Gomosistein

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gomosistein HSCH 2 CH 2 CH (NH 2) CO 2 H formulasiga ega boʻlgan proteinogen boʻlmagan aminokislotadir . Aminokislota sisteinning gomologi, undan bitta metilen guruhi (-CH2-) bilan farqlanadi.

Biosintezi va biokimyoviy roli[tahrir | manbasini tahrirlash]

Organizmning metabolik zanjiridmetionin sikli

Gomosistein oziq-ovqat bilan qabul qilinmaydi. U koʻp boshqichli jarayonda metionindan terminal metil guruhini yoʻqotish orqali biosintezlanadi. U B guruh vitaminlari yordamida metioninga qayta konvertatsiya boʻlishi mumkin.

Organizmdagi darajasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qondagi gomosistein darajasi hayot davomida asta-sekin oshib boradi. Jinsiy yetilish davrigacha oʻgʻil va qiz bolalarda gomosistein miqdori taxminan bir xil(5 mkmol/l) boʻladi. Balogʻat yoshida gomosistein darajasi 6-7 mkmol / l gacha koʻtariladi; oʻgʻil bolalarda bu oʻsish qizlarga qaraganda ancha sezilarli boʻladi. Kattalarda gomosistein darajasi 10-11 mkmol / l atrofida oʻzgarib turadi; erkaklarda bu koʻrsatkich odatda ayollarga qaraganda yuqori boʻladi.

Homiladorlik paytida gomosisteinning normal darajasi pasayadi. Ushbu pasayish odatda homiladorlikning birinchi va ikkinchi trimestrlari chegarasida sodir boʻladi va keyin nisbatan barqaror boʻladi. Gomosisteinning normal darajasi tugʻruqdan keyin 2-4 kun oʻtgach tiklanadi.


Koʻplab sabablarga koʻra qonda gomosistein miqdori oshadi. Gipergomosisteinemiyaning asosiy sabablaridan biri organizmdagi vitaminodefitsit holatdir. Organizm ayniqsa folat kislotasi (B9), B1, B6 va B12 vitaminlari yetishmovchiligiga sezgir boʻladi[1].

Qonda gomosistein oshib ketishining yana bir omillaridan biri bu koʻp miqdorda kofe isteʼmol qilishdir. Bir kunda 6 stakandan koʻp kofe ichish qondagi gomosistein darajasini odatdagiga nisbatan 2-3 mkmol/l gacha oshirishi mumkin.

Koʻp oʻtirish bilan bogʻliq hayot tarzi koʻpincha gomosistein darajasini oshiradi. Qisqa muddatli jismoniy harakat gomosistein darajasini pasayishiga yordam beradi. Oz miqdorda alkogol ichish qondagi gomosistein dajasini pasaytirsa, aksincha koʻp ichish esa koʻpaytiradi.

Sogʻlikka taʼsiri[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gomosisteinni organizmda toʻplanishi, arteriyaning ichki devori yaʼni, endoteliyga „hujum“ boshlanishiga sabab boʻladi. Endoteliyning zararlanishi oqibatida tromblar va aterosklerotik boʻrtiqlar paydo boʻladi.  Qonda gomosistein miqdorining 5mkmol/l dan oshishi, qon tomirlarning aterosklerotik zararlanishini ayollarda 80%ga, erkaklarda esa 60%ga koʻpaytiradi[2][3]).

Gomosistein darajasi yuqori boʻlgan odamlarda Alsgeymer kasalligi va qarilik demensiyasi xavfi ortadi. Gipergomosisteinemiya va qandli diabet birga kelganda periferik qon tomir kasalliklari, nefropatiya, retinopatiya kabi qon tomir asoratlari tez-tez uchraydi.

Homiladorlik davrida gomosisteinning koʻtarilishi homiladagi platsentar qon aylanishining buzilishiga olib keladi, bu embrionning implantatsiya nuqsonlari natijasida tushishiga va bepushtlikka sababi boʻlishi mumkin. Homiladorlikning keyingi bosqichlarida gipergomosisteinemiya  homilaning surunkali fetoplatsentar yetishmovchiligi va surunkali homila ichi gipoksiyasi sababi hisoblanadi.


Anamnezida arterial yoki venoz tromboz, yurak-qon tomir kasalliklari boʻlgan barcha odamlarda gomosistein darajasini tekshirish tavsiya etiladi. Oldingi akusherlik asoratlari boʻlgan bemorlarda va 45-51 yoshgacha boʻlgan qarindoshlari insult, infarkt va tromboz bilan kasallangan ayollarda gomosistein darajasini tekshirish shart.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Gomotsistein / Interpretatsiya rezultatov laboratornix issledovaniy. Spravochnik. // Sayt uMed.in.ua“. 2016-yil 12-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 21-aprel.
  2. Lebedeva A. Yu., Mixaylova K. V. Gipergomotsisteinemiya: sovremenniy vzglyad na problemu (Wayback Machine saytida 2023-04-21 sanasida arxivlangan) // Rossiyskiy kardiologicheskiy jurnal. — 2006, № S. ISSN 1560-4071. — S. 149-157.
  3. Polushin A. Yu., Odinak M. M., Yanishevskiy S. N., Goloxvastov S. Yu., Tsigan N. V. Gipergomotsisteinemiya — prediktor tyajesti insulta na fone obshirnosti povrejdeniya mozgovogo veщestva (Wayback Machine saytida 2023-04-21 sanasida arxivlangan) / UDK 616.831-005.1-07 // Vestnik Rossiyskoy voenno-meditsinskoy akademii. — 2013, № 4 (44). ISSN 1682-7392. S. 89-94.