Gugush

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gugush (ozarbayjoncha: Ququş; inglizcha: Googoosh, forscha: گوگوش) ‎ Haqiqiy ismi – Foiqa Otashin (ozarbayjoncha: Faiqə Atəşin ; forscha: فائقهٔ آتشین) — eronlik qoʻshiqchi va aktrisa. 1950-yil 5-mayda Tehronda tugʻilgan. U 1970-yillarda Eronda eng mashhur qoʻshiqchi va aktrisalardan biri edi. Turkiya, Zakavkaziya, AQSh va Markaziy Osiyoda ham mashhur. SSSRda u „Uzun tun“ filmi tufayli mashhurlikka erishgan.

Hayoti va ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Foiqa Otashin 1950-yil 5-mayda Tehronning Sarcheshme koʻchasida Sovet Ittifoqidan kelgan ozarbayjonlik muhojirlar oilasida tugʻilgan[1][2].

Bolaligida u otasi bilan sahnada chiqishni boshladi, yetti yoshidan boshlab 13 yoshigacha bola aktyor sifatida filmlarda rol oʻynashni boshladi. Uning birinchi katta roli 1965-yilda „Iblis“ filmida boʻlgan. U 25 dan ortiq filmlarda rol oʻynagan, ulardan biri oʻsha paytdagi eng muvaffaqiyatli Eron filmi edi. Uning baʼzi filmlari SSSRda namoyish etilgan, ulardan biri – „Uzun tun“ mashhur filmga aylangan.

Foiqa Otashin sahna nomi sifatida, odatda, oʻgʻil bolalar uchun ishlatiladigan armancha „Gugush“ ismini tanladi[3]. Bu ism unga tugʻilganda berilgan, ammo erkakcha ism boʻlgani uchun roʻyxatdan oʻtishda muammolar yuzaga kelgan, shuning uchun u Foiqa ismi bilan roʻyxatdan oʻtgan.

Gugush fors tilidan tashqari, ozarbayjon, arab, arman, ingliz, italyan, ispan va fransuz tillarida qoʻshiqlar ijro etadi. Eronning oʻzida u zamonaviylik ramziga aylangan va juda mashhurdir.

1979-yilgi Eron inqilobi paytida Gugush Los-Anjelesda edi. Biroq vatanini sogʻinib, qaytishga qaror qilgan. Inqilobdan keyin nima uchun Eronda qolganiga javoban, u „vataniga boʻlgan muhabbatimdan“ degan[4]. Garchi inqilob koʻplab ramzlarni, ayniqsa, haddan tashqari gʻarblashuv tushunchalari bilan bogʻliq boʻlgan belgilarni oʻzgartirishga harakat qilgan boʻlsa ham, Gugush koʻp yillar davomida Eronda qoldi.[5] 1979-yildagi Erondagi Islom inqilobidan keyin unga Eronda sahnaga chiqish taqiqlangan. U prezident Muhammad Hotami kelguniga qadar konsert bermagan, u unga mamlakat tashqarisida gastrol qilishiga ruxsat bergan.

2000-yilda u Shimoliy Amerikaga, Los-Anjeles shahriga koʻchib oʻtdi va u yerda bugungi kungacha ijodiy faoliyatini davom ettirmoqda.

2002-yilda uning „Garibi-Oshina“ qoʻshigʻi BBC maʼlumotlariga koʻra Yaqin Sharqdagi eng mashhur qoʻshiq boʻldi.

Qoʻshma Shtatlarga koʻchib oʻtgandan soʻng, qoʻshiqchi gastrol safarini davom ettirdi va bir qancha mamlakatlarda chiqish qildi. Sobiq SSSR hududida qoʻshiqchi birinchi marta – 2017-yil 31-avgustda Yerevanda va 2017-yil 3-sentyabrda Tbilisida konsert berdi[6]. Gugushni bir necha bor Ozarbayjonga konsertga taklif qilishgan, biroq Bokuda u konsert bermagan[7][8][9].

Gugush Oʻzbekistonga kelmagan. Ammo uning qoʻshiqlari koʻplab oʻzbek xonandalari tomonidan ijro etilgan. Gugushning kuylash uslubi oʻzbek qoʻshiqchilariga taʼsir koʻrsatgan.

Oʻzbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova qisqa muddat davom etgan xonandalik faoliyatida oʻziga Googoosha taxallusini tanlagan edi.

Oilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gugush va Behruz Vosugʻi 1979-yilgacha nashr etilgan Eron jurnalining muqovasida

Gugush 3 marta turmushga chiqqan, uchinchisi Behruz Vosugʻi bilan birga bir nechta filmlarda suratga tushgan, lekin nikoh uzoq davom etmagan. Birinchi turmushidan Kambiz ismli oʻgʻli bor.

Googoosh „Chillak“ (1972) filmining afishasida

Adabiyotda[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Rasul Hamzatov xonanda haqida „Gugush“ sheʼrini yozgan (boshqa nomi „Ishonaman, ishonaman, sevaman, sevaman“).

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Googoosh in Media - Life After the Revolution Singer Googoosh“. Googoosh.tv. 2007-yil 25-dekabrda asl nusxadan arxivlangan.
  2. GJ Breyley, Sasan Fatemi „The queen of Pop: Googoosh“,. Iranian Music and Popular Entertainment: From Motrebi to Losanjelesi and Beyond // Iranian Studies (Vol. 31). Routledge, 2015 — 124—126 bet. ISBN 1317336801. 
  3. Abbas Milani. „Eminent Persians“, Vol. 1, Syracuse University Press, 2008, ISBN 0815609078, 9780815609070. P. 994 „She was born in Bahman 1951 (1330), and her name was Faege Atashin. Before long, she was called Googoosh, an Armenian name, usually used only for boys.
  4. Cohen, Tom „Googoosh Returns to Public Arena“. AP NEWS. 2019-yil 25-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 25-mart.
  5. Ferguson, Jason „Iranian pop queen Googoosh playing at the Bob Carr is a pretty big deal“ (en). Orlando Weekly. 2019-yil 25-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 25-mart.
  6. „Гугуш выступит с концертом в Ереване – ФОТО“. The First News. 2017-yil 9-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 24-sentyabr.
  7. „Почему иранская певица Гугуш отказывается приехать в Баку?“. Trend.Az (2008-yil 28-aprel). 2017-yil 3-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 21-iyul.
  8. „Певицу азербайджанского происхождения не пускает в Баку ее бойфренд - армянин“. Day.Az (2011-yil 12-yanvar). 2017-yil 3-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 21-iyul.
  9. „Ягуб Зуруфчу: «Гугуш не гордится тем, что она азербайджанка!» - ВИДЕО“. The First News (2012-yil 6-oktyabr). 2017-yil 3-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 21-iyul.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]