Kontent qismiga oʻtish

Gulluk masjidi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Masjid
Gulluk masjidi
ozarbayjoncha: Güllük kənd məscidi
Masjid 2024-yilda
Mamlakat  Ozarbayjon
Joylashuvi Gulluk qishlogʻi, Qax tumani
Meʼmoriy uslub Islom arxitekturasi
Binokorlik sanasi 1727-yil
Balandligi 5.4 m (18 ft) (ichki qismi)
Qurilish materiallari ohak qorishmasi, daryo toshlari va gʻisht

Gulluk masjidi (ozarbayjoncha: Güllük kənd məscidi; arabcha: مسجد جلك‎), shuningdek, Gulluk jome masjidi nomi bilan ham tanilgan masjid va tarixiy meʼmoriy yodgorlik. Ozarbayjonning Qax tumanidagi Gulluk qishlogʻida joylashgan. 1727-yilda qurilgan bu masjid 2001-yil 2-avgustda Ozarbayjon Vazirlar Mahkamasining 132-sonli qarori bilan mahalliy ahamiyatga ega koʻchmas tarixiy va madaniy yodgorliklar roʻyxatiga kiritilgan.

Gulluk masjidi 1727-yilda Ozarbayjonning Qax tumani Gulluk qishlogʻida mahalliy aholi koʻmagida bunyod etilgan[1]. Masjid fasadidagi bitikda uning qurilish sanasi haqida maʼlumot berilgan boʻlib, u yerda masjid hijriy 1139-yilda (milodiy 1726/1727) al-Jiniqiy tomonidan qurilgani yozilgan[1].

Masjid bir necha bor zarar koʻrgan va qayta taʼmirlangan. XIX asrda masjid ilisulik usta quruvchi Muhammad Eldar oʻgʻli tomonidan taʼmirlangan. Hoji Zeynalabdin Tagʻiyev masjidning tom qoplamasi uchun material sotib olinishida moliyaviy yordam koʻrsatgan[1].

Masjid hovlisida bir nechta qabrlar va maqbara mavjud. Oxund Bobo maqbarasi qibla yoʻnalishida joylashgan[2][3]. Qabr toshi daryo toshlaridan yasalgan[3]. Mintaqada faoliyat yuritgan va 1704-yilda vafot etgan Abbos afandi ham shu yerga dafn etilgan[3][4].

Ozarbayjonda sovet istilosidan soʻng, 1928-yilda rasmiy ravishda dinga qarshi harakat boshlandi[5]. Oʻsha yilning dekabr oyida Ozarbayjon Kommunistik partiyasi Markaziy Qoʻmitasi koʻplab masjid, cherkov va sinagogalarni maʼrifiy maqsadlarda foydalanilishi uchun klublar ixtiyoriga topshirdi[6]. 1917-yilda Ozarbayjonda 3000 ta masjid mavjud boʻlgan boʻlsa, bu raqam 1927-yilda 1700 ta, 1928-yilda 1369 ta, 1933-yilga kelib esa atigi 17 tani tashkil qilgan[6][7]. Shu davrda Gulluk masjidi ham ibodat uchun yopilib, undan omborxona sifatida foydalanilgan[1].

Ozarbayjon mustaqillikka erishgach, 1992-yilda masjid yana dindorlar foydalanishi uchun qaytarib berildi[8]. 2001-yil 2-avgustda Ozarbayjon Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 132-sonli qarori bilan masjid mahalliy ahamiyatga ega koʻchmas tarixiy va madaniy yodgorliklar roʻyxatiga kiritildi[9].

Ozarbayjonning shimoli-gʻarbiy hududida yuz bergan bir necha zilzilalardan soʻng, 2020-yilda masjid binosi yaroqsiz holga kelgani haqida xabar berilgan[10].

Meʼmorchiligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Masjid qurilishida ohak qorishmasi, daryo toshlari va gʻishtlardan foydalanilgan[2]. Binoning uzunligi 21.3 m (70 ft), kengligi 18 m (59 ft), balandligi esa 5.4 m (18 ft). Masjidda 12 ta deraza, 1 ta eshik, mehrob va 8 ta gʻisht ustun mavjud. Masjidning minorasi yoʻq. Ayvonida 2 ta ustun boʻlib, ularning yonida ikki qavatli 4 ta xona joylashgan[1]. Masjidning pol va shift qismi yogʻochdan yasalgan[8]. Inshootning qurilish rejasi toʻgʻri toʻrtburchak shaklda. Mehrob sodda uslubda yaratilgan boʻlib, balandligi 4 m (13 ft). Shuningdek, masjidda uch pogʻonali yogʻoch minbar ham mavjud[8].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Məmmədli, Akif; Sultanov, Ələddin. Qax rayonu Güllük kəndinin tarixi abidələri (az). Bakı: Din Araşdırmaları jurnalı, 2021 — 202-bet. Qaraldi: 2024-yil 24-sentyabr. 
  2. 2,0 2,1 Məmmədli, Akif. Azərbaycanın Şimal-Qərb bölgəsinin tarixi abidələri (az). Bakı: Turxan NPB, 2013 — 161-bet. Qaraldi: 2024-yil 13-sentyabr. 
  3. 3,0 3,1 3,2 Nemət, Məşədixanım. Azərbaycanda pirlər (az). Bakı: Elm və təhsil nəşriyyatı, 2010 — 126-bet. 
  4. Məmmədli, Akif; Sultanov, Ələddin. Qax rayonu Güllük kəndinin tarixi abidələri (az). Bakı: Din Araşdırmaları jurnalı, 2021 — 203-bet. 
  5. Yunusov. Azərbaycanda İslam (az). Bakı: Zaman, 2004 — 140-bet. ISBN 9952-8052-2-5. Qaraldi: 2022-yil 14-dekabr. 
  6. 6,0 6,1 Yunusov. Azərbaycanda İslam (az). Bakı: Zaman, 2004 — 141-bet. ISBN 9952-8052-2-5. Qaraldi: 2022-yil 14-dekabr. 
  7. Ələsgərova, Nəsrin „Ислам в Азербайджане: история и современность | Heinrich Böll Stiftung | Tbilisi – South Caucasus Region“ (ru). ge.boell.org (2005-yil 15-yanvar). 2019-yil 13-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 4-sentyabr.
  8. 8,0 8,1 8,2 Azərbaycan Respublikası Məscidlərinin Ensiklopediyası (az). Bakı: Beynəlxalq Əlhuda, 2001 — 106-bet. ISBN 964-8121-59-1. 
  9. „Azərbaycan Respublikası Nazirlər Kabinetinin 2001-ci il 2 avqust Tarixli 132 nömrəli qərarı ilə təsdiq edilmişdir“ (az). mct.gov.az (2001-yil 2-avgust). 2021-yil 7-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 14-dekabr.
  10. Şahidov, Əhməd „"Güllük kənd məscidinin ciddi təmirə ehtiyacı var" – Əhməd Şahidov kənd məscidini ziyarət edib“ (tr). Ahmet Şahidov (2020-yil 25-yanvar). 2024-yil 24-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 24-sentyabr.

Vikiomborda Gulluk mosque mavzusiga oid fayllar bor