Goʻngxona

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Goʻngxona — chorvachilik binolaridan chiqarilgan goʻngni yigʻish, yuqumsizlantirish va saqlash uchun quriladigan inshoot; goʻng saqlanadigan maxsus joy. G. goʻng holati, saqlash muddati, yigʻib chiqarish usuli va iqlim sharoitlariga qarab turlicha boʻladi. Oddiy G. chuqurligi 1 m, tubining eni 3—3,5 m, ogʻzi 4—4,5 m qilib qazilgan oʻradan, goʻng shaltogʻi yigʻiladigan bitta yoki ikkita chuqurdan iborat. Transport kirib-chiqishi uchun bosh tomoni va oxiri nishab qilingan boʻladi. G. tubiga tosh yoki gʻisht teriladi, shaltoq toʻplanadigan chuqurlarning tubi va devori suv oʻtkazmaydigan qilinadi. Yer osti suvlari yuza yerlarda G. oʻrnini past devor bilan oʻrab, uni yer betiga qurish ham mumkin. G.ga goʻng ustma-ust solinaveradi. Zarur miqdorda fosforit uni qoʻshiladi, ustidan mashina, traktor yoki ot-arava yurgizib zichlanadi va uyum yer betidan 1 m koʻtarilganda ustiga 10— 15 sm qalinlikdan tuproq solinadi. Yozda vaqt-vaqti bilan suv sepib turiladi. Bunda goʻng yaxshi saqlanadi, yaxshi chirib, sifati oshadi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil