Kontent qismiga oʻtish

Gulshoh xotun

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Gulshoh xotun

Gulshoh xotunning sarkofagi Bursadagi Murodiya majmuasida joylashgan
Vafoti tax. 1487
Bursa, Usmoniylar imperiyasi
Dafn etilgan joy
Turmush oʻrtogʻi Mehmed II
Farzandlari Shahzoda Mustafo

Gulshoh xotun (usmonli turkcha: کل شاہ خاتون‎ – „gullar shohi“; tax. 1487-yilda vafot etgan[1]) – Usmoniylar imperiyasi sultoni Mehmed II Fotihning joriyasi[2].

Kelib chiqishi nomaʼlum, biroq Usmoniylar sultonlari joriyalarining kelib chiqishi, odatda, nasroniy boʻlgan. Ular Usmoniylar qul savdosi orqali Usmoniylar imperiyasi haramiga kelgan, shu yerda islomni qabul qilgan va ularga boshqa ism berilgan[3].

Gulshoh xotun Mehmed hali shahzoda va Manisa sanjakbeyi boʻlgan paytda 1449-yilda uning haramiga kirgan. 1450-yilda sulton Murod II vafot etgach, Mehmedning taxtga chiqishidan sal avval[4][5] Gulshoh xotun oʻzining yagona oʻgʻli Shahzoda Mustafoni dunyoga keltirgan. Shahzoda Mustafo keyinchalik otasining eng sevimli oʻgʻliga aylangan[6][5]. Usmoniylar anʼanasiga koʻra, barcha shahzodalar tayyorgarlikning bir qismi sifatida viloyat sanjakbeyi sifatida xizmat qilishi kerak edi. Mustafo Konya, keyinroq esa Kayseri boshqaruvi uchun yuborilgan va Gulshoh xotun ham u bilan birga borgan[7][8].

Mustafoning vafoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mustafo 1474-yil 25-dekabrda vafot etgan[9]. Mish-mishlarga koʻra, Mustafo bosh vazir Mahmud poshoning xotini Selchuk xotunni oʻziga maʼshuqa qilgan, Mahmud esa buning uchun Mustafoni zaharlab oʻch olgan[10][5]. Gulshoh xotun shahzoda va Mahmud poshoning xotini Selchuk xotun oʻrtasidagi noqonuniy munosabatlarga sherik boʻlgan boʻlishi mumkinligi haqidagi taxminlar ham bor. Selchuk xotun Mehmed II ning kanizaklaridan biri Hadicha xotunning singlisi edi. Hadicha xotun esa Mehmed posho bilan oila qurgan[11]. Oq qoʻyunlilar va dastlabki Safaviylar Eroni haqida muhim tarixiy hisobotlar muallifi boʻlgan venetsiyalik sayohatchi, tarixchi Giovanni Maria Angiolello Mustafoning xizmatida boʻlgan va butun xonadon bilan birga shahzodaning Kayseridan Bursaga olib boriladigan marosimida ishtirok etgan. Ushbu tarixchi Mustafoning oʻlimida Mahmud poshoning hech qanday roli boʻlmaganini qayd etgan[10][12][5]. Shunga qaramay, Mehmed II oradan koʻp oʻtmay Mahmud poshoni qatl ettirgan[13].

Gulshoh xotunga oʻgʻlining vafoti haqida xabar berilmagan. Uning jasadini olib kelayotgan arava saroy tashqarisida toʻxtaganida Gulshoh va uning xizmatidagi ayollar yigʻiga tushgan. Tarixchi Babingerning yozishicha, Mustafoning qizi Nergiszoda Ferahshod xotun buvisining dard-hasratiga sherik boʻlgan va ular tinmay motam tutgan[9]. Mehmed Gulshohga oʻzi istagan xizmatidagi ayollari bilan birga Bursa shahrida qolishi kerakligi haqida xabar yuborgan. Shuningdek, Mehmed uning oʻsha yerda yaxshi hayot kechirishi uchun kerakli barcha narsalar bilan taʼminlagan. Mehmed oʻgʻli Mustafoning ayoli, qizi hamda boshqa xonimlar marhum oʻgʻlining saroyiga tegishli boʻlgan barcha kishilar bilan birga Istanbulga kelishlarini buyurgan. Barcha ayollar Mehmed haramidagi ayollar turgan saroyga joylashtirilgan. Bir necha kundan soʻng ayollar saroy aʼyonlariga turmushga berilgan[12]. Nergiszoda Ferahshod 1480-yilda amakivachchasi shahzoda Abdullohga, yaʼni shahzoda Boyazidning (boʻlajak sulton Boyazid II) toʻngʻich oʻgʻliga turmushga chiqqan[14].

