Kontent qismiga oʻtish

Gordana Vunjak-Novakovic

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Gordana Vunjak-Novakovic
Гордана Вуњак Новаковић
Tavalludi 1948
Belgrad, Serbiya
Fuqaroligi Serbiya
Institutlar Columbia universiteti
Belgrad universiteti
Novi Sad universiteti
Tufts universiteti

Gordana Vunjak-Novakoviç (Serbiya kirillchasi: Гордана Вуњак Новаковић) – biotibbiyot muhandisi va professor. Zamonaviy regenerativ tibbiyot va toʻqimalar muhandisligi sohasida yetakchi mutaxassislardan biri. Columbia universitetining professori maqomiga ega boʻlgan, Mikati jamgʻarmasi professori sifatida biotibbiyot muhandisligi va tibbiy fanlar yoʻnalishida faoliyat yuritadi. Shuningdek, Columbia universitetidagi ildiz hujayralari va toʻqimalar muhandisligi laboratoriyasiga rahbarlik qiladi. Ushbu universitetning Irving kompleks saraton markazi va Inson taraqqiyoti markazi fakultetlari tarkibida ham faoliyat olib boradi. Gordana Vunjak-Novakovićning ilmiy faoliyati faqat AQSh bilan cheklanib qolmagan. U Belgrad universitetining Texnologiya va metallurgiya fakultetida, shuningdek, Novi Sad universitetida faxriy professor unvonlariga ega. Bundan tashqari, Tufts universitetining Biotibbiyot muhandisligi fakultetida dotsent sifatida dars beradi.

Vunjak-Novakoviçning ilmiy faoliyati, asosan, regenerativ tibbiyot uchun inson toʻqimalarini muhandislik asosida yaratish, ildiz hujayralar tadqiqotlari va kasallik modellarini yaratish va ularni laboratoriya sharoitida oʻrganishga qaratilgan[1][2]. U oʻz jamoasi bilan birga 380 dan ortiq ilmiy maqola, 70 ta kitob boʻlimi va 3 ta toʻliq monografiya chop etgan[3]. Shuningdek, dunyoning turli mamlakatlarida oʻtkazilgan 380 dan ortiq ilmiy konferensiyalar, kongresslar yoki tadbirlarda maxsus mehmon yoki asosiy maʼruzachi sifatida taklif etilgan va oʻsha yerda oʻz ilmiy ishlari, tadqiqot natijalari yoki tajribalari haqida nutq soʻzlagan. 100 dan ortiq patent mualliflaridan biri hisoblanadi. Ushbu patentlar asosida toʻrtta biotexnologik kompaniyalar EpiBone, TARA Biosystems, Xylyx Bio va Immplacate Healthga asos solgan. Bundan tashqari, AQSh hukumati organlariga regenerativ tibbiyot va toʻqimalar muhandisligi boʻyicha tez-tez maslahatchilik qiladi.

Vunjak Serbiyaning Belgrad shahridagi Belgrad universitetida kimyo muhandisligi boʻyicha bakalavr, magistr va doktorlik darajasini olgan. Germaniyada ilmiy izlanish olib borganidan soʻng Belgrad universitetining Kimyo muhandisligi kafedrasiga oʻqituvchi sifatida qaytgan. 1986–1987-yillarda Fulbright stipendiyasi asosida AQShning Massachusets texnologiya nstituti (MIT) va Garvard universiteti hamkorligidagi Sogʻliqni saqlash fanlari va texnologiyalari boʻlimida faoliyat yuritgan. 1993–1998-yillarda MITning Whitaker Sogʻliqni saqlash fanlari va texnologiyasi kollejida ilmiy xodim, 1994–2004 yillarda Tufts universitetining Biotibbiy muhandislik kafedrasida dotsent boʻlib ishlagan. 1998-yilda MITda sogʻliqni saqlash fanlari va texnologiyasi boʻlimida yetakchi ilmiy xodim vazifasini bajargan va oʻsha yerda mashhur biotibbiyot muhandisi Robert S. Langer bilan hamkorlik qilgan. 2005-yilda Vunjak Columbia universitetining Biotibbiy muhandislik kafedrasiga toʻliq stavkada professor lavozimiga tayinlangan.

  1. Anne Eisenberg. „Replacement Bones, Grown to Order in the Lab“. The New York Times (2010-yil 28-mart), s. 5.
  2. „Columbia Engineers Patch A Heart“. Columbia Daily Spectator (2011-yil 6-may). Qaraldi: 2019-yil 5-sentyabr.
  3. „Women in Technology Hall of Fame“. WITI. Qaraldi: 2019-yil 5-sentyabr.