizdan va Yevropa shimolidan esadigan havo oqimlari ham oston havosiga oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Dengiz sathidan sezilarli darajada balandlikda joylashganligi bois yomgʻirli, nam havo oqimlarining namligi oston hududida kamayadi. Hamadon Eronning eng sovuq ustonlaridan biridir.

Togʻlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hamadon ustonida Alvand, Garma, Sadra, Olobulogʻ, Buqoti, Garu yoki Gari, Xongarmaz togʻlari mavjud. Alvand va Gazin togʻlari orasida tekisliklar joylashgan. Ushbu tekislik ustonda qattiq shamollar esishiga sabab boʻladi. Togʻlar balandligi yuqori va asosan toshli boʻlganliklari uchun alpinizm uchun qulaydir. Lekin boshqa tarafdan, uston togʻlarining koʻp qismida besh oy mobaynida yoqqan qor erimaydi va ularning oʻrtacha qalinligi 5 m.ga yetadi. Oston atrofida keng dashtlar va vodiylar joylashgan. Ushbu yerlar hosildor boʻlib, ularda gʻalla ekinlari, ayniqsa, bugʻdoy ekiladi.

Oʻrmonlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qadimda keng oʻrmonlari koʻp boʻlgan. Lekin hozirda Nahovand shahri atrofidagi togʻlarda oʻrmonlar mavjud boʻlib, ularda asosan emanlar oʻsadi. Umuman olganda, Hamadon ustonida yilda 4 oy mobaynida oʻsimliklarning oʻsish jarayonini kuzatish mumkin. Qolgan oylarda esa bu jarayon toʻxtaydi. Eronning bu hududida ham bir qancha suv havzalari bor. Ular ikki turli: yer usti va yer osti suv havzalariga ega. Yer usti suv havzalari: Gomosiyob, Qaraschoy va Talvor daryolari. Yer osti suv havzalari: Nahovand, Razan va Fomini dashtlarida joylashgan. Bulardan tashqari, Akboton va Obshine suv omborlari Hamadon shahrini ichimlik suvi bilan taʼminlaydi va qisman qishloq xoʻjaligini ham suv bilan taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.

Uston nomi tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hamadon nomi miloddan avvalgi 1100-yilda Amvone yoki Omodoy ismli Ossuriya podshohining Tiglot Bolsar bitiklarida kelgan. Yunon tarixchisi Gerodot Hamadonni Akboton deb atab, Hamadon shahri qurilishini Modlarning birinchi imperatori Diyooʻkuga bogʻlaydi. Tarixchilar va arxeologlar Ahamoniy hukmdorlarining xazinalari Hamadon shahrida saqlangan, degan fikrdalar. Tilla sahifalarning Hamadon hududidan topilishi mazkur fikrni tasdiqlaydi. Hamadondagi Musallo tepaligi Ashkoniylar davrida harbiy qalʼa vazifasini oʻtagan. Sosoniy hukmdorlari ham Hamadon shahrining qulay geografik joylashuvi sababli qishki qarorgohlarini ushbu shaharda bino qildirganlar. Boshidan koʻp musibatlarni kechirgan Hamadon Saljuqiylar davrida oʻzining doimiy qudratini qoʻlga kiritdi va Safaviylar sulolasi davrida davlat eʼtiborida boʻlgan Hamadon, Qojarlar davrida Eronning eng obod mintaqalaridan biriga aylandi.

Diqqatga sazovor joylari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hamadonning bir qancha diqqatga sazovor joylari mavjud: Alaviyon gumbazi, Alisadr gʻori, Ganjnoma tosh bitiklari, Ekbatana tarixiy tepaliklari, Abu Ali ibn Sino maqbarasi, Bobo Tohir maqbarasi, Imom Humayniy maydoni, Sher haykali, Qurbon minorasi, Ashtaron qalʼasi, Ester va Murdxoy maqbarasi, Ekbatana, Alvand togʻi, Heyquq paygʻambar maqbarasi, Hazrat Hoji maqbarasi, Piri Kamarbasta yetti chinori va boshqalar [1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Mostafaviy, Hamid. Tasvirlarda Eron bo'ylab sayohat, 2013, SOKHANVARAN PUB. — 272-278 bet. ISBN 978-600-9675-31-3.