Soʻnggi yillari va vafoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1479-yilda Gulshoh xotunga Dimetokadagi Sighirjalu qishlogʻi inʼom etilgan[15] va uning daromadlari mulk sifatida belgilangan. Ushbu daromadlardan Gulshoh xotun Bursadagi maqbarasini taʼmirlash va nazorat qilish uchun vaqf sifatida foydalana olgan[16]. Gulshoh xotun 1487-yilda vafot etgan va Bursada oʻzi uchun qurdirgan, Mustafoning qabri yonidagi maqbaraga dafn qilingan[12][6][8].

Gulshoh xotun va Mehmed II ning 1 oʻgʻli boʻlgan:

  • Shahzoda Mustafo (1450-yilda tugʻilgan – 1474-yil 25-dekabrda vafot etgan, ayol kishi bilan bogʻliq mojarolardan soʻng vafot etgani bahs-munozaralarga sabab boʻlgan) – Konya sanjakbeyi, kamida 1 oʻgʻil va 2 qizi boʻlgan.
  1. „Gulsah Hatun Tomb“. kulturenvanteri.
  2. Sakaoğlu 2008, p.173
  3. Peirce, Leslie (1993). The Imperial Harem: Women and Sovereignty in the Ottoman Empire. Oxford: Oxford University Press. ISBN 0-19-508677-5.
  4. Babinger 1992, s. 61.
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 Stavrides 2001, s. 351.
  6. 6,0 6,1 Uluçay 2011, s. 39.
  7. Peirce 1993, s. 47.
  8. 8,0 8,1 Sakaoğlu 2008, s. 129.
  9. 9,0 9,1 Babinger 1992, s. 330.
  10. 10,0 10,1 Babinger 1992, s. 331.
  11. Peirce 1993, s. 299.
  12. 12,0 12,1 12,2 Peirce 1993, s. 50.
  13. Stavrides 2001, s. 181.
  14. Al-Tikriti, Nabil Sirri. Şehzade Korkud (ca. 1468-1513) and the Articulation of Early 16th Century Ottoman Religious Identity – Volume 1 and 2, 2004 — 95, 312 n. 76-bet. 
  15. Archivum 1983, s. 191.
  16. Zachariadou 1996, s. 33.
  • Archivum Ottomanicum, Volume 8. Mouton, 1983. 
  • Babinger, Frants. Mehmed the Conqueror and His Time. Princeton University Press, 1992. ISBN 978-0-691-01078-6. 
  • Bey, Mehmet Suryayya. Osmanlı devletinde kim kimdi, Volume 1. Küğ Yayını, 1969. ISBN 978-9-004-12106-5. 
  • Grinhalkh, Maykl. Marble Past, Monumental Present: Building With Antiquities in the Mediaeval Mediterranean. BRILL, 2009. ISBN 978-9-004-17083-4. 
  • Pirce, Lesli P.. The Imperial Harem: Women and Sovereignty in the Ottoman Empire. Oxford University Press, 1993. ISBN 978-0-195-08677-5. 
  • Sakao‘g‘lu, Najdat. Bu mülkün kadın sultanları: Vâlide sultanlar, hâtunlar, hasekiler, kadınefendiler, sultanefendiler. O‘g‘lak Yayıncılık, 2008. ISBN 978-9-753-29623-6. 
  • Stavridas, Teoharis. The Sultan of Vezirs: The Life and Times of the Ottoman Grand Vezir Mahmud Pasha Angelović (1453-1474). BRILL, 2001. ISBN 978-9-004-12106-5. 
  • Ulujhay, M. Chag‘atoy. Padişahların kadınları ve kızları. Türk Tarih Kurumu, 2011. 
  • Zaxariadu, Elisavet A.. The Via Egnatia under Ottoman rule (1380-1699): Halcyon Days in Crete II : a symposium held in Rethymnon 9-11 January 1994. Krit universiteti nashriyoti, 1996.