Kontent qismiga oʻtish

Halab qamali (637)

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Halab qamali (637)
Musulmonlarning Suriyaga bosqinining bir qismi
(Arab–Vizantiya janglari)
Sanalar hijriy 637-yil avgust–oktyabr
Urush yeri Halab, Vizantiya Suriyasi
Natija Roshidun xalifaligining gʻalabasi
Hududiy
oʻzgarishlar
Halab Roshidun xalifaligi tomonidan zabt etilgan
Qoʻmondonlar
Xolid ibn Valid
Abu Ubayda ibn Jarroh
Joachim
Kuchlar
17,000 Nomaʼlum

Vizantiya imperiyasining tayanchi, hal qiluvchi Yarmuk jangidan soʻng shimoliy Levantda qolgan oz sonli Vizantiya qal’alaridan biri boʻlgan Halab qamali hijriy 637-yilning avgust-oktyabr oylari orasida sodir boʻlgan.

Yarmuk jangidagi hal qiluvchi gʻalabadan soʻng musulmon qoʻshinlari shimolga, Suriyaning ichkarisiga yurish qildi. Koʻplab yirik va kichik shaharlarni egallagandan soʻng Abu Ubayda ibn al-Jarroh va Xolid ibn Valid Qinnasarin shahrida uchrashib, Halabga yoʻl oldilar. U yerda Rim generali Joachim boshchiligidagi kuchli garnizon qal’ani himoya qilayotgan edi. Halab katta devor bilan oʻralgan shahar va undan tashqarida, tepalik ustida joylashgan, deyarli zabt etib boʻlmaydigan kichikroq qal’adan iborat boʻlib, keng xandaq bilan oʻrab olingan va chorak mildan biroz kattaroq hududni egallagan edi.

Halabdagi Vizantiya qoʻmondoni Joachim qal’a tashqarisidagi ochiq joyda Xolid va Abu Ubayda qoʻmondonligi ostidagi musulmon qoʻshinini kutib oldi. Musulmonlarga qarshi kechgan jangda magʻlubiyatga uchragach, shoshgancha qal’a tomon chekindi. Joachim qamalni yorib oʻtish uchun koʻplab hujum uyushtirdi, biroq har safar muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Vizantiya imperatori Herakleios tomonidan Joachimga hech qanday yordam kuchlari yuborilmagan (imperator yordam yuborishga qodir ham emas edi). Natijada, taxminan 637-yilning oktyabr oyida rimliklar tinchlik shartlari asosida taslim boʻldi va garnizon askarlariga ketishga ruxsat berildi.

Urush oqibati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Joachim 4000 nafar yunon askari bilan birgalikda islom dinini qabul qildi. Keyinchalik xalifalikka sodiq va mohir sarkarda sifatida oʻzini namoyon qildi hamda turli musulmon qoʻmondonlari qoʻl ostida jang olib bordi[1]. Biroq Peter Crawfordning soʻzlariga koʻra, Joachimning 4000 askari bilan birga islomni qabul qilgani haqidagi maʼlumotlar shubhali[2]. Abu Ubayda ibn al-Jarroh Molik al-Ashtar boshchiligidagi qoʻshinni Azaz shahrini egallash uchun yubordi. Musulmonlar Rim deb atagan mintaqa, hozirgi Janubiy Turkiyaning Tavr togʻlaridan sharqdagi hududini oʻz ichiga oladi. Molik al-Ashtar Joachimning yordami bilan Azazni qoʻlga olgan va mahalliy aholi bilan shartnoma imzolab, Halabga qaytib keldi. Azazning qoʻlga kiritilishi va dushmandan tozalanishi muhim ahamiyatga ega boʻlib, Rim qoʻshinlarining Halab shimolida qolmasligini taʼminlash kerak edi. Aks holda, ular musulmon qoʻshinlarining yon va orqa tomonlariga hujum qilish xavfini tugʻdirishi mumkin edi. Molik al-Ashtar qoʻshin safiga qaytishi bilan Abu Ubayda gʻarb tomon yurish qilib, Antioxiyani qoʻlga kiritish uchun harakat boshladi. Shahar 637-yil 30-oktyabrda boʻlib oʻtgan Temir koʻprik jangidan soʻng egallab olingan[1].